Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

14.02.2017 11:23 Chop etish versiyasi

Zaytunlar gullaganda

O‘zbek qizlari, ayollari haqida gap ketganda, albatta, ularga qo‘li gul, chevar, pazanda deya sifat beramiz. Bizning qahramonimiz esa biroz boshqachoroq: beg‘ubor, serg‘ayrat, har bir harakatidan hayotga, ona tabiatga bo‘lgan mehri, yashashga ishtiyoqi sezilib turadi. Hamsuhbat bo‘lar ekansiz, undagi shijoat, beixtiyor sizga ham ko‘chadi...

– Samarqandning olis tog‘ qishloqlaridan biri Jomda ziyoli oilada tug‘ilganman, – deydi qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor Dilorom Yormatova. – Qishloqda o‘qimishli kishining obro‘si baland. Otam Yormat Sa’dinov o‘qituvchi bo‘lgani uchunmi, uyimizda kitob muqaddas sanalgan. Maktabda o‘qigan chog‘larim nashr etilgan yangi adabiyotlarni avval otam, keyin men o‘qib chiqardik.

Bolalikdagi sevimli mashg‘ulotim gullar terish, giyohlar yig‘ish, tabiat qo‘ynida sayr qilish edi. Ona tabiatga bo‘lgan mehrim maktabni tamomlagach, Samarqand qishloq xo‘jalik institutiga yetakladi. Institutning agronomlik fakultetini imtiyozli diplom bilan tugatgach, ilmiy faoliyatimni ushbu dargoh bilan bog‘ladim.

"Soya" opa

Farzandlari yosh bo‘lishiga qaramay Dilorom opa 1975-yili doktorlik dissertatsiyasi ustida ish boshladi.

– Ustozlarim taklifi bilan mamlakatimizda 1933-1935-yillari ekilib, keyin bu o‘simlik O‘zbekiston iqlimiga nomunosib deb noto‘g‘ri xulosa chiqarilgan soya o‘simligi agrotexnikasini o‘rganishga kirishdim, – deydi Diloram opa. – O‘n besh yil davomida yurtimizning barcha viloyat va tumanlarini qadamma-qadam kezib, soya o‘simligi O‘zbekiston yerlarida ham o‘sishiga, yuqori hosil berishiga ishonch hosil qilgach, ilmiy asosda isbotlashga erishdim. Turli konferensiyalarda ilmiy chiqishlar qildim, soya o‘simligi bo‘yicha monografiyalar yozdim.

Ayrim mamlakatlarda kuzatilayotgan oziq-ovqat yetishmovchiligini bartaraf etishda ozuqaviyligi yuqori bo‘lgan soya o‘simligidan foydalanish maqsadga muvofiq. Dunyo aholisining 55 foizi, jumladan, xitoyliklarning aksariyati soya moyini iste’mol qiladi. Mutaxassislarning fikricha, soya o‘simligidan sut, qatiq, tvorog, pishloq, moy, go‘sht singari oqsilga boy oziq-ovqatlar o‘rnini bosuvchi to‘rt yuzdan ziyod turli mahsulot olish mumkin ekan. Bu o‘simlik yetishtirilishiga ko‘ra dunyo dehqonchiligida bug‘doy, sholi va makkajo‘xoridan keyin to‘rtinchi o‘rinda turadi.

Mamlakatimizda ham so‘nggi yillarda soya donidan inson organizmi uchun mutlaq zararsiz bo‘lgan o‘simlik moyi olinmoqda. Soya donining moyi ajratib olingach, faqat oqsili qoladi. U kolbasa sexlarida, bolalar ozuqalari hamda turli pechenye va shokoladli konfetlar tayyorlashda ishlatiladi. Soya uni qo‘shib tayyorlangan non mahsulotlari 4-5 kun davomida yumshoq bo‘lib turadi. Bug‘doy unidan pishirilgan nonlarga qaraganda to‘yimliligi ikki marta yuqori.

