Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

08.08.2017 15:52 Chop etish versiyasi

Yosh tadbirkor va fermerlarning yechimini kutayotgan muammolari muhokama qilindi

Buxoroda yosh tadbirkor va fermerlarning muammo va takliflarini o‘rganishga bag‘ishlangan ochiq muloqot o‘tkazildi.

Viloyat hokimligi va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Olot, Jondor, Kogon, Qorako‘l, Qorovulbozor tumanlari, Buxoro, Kogon shaharlaridan yosh tadbirkorlar, sohaga qiziqish bildirgan yigit-qizlar ishtirok etdi.

Mamlakatimiz iqtisodiyotida tobora muhim o‘rin tutayotgan kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor yuksak samaralar bermoqda. Buxoro viloyatida ham yosh tadbirkorlarning biznes loyihalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash doimiy e’tiborda. Markaziy bank viloyat bosh boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning o‘tgan davrida 2 ming 863 yosh tadbirkorga 23,7 milliard so‘m kredit mablag‘i ajratilgan. Natijada yuzlab yangi ish o‘rinlari yaratilgan.

Tadbirda yosh tadbirkor va fermerlarning sanoat, qishloq xo‘jaligi, xizmat ko‘rsatish sohalaridagi faoliyatini yanada rivojlantirish borasida yechimini kutayotgan muammolar muhokama qilindi.

– Men “Oqqosh Bo‘ron zamini” ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi rahbariman, – deydi yosh fermer Nozigul Jo‘rayeva. – Davlatga paxta va g‘alla sotish rejasini muntazam bajarib kelamiz. Ayni paytda chorvachilik tarmog‘ini ham tashkil etganmiz. Ammo uni rivojlantirish uchun ozuqa bazasi mustahkam bo‘lishi kerak. Shu maqsadda unumdorligi past, yaxshi hosil bermayotgan yerdan ozuqabop ekinlar uchun 10 gektar ajratilishini so‘rab, vakolatli tashkilotlarga murojaat qildik, natija bo‘lmadi. Agar bu masala hal etilsa, chorvachilik yanada rivojlangan, bir necha ish o‘rni yaratilgan bo‘lardi. Qolaversa, yerga beda ekilsa, tuproq strukturasi o‘zgarib, unumdorligi oshadi.

– Aloqa xizmati yo‘nalishidagi “Paynet” shoxobchamiz xizmatidan mijozlar mamnun, – deydi Qorako‘l tumanidan yosh tadbirkor Umid Ro‘ziyev. – Talab va ehtiyojni hisobga olib, faoliyatni kengaytirishni rejalashtirganmiz. Buning uchun 20 million so‘m miqdorida kredit kerak. Lekin tijorat banki xodimlari hozircha resurs masalasida muammo borligini aytishdi. Agar kredit tezroq ajratilsa, bu sarmoya hisobiga komputer va tegishli boshqa texnik jihozlar xarid qilardik. Bu yana besh nafar yoshni ishga qabul qilish imkoniyatini yaratadi.

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi mas’ul xodimlari B.Mirzatov, A.Hidoyatov, bank, soliq va kadastr tashkilotlari, Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasi hamda boshqa mutasaddi idoralar rahbarlari yoshlarga savol va murojaatlari yuzasidan tushuntirishlar berdi. Aksariyat murojaat va muammolar shu yerning o‘zida hal etildi.

“Buxoro brilliant silk” qo‘shma korxonasi, “DEU tekstayl” xorijiy korxonasi Buxoro filialiga uyushtirilgan sayohat tadbir ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi.

Yosh tadbirkor va fermerlar ishtirokidagi bunday muloqot G‘ijduvon tumanida ham o‘tkazildi.

Erkin Yodgorov, O‘zA
1 771






Все о погоде - Pogoda.uz