O‘zA O`zbek

01.08.2019 01:58 Chop etish versiyasi

Yoqilgʻi-energetika resurslariga narx va tariflarning oʻzgarishi

Yoqilgʻi-energetika resurslariga narx va tariflarning oʻzgarishi


Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-iyuldagi 633-sonli qaroriga muvofiq, energiya tariflarini respublikaning yoqilgʻi-energetika sanoatining zarar koʻrmasligini taʼminlaydigan darajada belgilash va sohaga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish maqsadida 2019-yil 15-avgustdan soliqlarni hisobga olgan holda energiya resurslari uchun yangi narx va tariflar belgilanadi:

1. Elektr energiya 1 kVt/ soatga:

aholi uchun – 295 soʻm (18% ga oshish);

yuridik shaxslar uchun – 450 soʻm (36% ga oshish);

2. 1 m3 tabiiy gaz:
aholi uchun – 380 soʻm (19%ga oshish);
AGNKS – 1000 soʻm (25% oshish);
roʻyxat boʻyicha energiyaga talab katta korxonalar uchun – 1000 soʻm (oʻzgarishsiz);
boshqa isteʼmolchilar uchun – 660 soʻm (10% ga oshish);

3. Kundalik hayotda foydalanish uchun 1 kg suyultirilgan gaz– 1120 soʻm(18% oshish);

4. Avtomobil benzini:
1 litr Ai-80 – 4500 soʻm (13% oshish);
1 litr Ai-91 – birja savdosi orqali sotish (ixtiyoriy narx);

5. 1 litr dizel yonilgʻisi – 5400 soʻm (13% oshish);
1 litr EKO dizel yonilgʻisi – 5700 soʻm (16% oshish);

Bundan avval elektr energiyasi, tabiiy va suyultirilgan gaz, avtomobil benzini, dizel yonilgʻisi uchun narx va tariflar 2018-yil 16-noyabrda belgilangan edi.

Bundan tashqari, 2019-yil 15-avgustdan koʻmir narxini hamda issiqlik va suv taʼminoti, kanalizatsiya va davlat yoʻlovchi tashish transportlarida (yoʻnalishli va masofaviy taksidan tashqari) yoʻlovchi tashish uchun tariflarni oshirish koʻzda tutilgan.

Taʼkidlash joizki, tariflarni oshirish ichki bozordagi narxlarni jahondagiga yaqinlashtirish emas, balki korxonalarning zarariga ishlamasdan, davlat yordamisiz, mustaqil ravishda, mamlakatning iqtisodiy xavfsizligi uchun strategik ahamiyatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini oshirishiga erishish chorasidir.

Hozirgi kundagi narxlar bilan ushbu sohalarga xususiy investorlarni jalb qilib boʻlmaydi. Bu tariflarni zarar koʻrmaslik nuqtasigacha oshirish zarurligini yana bir bor isbotlaydi, buni amalga oshirish ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilishga sarmoya kiritishga imkon beradi.

Shunga qaramasdan, buning oqibatlarini yumshatish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 12-iyuldagi “Ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish toʻgʻrisida“gi farmoniga muvofiq joriy yilning 1-avgustidan boshlab eng kam ish haqi 10 foizga oshirildi.

Energiya resurslari uchun tariflarning oshishi hisobiga uy xoʻjaliklarining oʻrtacha oylik xarajatlari qanchaga koʻpayishi borasida misollar keltirish mumkin.

300 kVt/soat miqdorda elektr energiyasidan foydalanilganda – 13 500 soʻmga;

250 m3miqdorda tabiiy gazdan foydalanilganda – 15 000 soʻmga;

oyiga 60 litr benzindan foydalanilganda – 30 000 soʻmga koʻpayadi.

Umumiy xarajatlar oyiga 58 500 soʻmga oshadi, bunda birinchi zaruriy mahsulotlar uchun xarajatlar 28 500 soʻmga oshadi.

Energiya isteʼmolining asosiy meʼyori aholining kam taʼminlangan qatlamlari uchun energiya xarajatlarini kamaytirishni taʼminlaydigan tariflarni tartibga solish usullaridan biri ekanligini aytib oʻtish lozim. Negaki energiya resurslaridan oz miqdorda foydalanganlar mahsulot birligiga resurslardan koʻproq foydalanganlarga qaraganda kamroq pul toʻlaydilar.

Oʻzbekiston Respublikasida energiya isteʼmolining bazaviy stavkasi 2019-yil 1-yanvardan Toshkent shahrining Yunusobod tumanida joriy qilingan edi. Oylik elektr energiyasi istyemoli 1 abonent uchun 300 kVt/soatni, isitish mavsumida individual isitish tizimiga ega uylarda tabiiy gaz isteʼmoli 1000 m3, boshqa hollarda 250 m3 ni tashkil etadi.

