Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

08.08.2017 18:10 Chop etish versiyasi

Yoshlar tadbirkorligi muhim masala

Mamlakatimizda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularga o‘z biznesini yo‘lga qo‘yishi uchun keng imkoniyat va qulayliklar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Prezidentimizning 2017-yil 5-iyuldagi “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi farmoni bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz, Mirishkor va Qarshi tumanlarida yosh fermer va tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotlarda bu alohida ta’kidlandi.

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbirda tashkilotning mas’ul xodimlari, tijorat banklari, tuman hokimliklari, sohaga aloqador boshqa tashkilotlar vakillari, bir guruh yosh fermer va tadbirkorlar, jurnalistlar ishtirok etdi.

Ochiq muloqotda yosh tadbikor va fermerlar erishayotgan yutuqlar e’tirof etilish bilan birga, ularni qiynayotgan muammolar ham muhokama qilindi.

– 2014-yilda Kasbi iqtisodiyot kasb-hunar kollejini bitirib, fermerlik faoliyatimni boshlaganman, – deydi Kasbi tumanidagi “Madinabonu Po‘latova” fermer xo‘jaligi rahbari 21 yoshli Dilnoza Rahmonova. – Xo‘jaligimiz tasarrufidagi 45 gektar yerning 15 gektarida g‘alla, 25 gektarida g‘o‘za va 5 gektarida meva-sabzavot yetishtiramiz. Joriy yilda g‘alla topshirish rejasini ortig‘i bilan bajardik. “Porloq” navli g‘o‘zaga ayni paytda uchinchi suv berilmoqda. Sabzavot ekinlari uchun mo‘ljallangan 4 gektar yerga mosh, loviya va sabzi ekilgan. Bir gektarlik bog‘imizda olma, nok, olxo‘ri, bodom kabi mevalar birin-ketin pishmoqda. Ushbu meva-sabzavotlardan joriy yilda 80-100 million so‘m atrofida daromad olishni mo‘ljallayapmiz. Ammo belgilangan agrotexnik tadbirlarni samarali tashkil etish uchun jiddiy muammolarga duch kelmoqdamiz. Masalan, yerimiz elektr nasosi yordamida sug‘oriladi. Nasos juda eskirgani bois tez-tez buziladi. Shuningdek, yerni vaqtida ag‘darish uchun haydov traktoriga ehtiyojimiz bor. Bugungi ochiq muloqotda shu takliflarimni mas’ullarga aytdim va ular muammolarni ijobiy hal etishga va’da berishdi. Bundan juda xursand bo‘ldim.

Muloqotda fermer xo‘jaligini ko‘p tarmoqli qilish uchun kredit olish muammolari, chopiqqa chiqqan mavsumiy ishchilarning maoshlari, ekinni sug‘orish uchun oqar suv yetkazib berish muammosini bartaraf etish yo‘llari va boshqa masalalar xususida atroflicha so‘z yuritildi.

– Tuyaqush parvarish qilishga mo‘ljallangan fermer xo‘jaligini tashkil etish bo‘yicha biznes g‘oyamni ishlab chiqdim, – deydi shahrisabzlik yosh tadbirkor Rajab Ismoilov. – Uni amalga oshirish uchun 30 million so‘m bank krediti va shahar hududidan 5 gektar yer zarur. Ammo bu masalada tuman hokimligi va bankka qilgan murojaatim javobsiz qolmoqda. Fermer xo‘jaligi tashkil etilsa, birinchi navbatda, shaharda sayyohlar tomosha qiladigan yana bir maskan paydo bo‘ladi. Ochiq muloqotda bu istagimni mas’ullarga tushuntirib berdim. Mutasaddilar biznes g‘oyamni o‘rganib chiqib, masalani ijobiy hal qilishga va’da berdi.

Muloqotlarda ko‘plab muammolar joyida hal etilgan bo‘lsa, ayrim murojaat va takliflar o‘rganilib, ekspertlar guruhi tomonidan hukumatga taqdim etish uchun umumlashtirildi. Tadbirlar doirasida viloyatning diqqatga sazovor joylariga, ishlab chiqarish korxonalariga sayohat uyushtirildi.

Bu kabi ochiq muloqotlar viloyatning boshqa tumanlarida ham ko‘tarinki ruhda tashkil etildi.

O‘lmas Barotov, O‘zA
2 134






Все о погоде - Pogoda.uz