O‘zA O`zbek

27.07.2020 Chop etish versiyasi

Yoshlar yetakchisi ishga qayta tiklandi

Yoshlar yetakchisi ishga qayta tiklandi

Buxoro viloyati Qorakoʻl tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro Toʻlqin Rahimov tuman adliya boʻlimiga murojaat qilib muqaddam Qorakoʻl tuman 17- umumtaʼlim maktabida yoshlar yetakchisi lavozimida ishlaganligini bildirgan. Biroq 2020-yil 6-mart kuni viloyat ishchi guruhi tomonidan hududiy tanlov komissiyasining ogohlantirish xati asosida u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi noqonuniy tarzda bekor qilinganligini maʼlum qilgan.

Murojaat adliya xodimlari tomonidan joyida oʻrganib chiqildi.

– Aniqlanishicha, murojaat muallifi bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilish haqidagi buyruqga asos koʻrsatilgan ogohlantirishda xodim bilan mehnat shartnomasi qaysi huquqiy hujjatga asosan bekor qilinishi koʻrsatilmagan, – deydi Qorakoʻl tuman adliya boʻlimi yetakchi maslahatchisi Vohid Hazratqulov. – Xodimga nisbatan hech qanday intizomiy jazo choralari qoʻllanilmagan. Xodim bilan mehnat shartnomasi bekor qilingan boʻlsada, kasaba uyushmasining roziligi olinmagan. Ish beruvchi tomonidan xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinishi haqida ogohlantirish berilmagan. Xodimdan tushuntirish xati olinmagan hamda mehnat shartnomasini bekor qilish buyrugʻi bilan xodim tanishtirilmagan.

Yuqoridagilardan kelib chiqib tuman adliya boʻlimi tomonidan murojaat muallifi manfaatini koʻzlab, tuman 17-umumtaʼlim maktabi direktorining 2020-yil 6-martdagi 30-sonli buyrugʻini gʻayriqonuniy deb topib, fuqaro T.Raximovni oʻz lavozimiga tiklash va yetkazilgan zararni qoplash hamda progul vaqti uchun haq toʻlash yuzasidan FIB Qorakoʻl tumanlararo sudiga daʼvo ariza kiritildi.

Sudning hal qiluv qaroriga asosan daʼvo qanoatlantirildi. Tuman 17-umumtaʼlim maktabi direktorining 2020-yil 6-martdagi 30-sonli buyrugʻi bekor qilindi. Murojaat muallifi yoshlar yetakchisi lavozimiga tiklanib, majburiy progul kunlari uchun jami 5 million 267 ming 286 soʻm undirilishi belgilandi.

14 482
Zarif Komilov, OʻzA