Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

09.02.2017 17:42 Chop etish versiyasi

Yuqori hosildorlik omili

Yuqori hosildorlik omili Navoiyda “Yangi turdagi mineral o‘g‘itlar – yuqori hosildorlik, xavfsizlik va iqtisodiy barqarorlik omili” mavzusida respublika seminari bo‘lib o‘tdi.

“Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyati tashabbusi bilan tashkil etilgan va “O‘zkimyosanoat”, “O‘zagrokimyohimoya” aksiyadorlik jamiyatlari vakillari, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi ilmiy xodimlari, fermerlar ishtirok etgan tadbirda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida qishloq xo‘jaligida ishlab chiqarish samaradorligini yanada oshirish, ishlab chiqaruvchilar va ilmiy-tadqiqot muassasalari o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.

Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligini tubdan isloh qilish jarayonida fermerlik harakatini rivojlantirish, yerdan unumli foydalanish samaradorligini yuksaltirish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning 2016-yil 12-apreldagi “Meva-sabzavot, kartoshka va poliz mahsulotlarini xarid qilish va ulardan foydalanish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir.

– Seminar doirasida zavodda ishlab chiqarilgan yangi turdagi mahsulotlar ko‘rgazmasi tashkil etilgani fermerlarga qo‘shimcha qulaylik yaratdi, – deydi “Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyati xodimi Sulaymon Do‘stmurodov. – Xususan, bentoselitra, kalsiy-ammiakli, kalsiy-magniyli selitra mahsulotlari ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Bu mineral o‘g‘itlar o‘ziga xos xususiyati bilan ajralib turadi. Masalan, namlikni o‘zida uzoq saqlab turadigan bentoselitra cho‘l hududidagi sug‘oriladigan yerlar uchun juda qulay. Bentoselitra issiqlikka chidamli va yong‘inga xavfsiz ammiakli o‘g‘itdir. Selitra granulalariga bentonit moddasi bilan ishlov berilganda uning namlikni saqlash xususiyati, mustahkamligi yanada ortadi. Bentonit o‘g‘itdagi faol moddalarning o‘simliklar tomonidan o‘zlashtirilishini yengillashtiradi. Bentoselitra qishloq xo‘jaligi ekinlarining hosildorligini o‘rtacha 10 foizga oshiradi, mahsulotlar tarkibidagi ozuqaviy moddalar miqdorini ko‘paytiradi. Selitra tarkibidagi bentonit moddasi tuproqdan o‘simlik uchun zaharli bo‘lgan elementlarni so‘rib oladi. Bentoselitrani qo‘llash tuproqning namlik bilan ta’minlanishini yaxshilaydi, biologik faolligini kuchaytiradi, tarkibidagi mikroorganizmlar miqdorini oshiradi. Azotli o‘g‘itlarning portlash xavfi pasaytirilgani o‘z-o‘zidan mahsulot tannarxi yanada arzonlashishiga xizmat qiladi.

Tadbirda sanoat korxonalari mutaxassislari, olimlarning kimyosanoatda mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarish istiqbollari, o‘simliklarni turli zararkunanda va hasharotlar, xavfli kasalliklardan himoya qilishda kimyoviy aralashmalar tayyorlashning yangi bosqichlari xususida ma’ruzalar tinglandi.

– Fermer xo‘jaligimiz tasarrufida 81 gektar ekin maydoni mavjud, – deydi Karmana tumanidagi “Sevoltepa ravnaqi” fermer xo‘jaligi raisi Abdurazzoq Rizayev. – Yerga ishlov berishda tabiiy o‘g‘itlar bilan birga, mineral o‘g‘itlardan ham keng foydalanamiz. Asosan azotli kimyoviy o‘g‘itlar yonuvchanligi va portlovchanlik xususiyati yuqoriligi sabab, ichki ishlar idoralari tomonidan qat’iy nazorat etilib, belgilangan miqdorda fermerlarga yetkazib berilar edi. Bu mahsulot narxining ortishi, texnika xarajatlari ortiqcha sarflanishiga olib kelardi. Mana bu yangi turdagi mahsulot biz, fermerlarga muhim yangilik bo‘ldi.

Seminarda ilmiy tadqiqotchilar va kimyo sanoati korxonalari o‘rtasida innovatsion loyihalar bo‘yicha o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Nuriddin Rahimov, Siroj Aslonov (surat), O‘zA
3 838






Все о погоде - Pogoda.uz