Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

09.08.2017 20:04 Chop etish versiyasi

Yosh tadbirkor va fermerlar tajriba almashdi

Samarqandda viloyatda faoliyat yuritayotgan yosh fermer va tadbirkorlar bilan ochiq muloqotlar bo‘lib o‘tdi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 5-iyuldagi “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi”gi farmoni ijrosi doirasida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, Samarqand viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etilgan tadbir yosh fermer va tadbirkorlarning taklif va tashabbuslarini o‘rganish, ular duch kelayotgan muammolarga yechim topish kabi maqsadlarga qaratildi.

Samarqand tumanidagi “A’zam Azamat Agro” ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligida tashkil etilgan yosh fermerlar uchun ochiq muloqotda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi vakillari, viloyatdagi tijorat banklari, davlat soliq boshqarmasi, savdo-sanoat palatasi, fermerlar kengashi, “Yagona darcha” markazi va boshqa tashkilotlar mas’ul xodimlari ishtirok etdi.

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi bo‘lim boshlig‘i B.Mamadaliyev, Samarqand tumani hokimi B.Qodirov va boshqalar yoshlarning tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, bu borada ularga har tomonlama ko‘maklashish borasida davlatimiz tomonidan keng imkoniyat va imtiyozlar berilganini ta’kidladi. Bu imkoniyatlardan samarali foydalangan yigit-qizlar tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yib, yurtimiz iqtisodiy taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shmoqda.

Viloyatning barcha tumanlaridan kelgan yosh fermerlar o‘z faoliyati davomida yuzaga kelayotgan muammo va kamchiliklar haqida gapirib, mutasaddilardan javob oldi. Shuningdek, “A’zam Azamat Agro” ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi hamda “Agromir” korxonasi faoliyati bilan tanishdi, o‘zaro tajriba almashdi.

Ochiq muloqotning ikkinchi kuni Urgut tumanida tashkil etildi va yosh tadbirkorlar uchun “Urgut” erkin iqtisodiy zonasiga biznes-sayohat uyushtirildi. Sayohat davomida yosh tadbirkorlar erkin iqtisodiy zonada yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi.

Shundan so‘ng o‘tkazilgan ochiq muloqotda ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan mutasaddi idoralar rahbarlariga murojaat qildi, taklif va tashabbuslarini bildirdi.

– Ochiq muloqot barchamiz uchun foydali bo‘ldi, – deydi Nurobod tumanida faoliyat ko‘rsatayotgan yakka tartibdagi tadbirkor Zilola Xudoyorova. – Avvalo, Urgut tumanidagi ishlab chiqarish korxonalari faoliyati bilan tanishib, ko‘p narsa o‘rgandik, hamkorlik qilish bo‘yicha kelishuvlarga erishdik. Mas’ul idoralar rahbarlari bilan uchrashuvda esa tikuvchilik faoliyatimizni kengaytirish uchun Nurobod tumani markazidan joy ajratilishini so‘rab murojaat qildim. Masala shu yerning o‘zi hal etildi.

Ochiq muloqotlar natijasida yosh tadbirkor va fermerlar faoliyatida duch kelayotgan muammolarni bartaraf etishga ko‘maklashish, ularni hal etish yuzasidan amaliy choralar ko‘rish hamda har bir hudud salohiyatidan kelib chiqib yoshlar tadbirkorligini rivojlantirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqildi.

G‘olib Hasanov, O‘zA
805






Все о погоде - Pogoda.uz