O‘zA O`zbek

29.12.2018 Chop etish versiyasi

Xitoy paxtasi

Xitoy paxtasi

Xaynanda biz Xitoy Xalq Respublikasi Fanlar Akademiyasining janubiy qishloq xoʻjaligi ilmiy-tadqiqot bazasida boʻldik va xitoylik olimlari tomonidan olib borilayotgan ishlar bilan tanishdik. Aytish lozim, dunyoda eng koʻp paxta ishlab chiqaradigan mamlakat – Xitoydir. Paxta Xitoyning qariyb barcha mintaqalarida: Shimoliy-Xitoy tekisligida, Yanszi daryosi deltasida, Yanszi vodiysining markaziy qismida, Sinszyan-Uygʻur avtonom rayonida parvarish qilinadi. Xitoyliklar yiliga 17 million tonnaga qadar paxta yetishtiradi. Xitoydan keyin AQSH, ular 11 million tonna, Hindiston - uchinchi oʻrinda boʻlib 7 million tonna, Pokiston – 6 million tonna, Oʻzbekiston manbalarda qayd qilinishicha 3 million tonnadan ortiq paxta ishlab chiqaradi.

photo5276368882665368156.jpg

Hozirgi iqtisodiy globallashuv davrida Xitoyda paxtachilikni rivojlantirishga ehtiyoj juda katta boʻlyapti, deydi Xitoy Xalq Respublikasi qishloq xoʻjaligi vazirining oʻrinbosari Nyu Dun.

Birinchidan, toʻqimachilik sanoati katta surʼatlar bilan rivojlanmoqda. Bozor iqtisodiyotiga oʻtishning oʻzi ham paxtaga boʻlgan talab-ehtiyojni oshirdi. 2000-2005 yillarning oʻzida ip yigiradigan urchuqlarning umumiy soni 34 milliondan 75 million donaga yetdi. Xitoy toʻqimachilik sanoati ilgari yiliga 3,6 million tonna paxtadan gazlama toʻqib chiqarsa, hozir Xitoy 9 million tonnadan ortiq paxtadan gazlama ishlab chiqarmoqda. Bundan tashqari aholi jon boshiga paxta ishlatish ham ortib bormoqda. Agar 1980 yili bu koʻrsatkich 4,1 kilogramm boʻlsa, hozir har bir kishi oʻrta hisobda 14 kilogrammdan paxta va paxtadan tayyorlangan mahsulotlardan foydalanmoqda.

Ikkinchidan, AQSH va boshqa taraqqiy qilgan davlatlar 2006 yildan paxtani eksport qilinishida toʻlanadigan subsidiyalarni bekor qildi, buning natijasida jahon bozori bilan ichki bozordagi narxlar bir-biriga yaqinlashdi. Bu esa boshqa davlatlarda, jumladan, AQSH paxtachilikni rivojlantirishga oʻzining yaxshi taʼsirini koʻrsatdi.

Uchinchidan, 2010 yilda paxta ekiladigan maydonlar 5,6 million gektardan oshdi, boz ustiga yangi yuqori hosilli paxta navlari ekiladigan maydonlar kengaytirildi, xususiyatlari yaxshilangan yangi paxta navlari yaratildi, urugʻchilikni yaxshilash natijasida hosildorlik va yillik paxta ishlab chiqarish miqdori 1,3 foizga oshdi, deydi Xitoy Xalq Respublikasi qishloq xoʻjalik vaziri oʻrinbosari Nyu Dun.

photo5276368882665368158.jpg

Paxta yetishtirish avvalambor katta xarajatlarni va yiliga uch fasl mobaynida quyoshning jazirama nurlari ostida muntazam ogʻir jismoniy mehnatni talab qiladi.

Jahon paxtachiligi tarixida ijobiy hodisalar ham roʻy bermoqda. Paxta yetishtirishga ajratilayotgan maydonlarning qisqarishiga qaramay uning gektar boshidan olinadigan hosildorligi oshayapti. Bu demak, paxtachilikda koʻp xarajatli ekstensiv yoʻldan tobora voz kechib, hosildorlikni oshirishga yoʻnaltirilgan intensiv yoʻlga oʻtilmoqda. Bu esa, mutaxassislarning fikriga qaraganda, maʼlum maʼnoda paxtaning tannarxini pasayishiga olib keladi. Xitoyda 95 foiz toʻqimachilik korxonalari davlat qaramogʻidan chiqarilib xususiy va aksiyadorlik kompaniyalari ixtiyoriga oʻtmoqda. Xitoy yalpi mahsulotning yarmidan koʻpini eksport qilmoqda. Boz ustiga toza paxta tolasidan tayyorlangan xitoy chiti, satini, batisti kabi tayyor mahsulotlariga dunyoda ehtiyoj juda katta.

