Yurtimizning tog‘li hududlarida 30 ming gektar yong‘oqzor barpo etiladi
Mamlakatimizning tog‘li hududlari iqlim sharoiti yong‘oq, bodom, pista kabi daraxt ko‘chatlarining o‘sishi va yuqori hosil berishi uchun nisbatan qulay joylar hisoblanadi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan yaqindan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida viloyatlarga tashrifi chog‘ida xonadonlarda bo‘lib, limon, yong‘oq, anor, bodring va boshqa serdaromad daraxt va ekinlar ekish zarurligini alohida ta’kidlamoqda. Ana shunday e’tibor samarasida yurtimizning tog‘li hududlarida 30 ming gektar yong‘oqzor barpo etish bo‘yicha ishlar boshlab yuborildi.Lalmi yerlardan foydalanishni rag‘batlantirish va samaradorligini yanada oshirish, ichki va tashqi bozorlarda raqobatbardosh bo‘lgan yong‘oq ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirishda Prezidentimizning joriy yil 1-iyundagi «Yong‘oq ishlab chiqaruvchilar va eksport qiluvchilar uyushmasini tuzish va uning faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida»gi qarori dasturilamal bo‘layotir.
– Ilmiy jamoamiz tog‘li hududlarda ko‘p uchraydigan yong‘oq, bodom va boshqa mevali daraxt navlarini ko‘paytirish va yaratish ustida izlanishlar olib bormoqda, – deydi Bo‘stonliq tog‘ ilmiy-tajriba stansiyasi direktori Karimjon Abdullayev. – Kasalliklarga chidamli, mahalliy iqlim sharoitiga mos, serhosil, dorivor daraxt navlarini yaratish va istiqbolli agrotexnika qoidalarini ishlab chiqish doimiy e’tiborda. Keyingi bir necha yilda tog‘li mintaqalarga xos mevali daraxtlarning o‘ttizdan ortiq yangi navi yaratildi. Kelgusi yil uchun hozirlik ko‘rish niyatida yong‘oq urug‘ini ko‘paytirishni boshladik.
Mamlakatimizning tog‘li hududlari iqlim sharoiti yong‘oq, bodom, pista kabi daraxt ko‘chatlarining o‘sishi va yuqori hosil berishi uchun nisbatan qulay joylar hisoblanadi. Jumladan, Samarqand, Navoiy, Qashqadaryo, Surxondaryo, Toshkent kabi viloyatlar va Farg‘ona vodiysida bu kabi daraxtlardan mo‘l hosil olish mumkin.
Bo‘stonliq tog‘ ilmiy-tajriba stansiyasida yong‘oqning tanlab ajratilgan 15 navi, payvand yo‘li bilan yetishtirilgan 100 xildagi istiqbolli formalari parvarishlanmoqda. Joriy yilning bahorida besh ming tup «O‘zbekiston tezpishari», «Ideal» kabi yong‘oq ko‘chatlari joylarga yetkazib berildi. Kuzda ekish uchun mahalliy navlardan yana 4 ming tup ko‘chat tayyorlab qo‘yildi.
Yong‘oq yaprog‘i shirasi iliq holda quloqqa tomizilsa, yiringlashning oldini oladi. Qobig‘ining quyultirilgan shirasi tomoq og‘rig‘ini bosib, yo‘talga malham bo‘ladi. Qovurilgani kindik ustiga qo‘yilsa, ichak og‘riqlarini bosib, ich ketishini to‘xtatadi. Yong‘oq mag‘zi, ayniqsa, juda foydali. Uning tarkibidagi temir, fosfor, mis moddalari, moy va oqsil taom hazmini yaxshilaydi, quvvatni oshirib, asab tizimi faoliyatini me’yorlashtiradi.
Har jihatdan foydali bu mahsulotga nafaqat ichki bozorda, balki xorijda ham talab yuqori. Shu bois viloyatlarda yong‘oq plantatsiyalarini barpo etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Masalan, Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanidagi “Hisor” fermerlar uyushmasi hududida 5 ming gektar yong‘oqzor yaratilmoqda. “Yamin-yashin” fermer xo‘jaligida 20 gektar maydonda yong‘oq ko‘chati ekilib, parvarishlanmoqda. Tuman faollari har bir xonadonda 10 tup yong‘oq ko‘chati ekish tashabbusini ilgari surishi natijasida o‘rmon xo‘jaligi va aholi istiqomat qilayotgan uylarda yong‘oq ko‘chatlari yetishtirilmoqda. Ayni paytga qadar yong‘oqzorlar 300 gektardan oshdi.
– Mamlakatimizda yildan-yilga meva-sabzavot, yong‘oq, bodom va dukkakli ekinlar yetishtirish ko‘payib, uning eksporti uchun qulay imkoniyatlar yaratilmoqda, – deydi Andijon viloyati qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Abdumutal Sulaymonov. – Viloyatimizda intensiv bog‘lar, xususan, yong‘oqzorlar barpo etish doimiy e’tiborda. Joriy yilda yong‘oqzorlarni ko‘paytirish maqsadida 50 gektarda yangi plantatsiyalar tashkil etdik. Kuz va bahorda bu ishlar davom ettiriladi. Keyingi yilning bahorida yong‘oqzorlarimiz 500 gektardan ortishi mo‘ljallanmoqda.
Xalqimizda «Bir tup yong‘oq eksang, hosilidan yetti avloding bahramand bo‘ladi», degan gap bor. Bu bejiz emas. Yong‘oq daraxti 300-400-yil yashab, hosil bergani bois undan bir necha avlod bahramand bo‘ladi. Ushbu sa’y-harakatlar zamirida, avvalo, serquyosh zaminimiz saxovati, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli iqtisodiy o‘zgarishlar mujassam. Oradan yillar o‘tib, bog‘bonlarimiz yaratgan bu bog‘larda ko‘chatlar ko‘kka bo‘y cho‘zadi, shig‘il hosilga kiradi. Ana shunda el ma’murchiligi, bozorlar to‘kinligi yanada oshib, mamlakatimizning eksport salohiyati bundan-da ortishi shubhasiz.