Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

09.02.2017 12:53 Chop etish versiyasi

“Yagona darcha” – tadbirkorga ko‘makchi yaxlit tizim

“Yagona darcha” davlat xizmatlari ko‘rsatish markazlari tadbirkorlarning mushkulini oson qilmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2016-yil 5-oktabrdagi “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni asosida «yagona darcha» markazlari faoliyati yanada takomillashtirilayotir. Davlatimiz rahbarining 2017-yil 1-fevraldagi "Tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlarini ko‘rsatish mexanizmlarini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori shu maqsadga xizmat qilmoqda.

«Yagona darcha» markazlarida tadbirkorlik subyektlariga 16 turdagi davlat xizmati ko‘rsatilmoqda. Tadbirkorlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, ularning injenerlik kommunikatsiya tarmoqlariga ulanishi, yer uchastkalariga bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, tashqi reklamani joylashtirish, turar joyni noturar joyga aylantirish kabi masalalar bir joyda hal bo‘ladi.

– Mamlakatimizda 194 “yagona darcha” markazi tashkil etilgan bo‘lib, ular aholiga qulay bo‘lgan joyda, barcha shart-sharoit yaratilgan holda ish yuritmoqda, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi “yagona darcha” markazlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘limi boshlig‘i No‘mon Muhammadiyev. – Ularda tanlov asosida olingan oliy ma’lumotli mutaxassislar faoliyat ko‘rsatayotir. Markazlar barcha huquqiy axborotlar, qo‘llanmalar bilan ta’minlangan. O‘tgan yilda yuz mingdan ziyod tadbirkorlik subyektiga davlat xizmatlari ko‘rsatildi.

Sohada amalga oshirilgan ishlarning tahlili tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlari ko‘rsatish mexanizmlarini yanada takomillashtirishni taqozo etdi. “Yagona darcha” markazlarini samarali boshqarish, ular faoliyatini tashkil etish va muvofiqlashtirishda tizimli yondashuvni hamda ularning boshqa davlat tuzilmalari bilan o‘zaro hamkorligini belgilash zaruriyati paydo bo‘ldi.

Adliya vazirligi tomonidan komputer tizimi orqali markazlar bilan davlat xizmatlarini ko‘rsatuvchi idoralar o‘rtasidagi jarayonlar doimiy ravishda monitoring qilib borilgani, buning natijasida ayrim holatlarda davlat xizmatlarini ko‘rsatishning belgilangan muddat va tartiblariga rioya etilmayotgani shuni tasdiqlaydi. O‘tkazilgan o‘rganishlar va monitoringlar natijasida aniqlangan qonunbuzilishlarni bartaraf etish yuzasidan ko‘rilgan ta’sir choralari natijasida 729 nafar shaxs intizomiy javobgarlikka tortilgan. Shundan 31 nafari egallab turgan lavozimidan ozod etilgan. 570 nafar shaxsga sudning qaroriga asosan ma’muriy jazo belgilangan.

Tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlari ko‘rsatishni takomillashtirishga oid qaror asosida tadbirkorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish kafolatlari kuchaytirildi. Joylarda xalq bilan bevosita muloqotning samaradorligini ta’minlashga qaratilgan zarur chora-tadbirlar begilandi.

Qaror bilan tuman va shahar hokimliklari huzuridagi “yagona darcha” markazlari O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tasarrufiga o‘tkazildi. Bu “yagona darcha” markazlarini samarali boshqarish, ularning faoliyatini va boshqa davlat organlari bilan o‘zaro hamkorligini tashkil etishga nisbatan tizimli yondashuvni belgilash imkoniyatini beradi.

Banklar va kredit byurolari, ularning filiallari va vakolatxonalaridan tashqari barcha tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish “yagona darcha” markazlari zimmasiga yuklatiladi. Bunday chora tadbirkorlik subyektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish va hisobga qo‘yishning mavjud tarqoq tizimi o‘rniga yangi, yaxlit tizimni yaratishga qaratilgan.

