Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

03.02.2017 13:58 Chop etish versiyasi

Xaridorgir mahalliy mahsulotlar

Xaridorgir mahalliy mahsulotlar “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasida faoliyat ko‘rsatayotgan “Polietilen quvurlar” sho‘ba korxonasida ishlab chiqarilayotgan 4 xil polietilen quvurlar yuqori sifati bilan xaridorlarga manzur bo‘lmoqda.

Prezidentimiz rahnamoligida mamlakatimizda yaratilayotgan qulay ishbilarmonlik muhiti, tadbirkorlarga berilayotgan keng imtiyoz va preferensiyalar ichki bozorni sifatli, raqobatbardosh, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar bilan to‘ldirishda muhim omil bo‘layotir. “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasida faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlik subyektlari ham soliq va bojxona imtiyozlaridan samarali foydalanib, katta muvaffaqiyatlarga erishmoqda.

Ushbu hududda “Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi” unitar sho‘ba korxonasi tarkibida tashkil etilgan korxona 2016-yilda mahalliy iste’molchilarga 10 milliard so‘mlikdan ziyod polietilen quvurlar yetkazib berdi.

– Korxonamiz mutaxassislari yangi mahsulotlar ishlab chiqarish ustida muntazam izlanish olib bormoqda, – deydi korxona bosh muhandisi H.Karimov. – Xususan, kelgusida keng turdagi polimer mahsulotlar tayyorlash rejalashtirilmoqda. Diametri 20 millimetrdan 250 millimetrgacha bo‘lgan o‘lchamdagi jahon standartlariga to‘la javob beradigan polietilen quvurlar bino va inshootlarning ichimlik suvi, kanalizatsiya tarmoqlarida keng foydalaniladi.

Korxonada ish ikki smenada tashkil etilgan bo‘lib, ishchilar uchun barcha sharoit yaratilgan. Kiyinish, yuvinish xonalari va oshxona zamonaviy jihozlangan. Ma’naviyat xonasi vaqtli matbuot nashrlari, turli janrdagi kitoblar bilan ta’minlangan. Ishchilarning ishga kelib-ketishi uchun maxsus xizmat avtobusi yo‘lga qo‘yilgan. Yosh kadrlarning o‘z ustida ishlashi va ish tajribasini oshirishi uchun belgilangan muddatda malakali mutaxassislar ishtirokida sinov mashg‘ulotlari o‘tkaziladi.

Mahsulot tayyorlashda ishlatiladigan polietilen granulasi va superkonsentrat xomashyolarining me’yoriy ko‘rsatkichlarini belgilashda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti huzuridagi Polimerlar kimyosi va fizikasi ilmiy-tadqiqot markazi bilan hamkorlik yaxshi samara bermoqda.

Yiliga 1 ming 500 tonna polietilen granulasini qayta ishlash quvvatiga ega korxona ishchilarining aksariyati kasb-hunar kollejlarini bitirgan yosh mutaxassislardir.

Erkin iqtisodiy zonada alohida bojxona va soliq imtiyozlari joriy etilgani ishlab chiqaruvchilar va xorijlik sarmoyadorlar uchun qo‘shimcha qulaylik yaratmoqda.

Nuriddin Rahimov, Siroj Aslonov (surat), O‘zA
1 154






Все о погоде - Pogoda.uz