O‘zA O`zbek

24.01.2019 Chop etish versiyasi

Yosh tadbirkorlar safi kengaymoqda

Yosh tadbirkorlar safi kengaymoqda

Prezidentimizning 2018 yil 27 iyundagi “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi toʻgʻrisida”gi farmoni yoshlar istiqbolini taʼminlash yoʻlida amaliy ahamiyat kasb etgan muhim hujjatlardan biri boʻldi.

Mazkur hujjatda yoshlar tadbirkorligini rivojlantirishning davr talabiga monand mexanizmlari va dolzarb vazifalari belgilab berildi.

Namangan viloyatida ham Davlat dasturi ijrosi doirasida viloyat hokimi qarori bilan tasdiqlangan bir qator chora-tadbirlar belgilandi. Jumladan, yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish boʻyicha viloyat komissiyasi, hududiy shtab hamda ishchi guruhlar tarkibi tasdiqlandi. Shahar va tumanlarda hokimlik, prokuratura, ichki ishlar, soliq, iqtisodiyot, moliya, mehnat, qurilish boshqarmalari, Yoshlar ittifoqi va oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish hududiy kengashlari, Savdo-sanoat palatasi, tijorat banklari rahbarlaridan iborat tarkibda 805 ta ishchi guruh tashkil etilib, ularga 5 ming 590 nafar aʼzo biriktirildi va mahallalar boʻyicha taqsimlandi.

Bugungi kunda viloyatdagi 769 ta mahallada 2 million 737 mingdan ziyod aholi istiqomat qilmoqda. Shundan 841 ming nafardan koʻprogʻi yoki 30,7 foizi 14-30 yoshlilardir.

Dastur ijrosini muvofiqlashtirish boʻyicha hududiy shtabdan olingan maʼlumotlarga koʻra, avvalo, yoshlar muammolarini oʻrganish va shu asosda aniq reja belgilab olish maqsadida ishchi guruhlar tomonidan oʻtgan yil iyul oyida mahallalarda uyma-uy yurib xatlov oʻtkazildi. Jarayonga 492 mingga yaqin xonadon qamrab olinib, yoshlar bilan bevosita suhbatlashildi, tegishli tartibda soʻrovnoma maʼlumotlari shakllantirildi.

Oʻrganishlarda aniqlanishicha, ayni paytda roʻyxatga olingan yoshlarning 45 ming 284 nafari (5,8 foizi) ishsiz, 3 ming 229 nafari (4,2 foizi) mehnatga layoqatsiz boʻlsa, 87 ming 531 nafari (11,4 foizi) norasmiy ish bilan band. Yoshlar bilan oʻtkazilgan yuzma-yuz suhbatlarda ularning 23 mingdan koʻprogʻi qiziqish va qobiliyatiga munosib ish joyi boʻlsa, ishlash, 22 ming nafari taʼlim olish, 10 ming nafarga yaqini harbiy xizmatga borish, yana shunchasi tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyish uchun kredit, yer va bino olish istagini bildirgan.

Bundan tashqari, xatlov davomida maʼlum boʻldiki, 1000 nafardan ziyod yoshlar doimiy yashash joyida roʻyxatda turmasdan istiqomat qilayapti. 3 mingga yaqini uy-joyga muhtoj va 400 nafardan koʻproq yoshlar oila qurish, aniqrogʻi, toʻy marosimini oʻtkazish imkoniyatiga ega emas. Achinarlisi, 19 ming 481 nafar yosh uzoq muddatga ishlash uchun chetga chiqib ketgan.

Shtabdan taqdim etilgan maʼlumotnomaga koʻra, uyma-uy yurib oʻrganishlarda, shuningdek, boshqa sohalarga oid jami 2096 ta muammo aniqlangan va ulardan 1678 tasi (80 foizi) joyida hal etilgan.

Xoʻsh, oʻrganishlarda aniqlangan muammolarni bartaraf etish boʻyicha qanday choralar koʻrilmoqda? Ularning qaysilari joyida hal etildi?

Ishchi guruhlar tomonidan 1 ming 545 nafar yosh tadbirkor sifatida davlat roʻyxatidan oʻtkazildi, 179 nafar nogironligi boʻlgan fuqaroga nogironlik aravachasi va protez-ortopediya anjomlari tarqatildi, 981 nafar yosh oilaning farzandlari maktabgacha taʼlim muassasasiga, 8 ming 396 nafar yosh ishga joylashtirildi. Tadbirkorlikni yoʻlga qoʻymoqchi boʻlgan 452 nafar yoshga biznes-reja tuzishda amaliy yordam koʻrsatildi.

Dastur doirasida bugungacha viloyatning Namangan shahri va Norin, Pop, Namangan, Chortoq, Uchqoʻrgʻon tumanlarida 7 ta “Yoshlar mehnat guzari” hamda Mingbuloq tumanida namunaviy tarzda 1 ta yosh tadbirkorlar “Kovorking” markazi qurib, foydalanishga topshirildi.

Muloqotlar chogʻida ishchi guruhlarga 9 ming 300 nafardan ziyod yoshlar tadbirkorlik faoliyatini boshlash yoki rivojlantirish uchun kredit olish masalasida yordam soʻragan va kreditga boʻlgan ehtiyoj 163 milliard soʻmdan koʻproqni tashkil qilgan edi. Viloyat komissiyasi tomonidan 300 nafarga yaqin yosh tadbirkorga 62 milliard soʻm imtiyozli kredit ajratish boʻyicha manzilli roʻyxat tasdiqlangan. Bugungacha ulardan 170 nafarining biznes loyihasi 42 milliard soʻmdan ortiq kredit mablagʻi bilan moliyalashtirilgan.