Soya doni tarkibida 45 foizgacha oqsil va 25 foizgacha o‘simlik moyi saqlanadi. Soya oqsilidan qon plazmalari, ko‘zoynaklar uchun sifatli linzalar olish hamda jun gazlamalar ishlab chiqarish mumkin.

Chorvachilikda ham soya mahsulotlari sifatli va to‘yimli yem-xashak ozuqasidir. Sulining 100 kilogramm donida 100, bug‘doyda 116, arpa donida 126, makkajo‘xorida 133 ozuqa birligi mavjud bo‘lsa, ana shuncha soya donida 134,8 ozuqa birligi bor.

Soya shrotida ham 14 xil aminokislota saqlanib qoladi. Ana shu moddalar 3 kunlik jo‘jalar uchun juda foydalidir. Natijada tovuqlardan olinadigan tuxum soni ortadi hamda ularning boqilish muddati 12-15 kunga qisqaradi.

Soya oqsilidan ipakchilikda ham ozuqa sifatida foydalaniladi. Yaponlar tajribasiga ko‘ra, bir yilning o‘zida besh martagacha ipak qurti boqish mumkin.

Bu o‘simlikning afzalliklaridan yana biri tuproq unumdorligini oshirishidir. Soya dukkakli o‘simlik bo‘lgani bois, havodan sof azotni o‘zlashtirib, ildizlari orqali tuproqni azot bilan boyitadi. O‘simlik o‘suv davrida o‘zi uchun ham, o‘zidan keyingi o‘simlik uchun ham ma’lum miqdorda azot qoldirishi natijasida tuproq strukturasi yaxshilanib, biologik unumdorligi oshadi. Ushbu xususiyatiga ko‘ra, soya bugungi kun dehqonchiligida eng muhim ekinlardan biri hisoblanadi.

Joriy yilda mamlakatimizda 100 ming gektardan ortiqroq maydonga soya o‘simligini ekish rejalashtirilgan.

Dilorom opa bir necha yildan buyon soya, maxsar, kungaboqar, zig‘ir, bug‘doy kabi o‘simliklarning agrotexnikasi bilan shug‘ullanib kelgani uchunmi, unga hamkasblari, yaqinlari ba’zan "soya opa" deb ham murojaat qiladi.

"Suyuq oltin"

Zaytun moyi tabobatda qadimdan ishlatilib kelinadi, tibbiyotda ham keng qo‘llaniladi. U kimyoviy tarkibi jihatidan ona suti tarkibidagi moyga yaqin turadigan yagona o‘simlik hisoblanar ekan. Italiya, Ispaniya kabi davlatlarda unga "suyuq oltin" nomi berilgan. Boisi, ushbu davlatlarda zaytun o‘simligi eng katta daromad manbai hisoblanadi.

Mamlakatimizda ham zaytun yetishtiriladimi, degan haqli savol tug‘ilishi shubhasiz. Dilorom Yormatovani ham aynan shu savol qiynar edi.

– Surxondaryo viloyatining keyingi 20-yillik tuproq va iqlim sharoitini o‘rganib chiqdim, – deydi Dilorom opa. – Dastlab Turkiyadan olib kelingan zaytun ko‘chatlarini Surxondaryo viloyatining subtropik hududi – Oltinsoy tumanidagi “Jovli” fermer xo‘jaligi yerlariga ekdik. Zaytun yetishtirish borasidagi ilmiy ishlarimiz viloyat va tuman hokimliklari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. 2002-yilda O‘zbekiston yerlarida ilk bor zaytun ko‘chatlari tomir otdi.

2004-yildan 2005-yilga o‘tar qish sovuq keldi. Dilorom opa farzandidek parvarishlayotgan nihollarini sovuq urishidan xavotirlandi. Shukrki, zaytun ko‘chatlari qishdan omon-eson chiqdi. 2004-yili Toshkent viloyatining Qibray tumanida, 2005-yil Zangiota tumaniga ham zaytun ko‘chatlari ekildi. Nihoyat, Oltinsoy tumanidagi zaytun daraxtlari 2006-yil gullab, hosil berdi va mevalari pishib yetildi.