photo5276368882665368159.jpg

Bozordagi narx-navoning qanday boʻlishidan qatʼi nazar Xitoyda paxtaning narxi hukumat tomonidan belgilanadi. Fermer xoʻjaligi rahbarlari paxtani chetga sotish uchun hukumat idoralaridan eksport kvotasini olishi zarur. Rejalashtirish iqtisodiyotidan bozor iqtisodiyotiga oʻtayotganligi sababli, Xitoyda kvotani olish ishlari ancha osonlashtirilgan. Davlatga ham, fermerga ham foydali boʻlgan bu ish tobora ommaviy tus olib bormoqda. Mamlakat ichkarisidagi paxta savdosi Xitoyda milliy paxta birjasi orqali amalga oshiriladi. Paxtani sotish va xarid qilib olishning bu usuli ikkala tomonga maʼqul boʻlganligi sababli u ham ildam rivojlanib bormoqda.

Mamlakatda kvota joriy qilinishi Xitoyga maʼlum muddatda nazoratsiz paxta tolasining kirib kelishni oldini oldi va savdo-sotiqni tartibga soldi. MDHning paxta yetishtiruvchi (Markaziy Osiyo, Qozogʻiston va Kavkazorti) mamlakatlari tomonidan bozorga chiqarilgan paxta chiqindilaridan - lint bilan ulyukning qariyb barchasini hozir Xitoy sotib olmoqda.

Paxta hosildorligi boʻyicha ham Xitoy jahonda birinchi oʻrinda turadi. Hindiston esa har gektar yerdan olinadigan paxta hosili boʻyicha eng past koʻrsatkichlarga ega. Hindiston paxta ekiladigan maydonlarining kattaligi boʻyicha dunyoda birinchi oʻrinda boʻlsa ham, yetishtirayotgan paxtaning miqdori, hajmi boʻyicha Xitoy bilan Amerikadan keyin uchinchi oʻrinda turadi. Hindistonda paxta asosan sugʻorilmaydigan yerlarda, oddiy, joʻn agrotexnika qonun-qoidalari bilan yetishtiriladi.

“Zararkunanda hashoratlar va paxtamiz sifatining pastligi paxtachilikni rivojlantirishda juda uzoq yillar toʻsqinlik qildi”, deydi Xitoy Xalq Respublikasi Qishloq xoʻjalik vaziri oʻrinbosari, Xitoy qishloq xoʻjalik Fanlar Akademiyasi prezidenti Li Szyan. 90-yillarda bizning olimlarimiz paxtani “Bt-paxta” transgen navining birinchi avlodini yaratishga muvaffaq boʻldi va bu ilmiy ixtiroga intellektual mulk sifatida oʻzlari mustaqil ega boʻlish huquqini ham qoʻlga kiritdi. Natijada ilgari sotuvga chiqarilayotgan hosilning 5 foizigina paxtaning transgen navi boʻlsa, endi eksport qilinayotgan hosilning 95 foizini “paxta sovkasi” kabi hasharotlarga bardosh bera oladigan paxtaning transgen navi tashkil qilayapti. Hozir ekin maydonlarining asosiy qismiga paxtaning zararkunanda va kasalliklarga chidamli ana shu navi ekilmoqda. Transgen paxtaning birinchi avlodini parvarish qilish texnologiyasi jarayonida toʻplangan tajriba, bilim, paxtachilik ilmi, fanida qoʻlga kiritilgan katta muvaffaqiyat boʻldi. Bu - ham hosildorligi, ham tolasining sifati yuqori boʻlgan yangi navning paydo boʻlishi dunyo paxtachiligi amaliyotida ham katta yutuq, deb tan olinmoqda.

photo5276368882665368160.jpg

Hozirgi paytda Xitoyda yetishtirilayotgan paxtaning markasi 32 raqamli eshilgan ipga toʻgʻri keladi, paxtaning transgen navidan tayyorlangan ip esa 60 raqamli ipga toʻgʻri kelayapti. Shunday qilib ishlab chiqarilayotgan paxtamiz tolasining sifati qariyb ikki barobar yuqori boʻldi. Bu paxtachilikda ham, toʻqimachilik sanoatida ham juda muhim ahamiyatga ega, dedi Xitoydagi ASNK paxtachilik ilmiy-tadqiqot institutining direktori Yuy Shusyun.

