Xitoy ishbilarmonlari bilan uchrashuv
Samarqandda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi hamda Xitoy Xalq Respublikasining Shensi provinsiyasi Xitoy xalqaro savdo taraqqiyotiga ko‘maklashuvchi qo‘mitasi tomonidan biznes-forum va kooperatsion birja o‘tkazildi.
Samarqandda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi hamda Xitoy Xalq Respublikasining Shensi provinsiyasi Xitoy xalqaro savdo taraqqiyotiga ko‘maklashuvchi qo‘mitasi tomonidan biznes-forum va kooperatsion birja o‘tkazildi.O‘zbekiston va Xitoy ishbilarmon doiralari vakillari, Samarqand viloyati va Shensi provinsiyasi rahbarlari ishtirok etgan tadbirda mamlakatlarimiz o‘rtasida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy, texnikaviy, energetika va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik izchil rivojlanib borayotgani ta’kidlandi.
Ikki davlat rahbarlari uchrashuvlari chog‘ida erishilgan kelishuvlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirishda muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilayotir. Xususan, 2015-yilning sentabr oyida Prezidentimiz Islom Karimovning Xitoyga tashrifi, Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning 2016-yil iyun oyida mamlakatimizga davlat tashrifi ikki tomonlama munosabatlarni mazmunan boyitish, jumladan, o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi muttasil o‘sib, joriy yilning dastlabki to‘rt oyida 1,4 milliard dollarni tashkil etdi. Xitoyning O‘zbekiston iqtisodiyotiga jalb qilgan investitsiyalari va kreditlari hajmi 6,5 milliard dollardan oshgan. Mamlakatimizda Xitoy kapitali ishtirokida tashkil etilgan 651 korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. 75 yetakchi firma va kompaniya o‘z vakolatxonasini ochgan. Bugungi kunda ikki tomonlama hamkorlik aloqalari, ayniqsa, yuqori texnologiyalar sohasida faol rivojlanib bormoqda.
– Ikki davlat rahbarlarining tashabbusi bilan 2013-yilda Samarqand viloyati va Shensi provinsiyasi o‘rtasida birodarlik aloqalari yo‘lga qo‘yildi, – deydi Shensi provinsiyasi vitse-gubernatori Vang Lisia. – Bu ikki tarixiy shahar Buyuk ipak yo‘lining muhim bo‘g‘inlaridan biri sifatida sivilizatsiya, savdo-sotiq, ilm-fan, madaniyat markazi bo‘lgan. Bugun ham mazkur hududlar ikki davlatning iqtisodiyoti jadal rivojlanib borayotgan markazlari hisoblanadi. Ushbu forum kelgusida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish, birgalikda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, tadbirkorlarning o‘zaro faoliyati bilan yanada yaqinroq tanishishlariga imkoniyat yaratish maqsadida tashkil etildi.
Biznes forumda Shensi provinsiyasi va Samarqand viloyati yirik kompaniya va korporatsiyalari, firmalar tog‘-kon sanoati, investitsiya va zamonaviy texnologiyalar, to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi, sug‘urta faoliyati, sayyohlik yo‘nalishlari bo‘yicha o‘z taqdimotlarini o‘tkazdi. Ikki davlat ishbilarmon doiralari vakillari mahsulot yetkazib berish va xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha kelishuvlarga erishdi.
Tadbir doirasida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Samarqand viloyati hududiy boshqarmasi hamda Shensi provinsiyasi Xitoy xalqaro savdo taraqqiyotiga ko‘maklashuvchi qo‘mitasi o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha memorandum imzolandi.
Xitoylik mehmonlar Samarqanddagi yirik korxona va firmalar faoliyati bilan tanishib, shahardagi tarixiy obidalar va zamonaviy inshootlarni tomosha qildi.