O‘zA O`zbek

11.01.2019 20:14 Chop etish versiyasi

Yangi qoʻshma korxona necha kishini ish bilan taʼminlaydi?

Yangi qoʻshma korxona necha kishini ish bilan taʼminlaydi? “Knauf Gips Buxoro” masʼuliyati cheklangan jamiyati shaklidagi xorijiy korxona faoliyati tobora rivojlanib borayotir. Chet ellik taʼsischi tomonidan 16 million yevro miqdorida toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiya kiritilishi tufayli oʻtgan yili may oyida bu yerda gipsokarton – Knauf qoplamalari ishlab chiqarish hajmi kengaydi.

– Yangi loyiha natijasida korxonamizning ishlab chiqarish quvvati 40 foizga oshdi, – deydi “Knauf Gips Buxoro” MCHJ shaklidagi xorijiy korxona direktori oʻrinbosari Oʻtkir Jumayev. – Boshqacha aytganda, biz yiliga 33,5 million kvadrat metr gipsokarton tayyorlash imkoniyatiga ega boʻldik. Shu tariqa, buyurtmachilarimizning mazkur qurilish materialiga oshib borayotgan ehtiyojini taʼminlayapmiz. Albatta, mahsulotimiz eksport ham qilinmoqda.

Buxoro viloyatida iqtisodiyot tarmoqlariga investitsiya, jumladan, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb etishga katta eʼtibor qaratilmoqda. Birgina 2018 yilda chet ellik investorlar ishtirokidagi 22 ta loyiha doirasida 110 million AQSH dollarilik sarmoya oʻzlashtirildi. Loyihalarning 4 tasi amalga oshirildi.

“BCT Clucter” masʼuliyati cheklangan jamiyati shaklidagi xorijiy korxonaning Romitan tumanidagi agrokompleksi moddiy-texnik bazasi tobora mustahkamlanmoqda. Taʼsischi – Rossiyaning “Petromaruz” kompaniyasi tomonidan toʻgʻridan-toʻgʻri kiritilgan 8 million AQSH dollari miqdoridagi sarmoya hisobidan 210 ta zamonaviy traktor, ekskavator, 139 ta kultivator va boshqa texnikalar xarid qilindi. Bu esa, paxta yetishtirish bilan bogʻliq barcha agrotexnik tadbirlarni oʻz vaqtida bajarishda hal qiluvchi ahamiyatga ega boʻldi.

Mamlakatimizda, jumladan, Buxoro viloyatida barqaror iqtisodiy taraqqiyotga erishishni taʼminlashga qaratilgan investitsiya siyosati izchil va yuqori surʼatlarda davom ettirilmoqda. Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yilida mazkur yoʻnalishda katta marralar belgilangan. Masalan, viloyatda umumiy qiymati oʻtgan yilga nisbatan ikki barobardan ziyod, yaʼni 246 million AQSH dollariga teng toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar hisobidan 19 ta loyiha oʻzlashtiriladi hamda qoʻshimcha chet el sarmoyalari jalb etiladi.

Viloyat hokimi rahbarligidagi voha delegatsiyasi oʻtgan yili amaliy hamkorlik aloqalarini oʻrnatish maqsadida Janubiy Koreya, Xitoy, Turkiya, Belgiya, Niderlandiya mamlakatlarida boʻlib, qator xorijiy kompaniyalar rahbarlari bilan muzokaralar olib bordi. Xalqaro miqyosda oʻtkazilgan “Buxoro-agro“ forumi doirasida logistika markazlariga ega zamonaviy issiqxonalar va boshqa ishlab chiqarishlar tashkil etish boʻyicha shartnomalar imzolandi, kelishuvlarga erishildi. Joriy yilda Turkiyaning “Varnet” kompaniyasi tomonidan Buxoro tumanida bosqichma-bosqich amalga oshiriladigan issiqxonalar qurish loyihasi ham xalqaro hamkorlik natijasi boʻldi.

Toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar kiritayotgan “BCT Cluster” xorijiy korxonasi joriy yilda Buxoro shahrida umumiy loyiha-smeta qiymati 52,6 million dollar boʻlgan toʻqimachilik kompleksini ishga tushiradi. Korxona yiliga 8 ming tonna ip-kalava, mazkur xomashyo asosida 9 million pagon metr ip-gazlama ishlab chiqaradi hamda tayyorlangan matoning bir qismidan 500 ming dona tayyor jinsi mahsulotlari tikiladi. Loyihaning eng muhim jihati shundaki, bu yerda 1000 kishi ish bilan taʼminlanadi.