– Zaytunlaringiz gulladi! Telefon orqali aytilgan bu gap men uchun haqiqiy xushxabar bo‘ldi, – deydi Dilorom Yormatova. – Axir ularning gullashini necha yillardan buyon kutayotgan edim. Dam-badam ulardan xabar olish, kunu tun o‘ylash... Ochig‘i farzandi ulg‘ayishini kutayotgan onadek edim. Zaytun daraxti kamida ming yil yashaydi. Agar mamlakatimizda zaytun daraxtini o‘stirib, ulardan hosil olishni yo‘lga qo‘ysak, juda katta yutuqqa erishamiz. Aholini sifatli, shifobaxsh zaytun moyi bilan ta’minlabgina qolmay, uni eksport ham qilish mumkin.

"Qorako‘z" va "Izumrud"

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2016-yil 30-dekabr kuni mamlakatimizning yetakchi ilm-fan namoyandalari bilan uchrashuvda fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini yanada takomillashtirish muhim ahamiyatga egaligini ta’kidladi.

Bu mashaqqatli sohada fidokorona mehnat qilayotgan olima ayol mehnati ham tahsinga loyiq. Uning Surxondaryo viloyatida olib borgan tajribalari ijobiy samara bergach, ko‘plab fermer xo‘jaliklarida zaytun ko‘chatlari ekila boshlandi. Turli mamlakatlardan, xususan, Ispaniyadan 14, Ozarbayjondan 2, Qrim va Amerikadan 4 xildan zaytun navlari olib kelindi. O‘zbekiston tuproq iqlim sharoitiga moslashtirilgan "Qorako‘z" va "Izumrud" zaytun navlari yaratildi. 2015-yili ular davlat reyestriga istiqbolli nav sifatida kiritildi.

Tajribalarga ko‘ra, bir tup zaytun daraxtidan dastlab 5-7 kilogramm, keyinchalik 30 kilogramm va undan ko‘proq hosil olindi. Demak, tomorqaga 6 tup zaytun daraxti ekilsa, yiliga 180 kilogramm meva, undan 30 kilogramm sof zaytun moyi olish mumkin. O‘simlikning yer tanlamasligi, unumdorligi past, qumloq, o‘rtacha sho‘rlangan maydonlarda ham o‘saverishi, vegetatsiyasining 5-6-yillaridan boshlab kam suv ichishini inobatga olsak, mamlakatimizda ham ushbu o‘simlikni parvarishlash istiqbolli ekani ma’lum bo‘ladi.

Dilorom Yormatovaning aytishicha, Markaziy Osiyoda birinchilardan bo‘lib bir necha yillik adaptatsiya natijasida 17 gradus sovuqqa chidamli 4 xil navga ega bo‘ldik. 2016-yildan boshlab zaytunning sovuqqa chidamli navlarini yaratish borasida Genomika va bioinformatika markazi olimlari bilan hamkorlikda ish olib borilmoqda. Olima zaytun daraxtining agrotexnikasini o‘rganish va takomillashtirish borasida ham izlanishlarni boshlab yuborgan.

Bugungi kunda Curxondaryo, Andijon va Farg‘ona viloyatlaridagi fermer xo‘jaliklari va xonadonlarda zaytunlar o‘stirilmoqda. Zaytunzorlarni yanada kengaytirish, ushbu o‘simlikning yangi navlarini yaratish, bizning iqlimga moslashtirish va hosildorligiga erishish aholini toza zaytun moyi bilan ta’minlash imkoniyatini kengaytiradi, bunday mahsulotlarni chetdan olib kelish zaruratini yo‘qotadi.

Ulug‘ donishmandlar dunyoning samari bo‘lgan inson o‘z umrini ezgu ishlarga bag‘ishlamog‘i, shodu xurramlik bilan o‘tkazmog‘i va har jihatdan kamolot sari intilmog‘i zarurligini ta’kidlagan. Hayotini ilm-fanga bag‘ishlagan Dilorom Yormatovaga har qancha havas qilsak arziydi.

Mohigul Qosimova, O‘zA
1 046






Все о погоде - Pogoda.uz