O‘zA O`zbek

26.09.2018 Chop etish versiyasi

Yigʻim-terim uyushqoqlik bilan oʻtadi

Yigʻim-terim uyushqoqlik bilan oʻtadi

Qashqadaryo viloyatida bu yil paxta yigʻim-terim mavsumiga har qachongidan puxta tayyorgarlik koʻrildi. Hududlarda birinchi terim oldidan ishchi va hasharchilar uchun dasturxon yozilib, nuroniylar fotihasi bilan terimga kirishildi.

2.jpg

Mirishkor tumanida terimning birinchi kuni erta tongdan yoshlar, piru badavlat otaxonlar, ilgʻor fermerlar, ishchilar, mahalla faollari “Jeynov paxta tozalash zavodi” aksiyadorlik jamiyati hovlisida yigʻildi. Tuman hokimligi tashabbusi bilan elga osh tortilib, keksalar duosi olindi. Xirmonga ilk hosil toʻkildi.

3.jpg

Tuman qishloq xoʻjalik mahsulotlari, jumladan, gʻalla va paxta yetishtirishda keyingi yillarda sezilarli yutuqlarga erishib kelmoqda.

4.jpg

Joriy yilda 2 ming 500 gektar yerda gʻalla parvarishlanib, shartnomada belgilangan 48 ming 307 tonna oʻrniga davlatga 56 ming 470 tonna gʻalla sotilgan boʻlsa, 2 ming gektar maydondagi achchiq qalampirdan ham yuqori hosil olindi. Asosan, eksportbop mahsulot hisoblanadigan bu rezavorning 400 ming dollarlik dastlabki qismi Turkiya davlatiga sotildi.

Joriy yilda tumandagi 1 ming 161 fermer xoʻjaligi tomonidan 18 ming 400 gektar maydonda gʻoʻza parvarishlandi. Ayni kunlarda asosiy eʼtibor yetishtirilgan hosilni nest-nobud qilmay yigʻishtirib olishga qaratilgan.

Mavsumning dastlabki kunlaridayoq ilgʻor fermerlar belgilangan rejani bajara boshladi. Ulardan biri “Niyozova Zaynab” fermer xoʻjaligidir.

– Tan olish kerak, bu yilgi ob-havo sharoiti har qanday tajribali dehqonni ham shoshirib qoʻydi, – deydi ushbu fermer xoʻjaligi rahbari Anvar Choʻliyev. – Chigitni yerga qadashdan tortib, uni parvarishlash, belgilangan agrotexnik tadbirlarni vaqtida va meʼyorida oʻtkazish ancha mashaqqatli kechdi. Shukrki, harakatlarimiz besamar ketmadi. Hosil moʻl boʻldi. Joriy yilda 15 gektar maydonda “Buxoro-6” navli gʻoʻza parvarishladik. Birinchi terimdayoq belgilangan 60 tonna hosilni qabul punktiga topshirib, yorugʻ yuz bilan rejani bajardik. Hali dalada paxta koʻp. Nasib etsa, uni ham nest-nobud qilmay yigʻishtirib olamiz.

Darhaqiqat, bu yil voha dehqonlari har qachongidan-da koʻproq mehnat qildi. Boisi, aynan yerga chigit qadaladigan aprel oyining ikkinchi yarmida goh oʻta issiq harorat, goh kutilmaganda kuchli yomgʻir yogʻishi, sel kelishi kabi holatlar chigitni bir tekis undirib olish imkonini bermadi. Aksariyat hududlarda chigit ikki, hatto uch marta qayta ekildi. Bundan tashqari, aynan gʻoʻzani suvlash davriga kelib suv tanqisligi boshlandi. Qish yaxshi kelmagani bois suv zaxiralari avvalgi yillar bilan qiyoslaganda ancha kam boʻldi. Dehqonu fermerlar bor suvdan nihoyatda tejab-tergab, omilkorlik bilan foydalanishiga toʻgʻri keldi.

Maʼlumot oʻrnida aytish joizki, joriy yilda Qashqadaryo viloyatida 139 ming 800 gektar maydonda gʻoʻza parvarishlanmoqda. Ayni kunlarda viloyat mirishkorlari 381 ming 300 tonnalik ulkan xirmon bunyod etish maqsadida yigʻim-terim mavsumini uyushqoqlik bilan olib bormoqda.

3 503
Oʻlmas Barotov, OʻzA