O‘zA O`zbek

07.11.2019 Chop etish versiyasi

Yaponiyaning “Shimizu” kompaniyasi Toshkentda istiqbolli loyihalarni amalga oshirishni taklif qildi

Yaponiyaning “Shimizu” kompaniyasi Toshkentda istiqbolli loyihalarni amalga oshirishni taklif qildi

Toshkent shahar hokimligida Yaponiyaning “Shimizu” (Shimizu Corporation) kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Hokimning investitsiya va eksport masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Sharof Rahmonov Yaponiya bugun juda ko‘p sohalarda ilg‘or ekanligini ta’kidlab, kunchiqar mamlakatning yirik kompaniyalari bilan ikki tomonlama aloqalarni yo‘lga qo‘yish Toshkent shahar hokimligi uchun ahamiyatli ekanligini qayd etdi.

O‘z navbatida, “Shimizu” korporatsiyasining xalqaro hududiy menejeri Ivata Takashi ham O‘zbekiston poytaxtidagi sharoit va imkoniyatlarni o‘rganib chiqqanligini ma’lum qilib, o‘zaro hamkorlik yuzasidan bir qancha loyihalarni taklif etdi.

Yaponiya kompaniyasi shahardagi tozalash inshootlari ishini yanada yaxshilash uchun eskirgan quvurlarni yerdan chiqarmay turib ta’mirlash hamda oqova suvlarni membranali tozalashga mo‘ljallangan loyihalarni birgalikda amalga oshirish bo‘yicha taklif berdi.

Sharof Rahmonov ikkala yo‘nalish ham poytaxt uchun ahamiyatli ekanligini qayd etib, bu masalada tegishli mutaxassislar bilan muloqot davom ettirilishini ma’lum qildi.

Shuningdek, Yaponiya delegatsiyasi tomonidan ma’lum bir tuman yoki dahada issiqlik ta’minoti tizimini modernizatsiya qilish, “Sergeli siti” qurilishida ishtirok etish, quyoshli panellar o‘rnatilgan, tejamkor avtobuslarni joriy qilish va jamoat transportini boshqarish tizimini optimallashtirish masalasida hamkorlikda ishlashga qiziqish bildirildi.

Uchrashuv yakunida ikki tomon ham hamkorlikning amaliy bosqichiga qadar muloqotlar davom etishini ta’kidlab o‘tishdi.

Toshkent shahar hokimligi
Matbuot xizmati

796
O'zA