O‘zA O`zbek

21.09.2018 Chop etish versiyasi

Yangi loyihalar – yangi ish oʻrinlari

Yangi loyihalar – yangi ish oʻrinlari

Joriy yilning 1 sentyabr holatiga koʻra, “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasi hududida qiymati 105,7 million dollar boʻlgan 16 loyiha amalga oshirilgan. Bu loyihalar doirasida 1000 dan ortiq yangi ish oʻrni yaratilgan.

Bu haqda xalq deputatlari Jizzax shahar Kengashidagi Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi deputatlik guruhining navbatdagi yigʻilishida maʼlumot berildi.

Yigʻilishda xalq vakillari Prezidentimizning 2016 yil 26 oktyabrdagi “Erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini faollashtirish va kengaytirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni ijrosi boʻyicha hududda olib borilayotgan ishlar yuzasidan “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasi direktori Moʻmin Zoirovning hisobotini tingladi.

Joriy yil oxirigacha va 2019 yilda yana umumiy qiymati 319,3 million dollar boʻlgan 12 loyiha amalga oshirilishi koʻzda tutilgan. Buning natijasida 1 ming 600 dan ziyod yangi ish oʻrni yaratiladi.

– 2019-2020 yillarda amalga oshirilishi kutilayotgan umumiy qiymati 251,2 million dollar boʻlgan 11 loyiha boʻyicha potensial investorlar bilan muzokaralar olib borilmoqda, – deydi “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasi direktori Moʻmin Zoirov. – Har bir loyiha koʻplab yangi ish oʻrinlari demakdir. Umuman, bu boradagi saʼy-harakatlar samarasida yana 820 yangi ish oʻrni yaratiladi.

EIZ faoliyatini tashkil etish, uning hududida investitsiya loyihalarini oʻz vaqtida amalga oshirish boʻyicha takliflar ilgari surildi.

Zonani zarur muhandislik-kommunikatsiya va ishlab chiqarish infratuzilmasi bilan taʼminlash masalasini tizimli hal etish boʻyicha taʼsirchan chora-tadbirlar koʻrish lozimligi taʼkidlandi. Xususan, elektr va gaz taʼminoti boʻyicha, istiqboldagi loyihalar, isteʼmol talabidan kelib chiqqan holda taqsimlash punkti masalasida ham fikrlar bildirildi.

3 342
Ikrom Avvalboyev, OʻzA