Xitoy paxtadan tayyorlanadigan kiyim-kechak tikib chiqarishni keskin koʻpaytirdi. Tolasi ingichka, uzun va pishiq, sifati yuqori boʻlgan Xitoyning transgen paxtasining paydo boʻlishi jahon bozorida boshqa davlatlar ishlab chiqarayotgan paxtaning bahosiga oʻz taʼsirini koʻrsatdi. Natijada Markaziy Osiyo davlatlarida yetishtirilayotgan paxtaga ehtiyoj birmuncha pasaygan. Yana shunisi diqqatga sazovorki, paxta tolasini maʼlum sharoitda bir necha yil mobaynida saqlash mumkin. Shu sababli-mi, Xitoy omborlarida jahon bozorida paxta tannarxini istagan tomonga oʻzgartirish imkonini beradigan miqdorda paxta tolasi toʻplangan. Bu mamlakat toʻqimachilik korxonalarini bir meʼyorda paxta bilan taʼminlash imkonini bermoqda.

Sinszyan-Uygʻur Avtonom hududi Xitoyda paxta yetishtiruvchi asosiy mintaqalardan biridir. 1993 yildan har gektar yerdan olinadigan paxtaning hosildorligi boʻyicha ham, paxta eksporti va kishi boshiga ishlab chiqariladigan mahsulot miqdori boʻyicha ham Sinszyan-Uygʻur Avtonom hududi Xitoyda birinchi oʻrinni egallab kelmoqda.

Sinszyan avtonom hududi paxtakorlari soʻnggi 4 yil mobaynida muntazam ravishda yiliga 1,5 million tonnadan ortiq paxta yigʻishtirib olib, butun Xitoy paxtasining 25 foizini, dunyoda tayyorlanayotgan paxta hosilining 8 foizini ishlab chiqarmoqda. Hudud aholisining jon boshiga toʻgʻri keladigan sof daromadining qariyb 15,5 foizi qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqarishidan, ayrim paxtachilik rayonlarida esa sof daromadning 60 foizi paxtachilikdan olinmoqda. Paxtachilik bu yerda qishloq xoʻjaligining boshqa sohalariga qaraganda serdaromad soha hisoblanadi. Paxtachilikka mamlakat iqtisodiyotining boshqa sohalariga nisbatan ham katta daromad beradigan soha, deb qaralmoqda. Ayni paxtachilikdan kelayotgan daromad Sinszyan avtonom rayoniga jadal surʼatlar bilan rivojlanish imkoniyatini berdi, desa boʻladi.

Soʻnggi yillarda paxta maydonlari qisqartirilib, gektar boshidan olinadigan hosildorlik ortdi. Xitoyning paxta yetishtiradigan muhim mintaqalaridan biri boʻlgan Oqsuv tumanida kam hosil berayotgan yerlar, iqlimi qaltisroq, kasallikka tez-tez chalinib turadigan, zararkunandalari koʻp uchraydigan, shuningdek, shaharlar atrofidagi yerlarda paxta yetishtirishga barham berilmoqda. Ularning oʻrnida boshqa ekinlar ekilib, chorva uchun oʻtloqlar yaratilib, oʻrmonlar barpo etilyapti. Xitoy oʻlchamida “gektar”, “sotiq” oʻrniga xitoycha “mu” soʻzi ishlatiladi. Bir gektar yer salkam 15 “mu”ga teng. Sinszyanda har mu dan 115 kilogramdan tortib, to 180 kilogramgacha hosil olinadi. 1 gektar yerdan qancha hosil olishini bilish uchun 1 mu dan olingan hosilni 15 ga koʻpaytirishimiz lozim. Shunda bizning hisobimiz boʻyicha bir gektar yerdan olinadigan hosildorlik chiqadi. “Gektar” ham “mu” ham bizning hisob oʻlchovimiz boʻlmaganligi sababli, bizga Xitoy dunyoda eng koʻp paxta ishlab chiqaradigan mamlakatligi, hosildorlik ham bu yerda yuqori ekanligi haqidagi maʼlumotning oʻzi yetarli, deb hisobladik.

