O‘zA O`zbek

11.01.2019 20:00 Chop etish versiyasi

Xorijiy investitsiya – yangi ish oʻrinlari kafolati...mi?

Xorijiy investitsiya – yangi ish oʻrinlari kafolati...mi? Samarqand shahrida faoliyat yuritayotgan “AZIA METALL PROF” MCHJda metall quvurlar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish uchun 3 million 300 ming dollar investitsiya kiritildi. Loyihani amalga oshirish uchun 1 million 850 ming AQSH dollari miqdorida xorijiy investitsiya jalb qilindi.

- Korxonamizda ikkita sex faoliyat yuritmoqda, - deydi korxona rahbari Xushvaqt Zayniyev. - Xitoyning “Urumqi Tongyale International Trade Co., Ltd” kompaniyasi bilan tuzilgan hamkorlik memorandumiga muvofiq, oʻtgan yili metall quvurlar va sendvich panellar ishlab chiqarish sexlarini ishga tushirdik. Metall quvur ishlab chiqarish sexining yillik quvvati 30 ming tonna. Sendvich panel ishlab chiqarish sexida oyiga 30 ming kvadrat metr mahsulot tayyorlanmoqda. Har ikki sexda 100 nafardan ortiq ishchi mehnat qilmoqda.

Ayni paytda uchinchi sex qurilishi qizgʻin davom etayotir. Xorijlik hamkorlarning 16 million 500 ming AQSH dollari qiymatidagi investitsiyasi ishtirokida maxsus ishlov berilgan qurilishbop metall profil ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi. Mazkur metall profillar sanoat usulida ranglangani uchun uzoq muddat sifatini yoʻqotmaydi. Eng muhimi, mazkur sexda yana 300 ta yangi ish oʻrni yaratiladi.

Korxona mutasaddilarining taʼkidlashicha, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar ichki bozorga sotilmoqda. 2020 yildan mahsulotlarning bir qismini eksportga yoʻnaltirish koʻzda tutilgan.

Samarqand shahar hokimligi bergan maʼlumotlarga koʻra, 2018 yilda jami 32ta qoʻshma va xorijiy korxonalar hisobiga 25,9 million dollar, shundan dastur doirasidagi 16ta korxona hisobiga 20,1 million dollarlik xorijiy investitsiya jalb qilingan. Shundan 9 ta loyihaning ishga tushirilishi natijasida 256 ta yangi ish oʻrni yaratildi. 2019-2020 yillarda shaharda dastur doirasida jami 16 ta qoʻshma va xorijiy korxona hisobiga 295,6 million dollar xorijiy investitsiya ishtirokidagi loyihalarni amalga oshirish tufayli 1 ming 440 dan ortiq yangi ish oʻrni yaratilishi belgilangan.

7.JPG

25.JPG


Alisher Isroilov (surat), OʻzA
1 856