O‘zA O`zbek

26.12.2018 Chop etish versiyasi

“Yilning eng yaxshi ish beruvchi korxonasi” nominatsiyasida gʻolib boʻldim”

“Yilning eng yaxshi ish beruvchi korxonasi” nominatsiyasida gʻolib boʻldim” Fargʻona shahridagi “Jasmin” tantanalar majmuasida “FERGHANA BUSINESS AWARDS – 2018” tadbiri boʻlib oʻtdi.

Fargʻona viloyatida tadbirkorlar va investorlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida ilk bor oʻtkazilayotgan ushbu tadbirda “Yilning eng faol investori”, “Yilning xorijiy investitsiya ishtirokidagi eng yaxshi korxonasi”, “Yilning eng yaxshi eksportyor korxonasi”, “Yilning eng namunali soliq toʻlovchisi”, “Yilning eng yaxshi ish beruvchi korxonasi” kabi 16 nominatsiya boʻyicha gʻoliblar taqdirlandi.

Bugungi kunda tadbirkorlik hayotimizda tobora hal qiluvchi kuchga aylanib bormoqda. Yurt ravnaqi va aholini ish bilan taʼminlashning eng asosiy va qulay yoʻli ham aslida tadbirkorlik, innovatsion gʻoyalardir.

Viloyatda hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga tadbirkorlik subyektlarini keng jalb etish, tadbirkorlik tashabbuslari va loyihalarining oʻz vaqtida amalga oshirilishini taʼminlash, shuningdek, boʻsh turgan obyektlar, yer uchastkalari va boshqa infratuzilmalardan samarali va oqilona foydalanishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Investitsiya loyihalarini amalga oshirish, chet ellik investorlarni jalb etish borasida salmoqli ishlar qilinmoqda.

Bugungi kunda viloyatda hududlarni kompleks rivojlantirish boʻyicha dasturlar doirasida umumiy qiymati 2 trillion 700 milliard soʻmdan ortiq boʻlgan 461 ta loyiha amalga oshirilib, ularda 7 mingdan ziyod yangi ish oʻrinlari yaratildi. Loyihalarni amalga oshirishda tijorat banklari tomonidan 1 trillion 104 milliard soʻm kredit mablagʻlari ajratildi, xorijiy investitsiyalar hisobidan 64,2 million dollar miqdorida mablagʻlar oʻzlashtirildi. Shu bilan birga, loyiha tashabbuskorlarining 1 trillion 103 milliard soʻm mablagʻlari mazkur loyihalarga yoʻnaltirildi.

Qoʻqon shahrida “Adan Textile” masʼuliyati cheklangan jamiyatida bolalar va sport sumkalari ishlab chiqarish, Uchkoʻprik tumanidagi “Qaqir sanoat invest” masʼuliyati cheklangan jamiyatida trikotaj mato ishlab chiqarish va boʻyash, “Zunnur servis farm” masʼuliyati cheklangan jamiyatida turli xil dori-darmon vositalari ishlab chiqarish, Dangʻara tumanidagi “Dangara mega cattle” masʼuliyati cheklangan jamiyatida elektrotexnika tovarlari ishlab chiqarish kabi import oʻrnini bosuvchi eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish loyihalari amalga oshirildi.

6.JPG

Qoʻqon shahrida “Admiral group“ masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan qiymati 6,4 milliard soʻm boʻlgan yiliga 35 ming tonna un mahsulotlari ishlab chiqarish imkoniyatiga ega loyihaning ishga tushirilishi natijasida 50 ta yangi ish oʻrni yaratildi. Viloyatda 2018 yil davomida 70 xorijiy sarmoya ishtirokidagi korxona roʻyxatdan oʻtib, faoliyat olib bormoqda.

Yangi yil bayrami arafasida tashkil etilgan mazkur tadbirda har bir nominatsiya boʻyicha gʻoliblar aniqlanib, munosib taqdirlandi.

– “Yilning eng yaxshi ish beruvchi korxonasi” nominatsiyasida gʻolib boʻldim, – deydi Margʻilon shahridagi “Narimteks” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari Nargiza Aminova. – Ayollar uchun paltolar ishlab chiqarayotgan korxonamizda bugungi kunda 100 ga yaqin xotin-qiz mehnat qilmoqda. Kelgusida yangi tarmoqlarni ishga tushirib, koʻplab ish oʻrinlari tashkil etish niyatidamiz.

Tadbirda Fargʻona viloyati hokimi Sh.Gʻaniyev soʻzga chiqdi.



4 724
M.Sulaymonov, M.Qodirov (surat), OʻzA