Jumladan, Namangan shahridan 18, Kosonsoy tumanidan 7, Mingbuloqdan 7, Namangan tumanidan 18, Norindan 11, Popdan 17, Toʻraqoʻrgʻondan 13, Uychidan 19, Uchqoʻrgʻondan 21, Chortoqdan 8, Chustdan 13, Yangiqoʻrgʻon tumanidan 11 nafar yosh tadbirkorga murojaatlari asosida kredit mablagʻlari ajratilishiga erishilgan.

Dastur doirasida koʻrilgan chora-tadbirlar samarasida bir qator yosh tadbirkorlar turli yoʻnalishlarda oʻz faoliyatini boshlagan. Buni Namangan tumanida M.Karimov “Himoya toʻrlari” xususiy korxonasini tashkil qilib, sunʼiy chim qoplama ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻygani (12 ta ish oʻrni yaratgan), kosonsoylik M.Abdullaxonov “Kosonsoy avtoservis” MCHJda sochiq ishlab chiqara boshlagani (20 kishining bandligini taʼminlagan), Namangan shahridan R.Abdullayev ichki kiyimlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Timur sport” MCHJ faoliyatini yoʻlga qoʻyib 35 ta ish oʻrni yaratgani kabi misollarda koʻrish mumkin.

Dastur doirasida joriy yilda 574 nafar yosh tadbirkor tomonidan amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan 164 milliard 318 million soʻmlik loyihalarning manzilli roʻyxati shakllantirilgan. Loyihalar roʻyob chiqarilsa, 7 mingdan ziyod yangi ish oʻrni yaratiladi.

Yosh tadbirkorlar tashabbusini ragʻbatlantirish borasida ham chora-tadbirlar koʻrilmoqda. Jumladan, 2019 yil 15-19 aprel kunlari Xitoy Xalq Respublikasining Guanjou shahrida boʻlib oʻtadigan eksport va import mollari xalqaro koʻrgazmasi – isteʼmol tovarlari va ishlab chiqarish uskunalari “125 – Canton fair”da 20 nafar yosh tadbirkorning ishtirok etishi uchun sarflanadigan mablagʻning 50 foizini mahalliy byudjetdan qoplash, yosh tadbirkorlar tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar hamda koʻrsatilayotgan xizmatlar savdosini yanada koʻpaytirish maqsadida ular uchun doimiy savdo uylari, mini-ishlab chiqarish texnika va texnologiyalarining doimiy savdo markazi (Oʻzbekiston – Xitoy savdo uyining filiali) faoliyatini yoʻlga qoʻyish rejalashtirilgan.

Albatta, dastur ijrosini taʼminlashda erishilgan yutuqlar bilan birga, belgilangan rejaning hali oxirigacha bajarilmagan bandlari ham bor. Jumladan, dasturga muvofiq, tashabbuskor tadbirkorlar tomonidan Namangan shahrida, Mingbuloq, Kosonsoy, Norin, Pop va Chust tumanlarida 3 tadan, Toʻraqoʻrgʻon, Namangan, Uychi, Yangiqoʻrgʻon va Chortoq tumanlarida 2 tadan, Uchqoʻrgʻon tumanida 1 ta “Yoshlar mehnat guzari” majmualarini qurish rejalashtirilgan. Shunga koʻra, Namangan shahrida 2 ta, Norin, Pop, Namangan, Chortoq, Uychi tumanlarida 1 tadan “Yoshlar mehnat guzari” majmualari foydalanishga topshirilganiga qaramay, Kosonsoy, Mingbuloq, Toʻraqoʻrgʻon, Uchqoʻrgʻon, Chust, Yangiqoʻrgʻon tumanlarida bu boradagi rejalar bajarilmay qoldi.

Shuningdek, yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish boʻyicha tuman va shahar komissiyalarining yoshlarga tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish uchun boʻsh turgan bino yoki yer ajratish boʻyicha tavsiyalari hanuz ijrosini topmagan. Kredit rasmiylashtirish uchun talab etilgan hujjatlar toʻplamini toʻliq taqdim etgan boʻlishiga qaramay, 11 nafar yosh tadbirkorning biznes loyihasiga Milliy bank, Hamkorbank, Xalq banki muassasalari tomonidan kredit mablagʻi hali ajratilmagan.

Obrazli qilib aytganda, bogʻ nihollardan barpo boʻladi. Kelajakda u beradigan samara nihollarning bugungi parvarishiga bogʻliq. Shu maʼnoda, mamlakatimizda yoshlar tarbiyasiga qaratilayotgan alohida eʼtibor umumiy bogʻimiz – ona Vatanimiz kelajagiga daxldorligi bilan ahamiyatli. Zero, davlatimiz rahbarining BMT minbaridan turib yoshlar huquqi toʻgʻrisida konvensiya qabul qilish taklifi bilan murojaat qilgani butun dunyo hamjamiyatini hushyor torttirgani bejiz emas.

10.jpg

12.jpg


7 198
Akromjon Sattorov, Hotam Mamadaliyev (surat), OʻzA