Ushbu meʼyorni joriy qilishdan maqsad, energiyani tejash va energiya samaradorligi masalalari borasida aholi mentalitetini oʻzgartirish hamda isteʼmolchilarni energiya manbalaridan tejamli va oqilona foydalanishga undash orqali elektr energiyasi isteʼmolini kamaytirishdir.

2019-yilning birinchi yarmida respublika boʻyicha elektr energiyasini isteʼmol qilish tahlili aholining 83,5 foizi oyiga 300 kVt/ soatdan kam energiya isteʼmol qilishini, bunda oʻrtacha hisobda bitta abonentga 95 kVt/soat toʻgʻri kelishini koʻrsatdi. Aholining qolgan 16,5% oyiga oʻrtacha 1034 kVt / soat isteʼmol qiladi.

Bundan tashqari, 2018-yilda xususiy uylarda oʻrtacha oylik tabiiy gaz isteʼmoli 1 abonentga (xususiy uylarda 346 m3 va koʻp qavatli uylarda 44 m3) 250 m3 ni tashkil etganini taʼkidlash kerak.

Yuqoridagi farmonda tegishli vazirlik va idoralarga 1 abonentga oyiga 250 kVt/soat elektr energiyasini isteʼmol qilish uchun koʻpaytiruvchi (1,5 dan koʻp boʻlmagan) koeffitsentni belgilashni koʻzda tutgan holda, isteʼmol qilinadigan bazaviy energiya mexanizmi va hajmi toʻgʻrisida ularni keyinchalik mamlakat miqyosida joriy etish uchun taklif kiritish topshirigʻi yuklatilgan.

Ayni paytda respublikada energiya uchun narxlar va tariflar ularni ishlab chiqarish va isteʼmolchiga yetkazishga sarflanadigan xarajatlarni qoplamayapti.

MDH mamlakatlarida tabiiy gazning 1m3 uchun tariflar quyidagicha:

Oʻzbekiston Respublikasida aholi uchun 3,7 AQSH senti, Rossiya Federatsiyasida 9,1 sent, Qozogʻistonda 8,5 sent, Qirgʻizistonda 20,7 sent, Tojikistonda 24,9 sent;

Oʻzbekiston Respublikasida yuridik shaxslar uchun 7,0 sent, Rossiya Federatsiyasida 12,3 sent, Qozogʻistonda 9 sent, Qirgʻizistonda 25,4 sent, Tojikistonda 28.4 AQSH sent;

1 kVt / soat elektr energiyasining tariflari quyidagicha:

Oʻzbekiston Respublikasida aholi uchun 2,9 sent, Rossiya Federatsiyasida oʻrtacha 5,8 sent, Qozogʻistonda isteʼmol hajmiga qarab 4,6-7,6 AQSH sent, Qirgʻizistonda isteʼmol hajmiga qarab – 1,1-3,2 sent, Tojikistonda 1,8 sent;

yuridik shaxslar uchun Oʻzbekiston Respublikasida – 3,9 sent, Rossiya Federatsiyasida – 8,0 sent, Qozogʻistonda – 5,1 sent, Qirgʻizistonda – 3,3 sent, Tojikistonda – 4,4 sent;

1 litr benzin narxi Oʻzbekiston Respublikasida:
Ai-80 – 47 sent, Ai-91 – 53 sent, Rossiya Federatsiyasida: Ai-91 – 64 sent, Qozogʻistonda: Ai-80 – 25 sent, Ai-91 – 44 sent, Qirgʻizistonda: Ai-80 – 59 sent, Ai-91 – 63 sent, Tojikistonda Ai-91 – 98 sentni tashkil etadi.

Biroq, energiya narxlari taqqoslanishi har doim ham aniq javob bermaydi. Masalan, Tojikiston va Qirgʻizistonda elektr energiyasining narxi deyarli doim Oʻzbekistondagiga qaraganda pastroq boʻladi. Sababi u davlatlarda elektr energiyasi gidroenergetika resurslaridan foydalanishga asoslangan (qariyb 90%), Oʻzbekistonda esa elektr energiyasi asosan koʻmir yoki gazdan foydalaniladigan issiqlik elektr stansiyalarida ishlab chiqariladi.

Neft va gaz bilan ham deyarli shunday holat. Masalan, Qozogʻiston va Turkmanistonda ushbu turdagi xomashyoning yer yuziga yoki dengiz sathiga yaqinda joylashgan ulkan konlari mavjud va ularni qazib olish Oʻzbekistonga qaraganda nisbatan osonroq. Shu bilan birga, oʻzbek gazi oltingugurtning yuqori miqdori bilan ajralib turadi va qoʻshimcha tozalashni talab qiladi, bu esa uning tannarxiga taʼsir qiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi

Moliya vazirligi matbuot xizmati


OʻzA
2 764