Qarorning muhim jihatlaridan biri shuki, unda tadbirkorlik subyektlarining vakolatli organlar bilan o‘zaro hamkorligining bevosita muloqot qilmaydigan shakllarini yanada kengaytirishga e’tibor qaratilgan. Zero, tadbirkorlik subyektlari o‘z faoliyatini boshlashi uchun turli davlat organlariga murojaat etishga majbur bo‘lmoqda. Litsenziya va ruxsatnomalarni rasmiylashtirish jarayonlarida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari imkoniyatlaridan zarur darajada foydalanilmayapti. Ko‘pchilik davlat xizmatlari, afsuski, hali ham an’anaviy usullarda, qog‘oz shaklida ko‘rsatilmoqda. Bularga barham berish maqsadida “Litsenziya” axborot tizimlari kompleksi yaratilib, 2017-yilning I choragida ishga tushiriladi.

Mazkur tizimda “yagona darcha” markazlari orqali davlat xizmatlari ko‘rsatadigan davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan tadbirkorlik faoliyati sohasidagi ruxsat beruvchi hujjatlar va litsenziyalar olish to‘g‘risidagi arizalarni qabul qilish, tadbirkorlik subyektlari uchun qulay shaklda ruxsatnoma va litsenziyalar olish tartibi va muddatlari haqidagi ma’lumotlardan masofadan turib foydalanish mumkin. Tadbirkorlik subyektlari tomonidan ruxsatnoma va litsenziyalar olish to‘g‘risida elektron shaklda ariza berish imkoniyatini yaratgan holda tadbirkorlik faoliyati sohasidagi ruxsat berish va litsenziyalash tartib-taomillari avtomatlashtiriladi.

Tadbirkorlik subyektlariga “yagona darcha” markazlari orqali ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlari bo‘yicha qayerda va qay tarzda murojaat qilganidan qat’i nazar, ruxsatnoma va litsenziyalar olish to‘g‘risidagi arizalarni ko‘rib chiqishning borishi va natijasini kuzatish hamda ruxsatnoma va litsenziyalar reyestrlaridan ma’lumot olish imkoniyati yaratiladi. To‘xtatib qo‘yilgan, qayta tiklangan, qayta rasmiylashtirilgan, bekor qilingan, shuningdek, amal qilishi tugatilgan ruxsatnoma va litsenziyalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni “Litsenziya” axborot tizimlari kompleksi doirasida olish imkoniyati yaratiladi. Shu yo‘l bilan “yagona darcha” markazlari orqali qog‘oz shaklida beriladigan maxsus blankalardagi ruxsatnoma va litsenziyalarni majburiy rasmiylashtirish talabi 2018-yil 1-yanvardan boshlab bekor qilinadi.

Ana shunday ijobiy amaliyotni yanada kengaytirish maqsadida qarorda talab eng yuqori bo‘lgan qo‘shimcha 86 turdagi litsenziya va ruxsatnomalarni “yagona darcha” markazlari orqali rasmiylashtirish mexanizmini bosqichma-bosqich joriy etish nazarda tutilgan. Buning natijasida tadbirkorlik subyektlari yuqoridagi litsenziya va ruxsatnomalarni olish uchun boshqa idoralarga bormasdan, ularni aniq muddatlarda beradigan “yagona darcha” markazlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. “Yagona darcha” markazlari barcha zarur kelishish tartib-taomillarini tadbirkorlik subyekti ishtirokisiz mustaqil amalga oshiradi.

Bu kabi chora-tadbirlar davlat xizmatlarini ko‘rsatish jarayonida sansalorlik, byurokratik to‘siqlar va rasmiyatchilik holatlari vujudga kelishiga yo‘l qo‘ymaslikka zamin yaratadi. Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng qo‘llash orqali ularning sifati va samaradorligi yanada oshadi. Tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlari ko‘rsatish yangi sifat bosqichiga ko‘tariladi. Aholining davlatga nisbatan ishonchini oshirishga, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan ezgu g‘oyani hayotga keng joriy etishga ko‘maklashadi.

Norgul Abduraimova, O‘zA
5 015






Все о погоде - Pogoda.uz