Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

01.02.2017 16:41 Chop etish versiyasi

Jizzax viloyatida xotin-qizlar uchun 16 mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratiladi

Jizzax viloyatida 2017-yilda aholi bandligini ta’minlash dasturi doirasida 32,2 ming, jumladan, xotin-qizlar uchun 16,3 ming ish o‘rni yaratish belgilangan. Ushbu dasturni amalga oshirishda “Tadbirkor ayol” O‘zbekiston ishbilarmon ayollar uyushmasi viloyat bo‘limi ham davlat va jamoat tashkilotlari bilan yaqin hamkorlik qilmoqda.

“Tadbirkor ayol” O‘zbekiston ishbilarmon ayollar uyushmasi Jizzax viloyati bo‘limi tomonidan xotin-qizlar, kasb-hunar kollejlarini bitirgan qizlarni kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, hunarmandlik va uy mehnati bilan shug‘ullanishga jalb etishga bag‘ishlab o‘tkazilgan seminarda bu alohida ta’kidlandi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2016-yil 5-oktabrdagi “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ayollarni kasbga o‘rgatish orqali ularning bandligini ta’minlashga ko‘maklashishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Ayni paytda uyushma viloyat bo‘limi faollari tomonidan mazkur farmon mazmun-mohiyatini xotin-qizlar o‘rtasida keng targ‘ib qilish, ularni tadbirkorlikka jalb etish va faoliyatini boshlashda ko‘maklashishga qaratilgan bir necha loyiha amalga oshirilmoqda. Bo‘lim qoshida ayollarni biznes yuritishga o‘rgatish, moliyaviy-huquqiy bilimini oshirish, qandolatchilik, tikuvchilik kabi kasblarga yo‘naltirish guruhlari faoliyat ko‘rsatayotir. Guruh a’zolari bank va soliq idoralari mutaxassislari bilan hamkorlikda tumanlarda seminar va suhbatlar o‘tkazmoqda, biznes rejalar ishlab chiqishda ko‘maklashmoqda.

– Bu ishda, ayniqsa, qishloq xotin-qizlariga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi “Tadbirkor ayol” O‘zbekiston ishbilarmon ayollar uyushmasi Jizzax viloyati bo‘limi rahbari Nozima Tugalova. – Shu maqsadda hozirgacha Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki viloyat filiali, tuman xotin-qizlar qo‘mitalari, “Yagona darcha” markazi, soliq inspeksiyalari bilan hamkorlikda Baxmal va Forish tumanlarida tadbirkorlikni boshlash istagida bo‘lgan kollej bitiruvchilari va ularning ota-onalari uchun o‘quv-seminarlar tashkil etildi. Ayni paytda ushbu seminarlarda ishtirok etgan qizlar kredit olish uchun hujjat topshirib, tikuv mashinalariga buyurtma bermoqda.

Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan atroflicha javob oldi.

Toshqul Beknazarov, O‘zA
1 798






Все о погоде - Pogoda.uz