O‘zA O`zbek

18.03.2020 Chop etish versiyasi

Yosh oilalar uzoq muddatli imtiyozli kredit berishning shartlari oʻzgaradi

Yosh oilalar uzoq muddatli imtiyozli kredit berishning shartlari oʻzgaradi

Vazirlar Mahkamasining “Mamlakat ijtimoiy hayotida faol ishtirok etayotgan yosh oilalarni uy-joy bilan taʼminlashni yana-da takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarori loyihasi eʼlon qilindi.

Unga koʻra, mamlakat ijtimoiy hayotida faol ishtirok etib, alohida namuna koʻrsatayotgan yosh oilalarga uzoq muddatli imtiyozli ipoteka kreditlari berishning quyidagi shartlari belgilanadi:

shaharlarda koʻp kvartirali arzon uy-joylar qurish va rekonstruksiya qilish uchun – 2 (2020-yil 1-yanvardan boshlab – 1) yillik imtiyozli davr va dastlabki 5 yil mobaynida yillik 7 foiz miqdoridagi foiz stavkasi bilan (2020-yil 1-yanvardan boshlab birinchi 5 yil davomida har yili foiz stavkasini qatʼiy belgilangan 7 foizdan Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasi darajasigacha bosqichma-bosqich oshib boradigan stavkada) va keyingi davrda Markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasi miqdorida 20 yil muddatga beriladi, bunda dastlabki badal kvartira qiymatining 25 (2020-yil 1-yanvardan boshlab quriladigan uy-joylar uchun 10) foizini tashkil etadi;

qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar boʻyicha arzon uy-joylar qurish va rekonstruksiya qilish uchun – 2 (2020-yil 1-yanvardan boshlab – 1) yillik imtiyozli davr va dastlabki 5 yil mobaynida yillik 7 foiz miqdoridagi foiz stavkasi bilan (2020-yil 1-yanvardan boshlab birinchi 5 yil davomida har yili foiz stavkasini qatʼiy belgilangan 7 foizdan Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasi darajasigacha bosqichma-bosqich oshib boradigan stavkada) va keyingi davrda Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasi miqdorida 20 yil muddatga beriladi, bunda dastlabki badal uy-joy smeta qiymatining 25 (2020-yil 1-yanvardan boshlab quriladigan uy-joylar uchun 10) foizini tashkil etadi.

Yosh oilalarning kvartira sotib olish toʻgʻrisidagi murojaatlarini koʻrib chiqish ushbu Nizomga muvofiq sxemaga binoan amalga oshiriladi.

Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi har yili davlat dasturlarida mamlakatning ijtimoiy hayotida faol qatnashayotgan yosh oilalar uchun belgilanadigan uy-joylar sonidan kelib chiqqan holda yosh oilani uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj sifatida hisobga qoʻyadi.

Yosh oilalar uchun qurilayotgan 1402 ta uy-joy qiymati dastlabki badalining 65 foizigacha boʻlgan qismi Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi mablagʻlari hisobiga begʻaraz ajratiladi.

5 892
Inobat AHATOVA, OʻzA