Paxtachilikda ekstensiv metoddan intensiv metodga oʻtilmoqda. Ilgarilari million-million tonnalar ishlab chiqarish uchun kurashilgan boʻlsa, endi ishlab chiqarilgan mahsulot miqdori bilan bir qatorda tolaning ingichkaligi, uzunligi, pishiqligi, jahon bozori talablariga qarab, sifat va yana bir bor sifat uchun kurashilmoqda.

Kuch bilan tortganda ham uzilmaydigan tolasining sifati pishiq boʻlgan, kasallikka va hashoratlarga chidamli, mashina terimiga moʻljallangan, standart talablariga toʻla javob beradigan, yuqori hosilli oʻrta va ingichka tolali paxtaning yangi navlari yaratildi. Ularning texnik koʻrsatkichlari jahon toʻqimachilik markazlarining talablariga toʻliq javob beradigan darajaga yetdi. Sinʼszyanda chet eldan paxta tolasini ajratib oladigan, uni qayta ishlaydigan, navlarga ajratadigan, yangi navlar sinab koʻriladigan, navi va sifatiga qarab alohida-alohida qilib ajratib beradigan, urugʻlik chigitga ishlov beradigan 3 ta seleksiya bazasi, 1 ta seleksiya markazi, 4 ta elita urugʻlar bazasi, 15 ta tovar urugʻliklar bazasi va paxta tolasi saqlanadigan omborxonalar sotib olindi.

Sinszyan paxta zavodi oʻz mahsulotining 80 foizini birinchi va ikkinchi navlarda ishlab chiqarmoqda. Paxtachilik ham sanoat asosida rivojlanishga oʻtayapti. Sinszyan Uygʻur avtonom rayoni paxtakorlari oldida Shandun provinsiyasidagi “Lutay AOOO toʻqimachilik kompaniya”si, Avat uyezdidagi 3-Fenshou fermasi va 50 ming urchuqqa moʻljallangan ingichka tolali paxtadan gazlama toʻqib chiqaradigan fabrikasini yetarli miqdorda paxta hosili bilan taʼminlash masalasi turibdi. Avat uyezdi sanoat korxonalarini xomashyo bilan taʼminlaydigan - “million tonna paxta beradigan uyezd” degan nom oldi. Uezd aholisi faqat paxta yetishtirish bilan dehqonning qozoni oqarmasligini ham pirovardida tushunib yetdi. Shu sababli ular xomashyodan tortib tayyor mahsulot ishlab chiqarishga qadar boʻlgan barcha jarayonlarni klaster asosida birlashtirishga oʻtdi. Bu demak, paxtadan tayyorlangan mahsulotdan keladigan umumiy daromad dehqon bilan sanoat korxonalari ishchisi oʻrtasida adolatli taqsimlanadi.

Dehqonlar bilan paxta sanoati ishchilarining manfaatlari birlashgan bu yangi majmuani yaratishda Xitoy bilan xorijiy davlatlarning 4 ta korxonasi ishtirok etdi. Natija kutganidan ham aʼlo boʻldi. Buni koʻrgan ishbilarmon, tadbirkor, biznesmenlar bilan birga paxtachilikka kapital-mablagʻ oqib kela boshladi.

Biz bir narsani yaxshi anglab oldik, deydi “Sinszyan Myanxua Chanye (Sinszyan paxta yetishtirish birlashmasi)”ning yetakchi menejerlaridan biri. Kichik paxtachilik xoʻjaliklaridan foyda yoʻq ekan, oʻzaro raqobat esa nafaqat zararli, balki paxtachilikni rivojlantirishga toʻsqinlik ham qilar ekan. Yirik Sinʼszyan paxta ishlab chiqarish birlashmasisiz jahon bozorida raqobat qila olmasligimizga ishonch hosil qildik, deb gapini tugatdi menejer.

Xitoy eksport qilish uchun ilgari zarur boʻlgan, Umumjahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlganidan keyin esa, xuddi shuning oʻzi, toʻsqinlik qilayotgan kvotalarni bekor qildi. Bir soʻz bilan aytganda, paxta va ip gazlamalarida ishlaydigan korxona va ishchi kollektivlari jiddiy ragʻbatlantirila boshlandi.

Siz “Oʻzbekiston – Xitoy va jahon paxtasi” nomli turkum materiallarining 2 qismi bilan tanishdingiz. Maqolaning 3-“Amerika Paxtasi” qismi ertaga eʼtiboringizga havola etiladi.

Saytimizni kuzatib boring.

7 355
Irismat Abduxoliqov, OʻzA