Neft va gazni qayta ishlash istiqbollari muhokama qilindi
Poytaxtimizda “O‘zbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi va "O'zlitineftgaz" aksiyadorlik jamiyati hamkorligida "Neft va gazni qayta ishlash, muqobil yoqilg‘i" mavzusida ilmiy-texnik konferensiya tashkil etildi.
Poytaxtimizda “O‘zbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi va "O'zlitineftgaz" aksiyadorlik jamiyati hamkorligida "Neft va gazni qayta ishlash, muqobil yoqilg‘i" mavzusida ilmiy-texnik konferensiya tashkil etildi.Tadbirda mamlakatimiz neft qazib olish va qayta ishlash korxonalari xodimlari, olimlar, mutaxassislar, vazirlik va idoralar vakillari ishtirok etdi.
“O‘zbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari U.Sayidov, "O'zlitineftgaz" aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi D.Haqberdiyev va boshqalar Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida istiqlolning dastlabki kunlaridan yoqilg‘i-energetika kompleksini isloh etish va modernizatsiya qilish asosida energetika mustaqilligiga erishish muhim strategik vazifalardan biri sifatida belgilanganini ta’kidladi. Ushbu muhim vazifani hal etish uchun neft-gaz kompleksini modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilash, neft va gaz qazib olish, qayta ishlash hajmini oshirish, yuqori qo‘shimcha qiymatga ega import o‘rnini bosadigan, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan loyihalarga xorijiy investorlarni jalb etish bo‘yicha maqsadli chora-tadbirlar ishlab chiqilib izchil amalga oshirilmoqda.
Konferensiyada O‘zbekistonda gazni qayta ishlash va gaz-kimyo sohasining bugungi holati hamda istiqbolda rivojlantirish, uglevodorod xomashyosini chuqur qayta ishlash asosida raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarish va boshqa dolzarb masalalar yuzasidan ma’ruzalar tinglandi. Biogaz, bioetanol va elektr energiyasi olish bo‘yicha yangi texnologiyalar namoyish etildi. Neftni qayta ishlash asosida import o‘rnini bosadigan turli materiallar ishlab chiqarish va neft-gaz sohasiga zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish imkoniyatlari tadbir ishtirokchilari e’tiboriga havola etildi.
– Bugungi kunda dunyoda polietilen va polipropilen ishlab chiqarish hajmi barcha polimer mahsulotlarning yarmini tashkil etadi, – deydi Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti huzuridagi Polimerlar kimyosi va fizikasi ilmiy-tadqiqot markazining yetakchi ilmiy xodimi, professor V.Kudishkin. – Ayni paytda O‘zbekiston hududida yuqori, past va o‘rtacha qalinlikdagi polietilen ishlab chiqaradigan bir qancha gaz-kimyo komplekslari faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar mamlakatimiz korxonalarining ushbu xomashyoga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlash, sifatli va arzon tovarlar ishlab chiqarish imkonini bermoqda. Bu neft va gazni qayta ishlashni yanada takomillashtirish va shu asosda milliy sanoatimiz uchun yuqori sifatli hamda texnologik xomashyo olish imkoniyatini yaratmoqda.
Ilmiy-texnik konferensiyada soha mutaxassislari o‘zaro tajriba va fikr almashdi.