O‘zA O`zbek

18.09.2018 Chop etish versiyasi

Xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatida 169,7 milliard soʻmlik kamchiliklar aniqlandi

Jizzax viloyati davlat soliq organlari tomonidan 2018-yil 1-sentyabrga qadar oʻtkazilgan kameral nazorat tadbirlari natijasida 29 ming 961 holatda xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatida jami 169,7 milliard soʻmlik kamchiliklar aniqlandi.

Kameral nazorat natijasida aniqlangan kamchiliklar boʻyicha soliq toʻlovchi subyektlarga soliq va majburiy toʻlovlar qoʻshimcha hisoblanishi koʻrsatilgan talabnomalar berildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 70-moddasiga muvofiq, kameral nazorat, soliq toʻlovchi tomonidan belgilangan tartibda taqdim etilgan moliyaviy va soliq hisobotini, shuningdek, soliq toʻlovchining faoliyati toʻgʻrisida davlat soliq xizmati organida mavjud boshqa maʼlumotlarni oʻrganish hamda tahlil etish asosida soliq toʻlovchining huzuriga bormagan holda amalga oshiriladi.

Masalan, Baxmal tumani davlat soliq inspeksiyasi tomonidan joriy yilning oʻtgan davrida kameral nazoratdan oʻtkazilgan 80 korxonadan 75 tasida muayyan kamchilik aniqlandi. Kamchilik aniqlangan korxonalarga nisbatan qoʻshimcha hisoblangan soliq va majburiy toʻlovlar summasi 2 milliard 390 million 800 ming soʻmni tashkil qildi.

Qoʻshimcha hisoblangan soliq va boshqa majburiy toʻlovlarning 1 milliard 844 million soʻmi tuman xalq taʼlimi boʻlimi hisobchilari tomonidan ishchi-xizmatchilarning ish haqidan hisoblanadigan daromad soligʻi hisobotlarini taqdim etishda yoʻl qoʻygan xatoliklari oqibatida kelib chiqqani maʼlum boʻldi. Ushbu muassasaga toʻlanmagan soliqning qolgan qismini toʻlash yuzasidan talabnoma berilib, boshqa xatoga yoʻl qoʻymaslik haqida ogohlantirildi.

Bu nazoratni bevosita soliq toʻlovchi subyektga borib hujjatli amalga oshirish soliq inspeksiyasi idorasidan ham, xalq taʼlimi boʻlimidan ham qoʻshimcha kuch va vaqt talab etishdan tashqari jarima va boshqa javobgarlik jazo choralari qoʻllanishiga sabab boʻlishi maʼlum. Kameral nazoratning afzalligi tufayli bu ish oson kechdi.

– Nazorat qiluvchi organlarning tadbirkorlik subyektlari moliya-xoʻjalik faoliyatiga aralashuvini cheklash tamoyillaridan kelib chiqib, davlat soliq inspeksiyalari tomonidan kameral nazorat usuli keng qoʻllanilmoqda, – deydi viloyat davlat soliq boshqarmasi jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot shoʻʼbasi boshligʻi H.Fozilov. – Kameral nazorat xoʻjalik yurituvchi subyektlarga xatolarni oʻz vaqtida tuzatish hamda moliyaviy jarimalar qoʻllanilishining oldini olishga yordam beryapti. Yilning oʻtgan davrida oʻtkazilgan kameral nazoratlar natijasida xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan 18 ming 165 holat yuzasidan 126,3 milliard soʻmlik qayta hisob-kitoblar taqdim etildi.

Soliq toʻlovchilar tomonidan soliq qonunchiligi talablari buzilishiga yoʻl qoʻymaslik, maʼmuriy, jinoiy va moliyaviy jazo choralarining oldini olishda, soliq va boshqa majburiy toʻlovlar oʻz vaqtida toʻliq hajmda tushishini taʼminlashda kameral nazoratning ahamiyati ortib bormoqda.

3 265
Toshqul Beknazarov, OʻzA