Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

14.08.2017 19:37 Chop etish versiyasi

Yosh pedagoglar ishli bo‘lmoqda

Surxondaryo viloyati tuman va shaharlarida o‘tkazilayotgan mehnat yarmarkalarida 2 ming 500 dan ortiq bo‘sh ish o‘rinlari taklif etildi.

Surxondaryo viloyati xalq ta’limi boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan yarmarkalarda pedagoglar va joriy yilda oliy ta’lim muassasalarini bitirgan yosh mutaxassislar ishtirok etmoqda.

Termiz shahrida tashkil etilgan shunday yarmarkada 140 kishi o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ishga qabul qilindi.

– Ta’lim muassasamizda 6 bo‘sh ish o‘rni mavjud edi, – deydi Termiz shahridagi 11-umumta’lim maktabi direktori vazifasini bajaruvchi Nasiba Nabiyeva. – Ushbu tadbir matematika, rus tili, jismoniy tarbiya, ingliz tili va mehnat ta’limi fanlari bo‘yicha vakant o‘rinlarimizni to‘ldirish imkonini berdi.

Bo‘sh ish o‘rinlariga ishga qabul qilingan o‘qituvchilarning ko‘pchiligi joriy yilda oliy ta’lim muassasalarini bitirgan yoshlardir.

– O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining ingliz filologiyasi yo‘nalishini shu yil tamomladim, – deydi Termiz shahridagi Do‘stlik mahallasida yashovchi Xadicha Jo‘rayeva. – Bugun o‘z mutaxassisligim bo‘yicha 10-umumta’lim maktabiga ishga joylashdim. Yangi o‘quv yilidan navqiron avlodga ingliz tilidan saboq beraman. Bundan juda xursandman.

Xalq ta’limi boshqarmasidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, viloyatda 658 umumta’lim maktabi faoliyat yuritmoqda. Yangi o‘quv yili arafasidagi tahlillar jarayonida umumta’lim maktablarida ingliz tili, boshlang‘ich ta’lim, rus tili va adabiyoti, kimyo, informatika, ona tili va adabiyot fanlari bo‘yicha pedagog-mutaxassislarga ehtiyoj borligi ma’lum bo‘ldi. Joylarda o‘tkazilayotgan bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkalari mazkur muammolarni bartaraf etishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA
2 071






Все о погоде - Pogoda.uz