Zamonaviy va sifatli tibbiy xizmat tashkil qilishda ham xorijliklar bilan hamkorlikning oʻrni alohida. Buxoro shahrida Janubiy Koreyaning “Korea Medikal Fund Sangwon Clinic Humchan” kompaniyasi mazkur sohaga 5 million dollar miqdorida toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiya kirityapti. Ushbu sarmoya hisobiga boʻshab qolgan Bank kolleji binosida ortopedik, neyrojarrohlik, reabilitatsiya va fizioterapiya markazi tashkil etiladi. Hozirgi paytda xorijiy hamkor tomonidan bino-inshootlarni rekonstruksiya qilish va klinika faoliyatiga moslashtirish ishlari olib borilayotir.

Viloyatda xorijiy investitsiyalar hisobidan qator qoʻshimcha loyihalar amalga oshiriladi. Shulardan biri Xitoyning “Xinjiang Runtian Wangluo Keji Youxian Gonsi” kompaniyasi sarmoyasi ishtirokida tashkil etiladigan qurilish materiallari ishlab chiqarish korxonasidir. Umumiy qiymati 68,8 milliard soʻmlik mazkur subyekt isteʼmolchilarga yiliga 150 ming tonna gips aralashmasi, 10 million kvadrat metr gipsokarton qoplamasi va 80 ming tonna quruq gips aralashmasi yetkazib berish quvvatiga ega boʻladi.

Buxoroda turizmni yanada rivojlantirish maqsadida soha infratuzilmasini mustahkamlash ustuvor yoʻnalishlardan biriga aylangan. Bu borada xorijiy investitsiyalardan ham keng foydalanilmoqda. Xitoyning “Beston Machinary” So L.T.D” kompaniyasi “Zarafshon”, Buyuk Britaniyaning “Wide tent system” kompaniyasi “Buxoro Palas” mehmonxonalarini mos ravishda 3 va 3,4 million dollar miqdorida investitsiya kiritgan holda, rekonstruksiya qilish ishlarini nihoyasiga yetkazishadi. Ancha yillardan buyon ishlamayotgan mazkur yirik obyektlar faoliyatining zamonaviy qulayliklarga ega holda tiklanishi Buxoro shahrining sayyohlarni qabul qilish imkoniyatini kengaytirishga xizmat qiladi.

Yaqinda investitsiya loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirish masalalariga bagʻishlab oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida davlatimiz rahbari loyihalar uchun moʻljallangan joy zarur infratuzilma tarmoqlariga ega boʻlishi investorlarning yagona talabi ekanini taʼkidladi. Investitsiya loyihalarini toʻgʻri joylashtirish ayni shu jihatdan muhimdir. Bu xorijiy sarmoyadorlarni jalb etish, koʻplab ish oʻrinlari yaratish va katta daromad olishning muhim omili boʻlgan sanoatni tizimli rivojlantirishga xizmat qiladi.

2018 yilda tashkil etilgan “Buxoro agro” erkin iqtisodiy zonasi faoliyatini yoʻlga qoʻyishda investorlar uchun ajratiladigan yerlar hududining avtomobil trassalari va temir yoʻlga yaqinligi, gaz, elektr energiyasi tarmoqlari va suv bilan taʼminlangani inobatga olindi.

– Davr erishilgan va erishilayotgan yutuqlar bilan cheklanib qolmaslikni, doimo izlanish va tashabbus koʻrsatib ishlashni taqozo etmoqda, – deydi viloyat investitsiyalar boʻyicha bosh boshqarmasi boshligʻi Hayot Davlatov. – Shuning uchun ham viloyat hokimligi tomonidan Xitoy kompaniyalari bilan qamishni qayta ishlash, issiqxonalar tashkil etish, Chexiya, Germaniya, Ispaniya kabi mamlakatlar investitsiyalari ishtirokida shisha mahsulotlari ishlab chiqarish, mehmonxonalar qurish, turizmni rivojlantirish boʻyicha tizimli muzokaralar olib borilayotir. Shu bilan birga, Buxoro viloyatiga biriktirilgan mamlakatimizning Xitoy, Isroil, Indoneziya va qator musulmon davlatlaridagi elchixonalari bilan sayyohlar oqimini koʻpaytirish, ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish loyihalarini amalga oshirishda yaqindan hamkorlik qilinmoqda.



Erkin Yodgorov, OʻzA
2 380