Karmana tumanidagi agrofirmada Italiyadan keltirilgan nasldor quyonlar parvarishlanmoqda
Har bir quyon kamida 15 kilogrammgacha tosh bosadi.
Mamlakatimizda agrar sohada amalga oshirilayotgan izchil islohotlar qishloq hayotini tubdan o‘zgartirib, aholining turmush farovonligini yanada yuksaltirishga xizmat qilmoqda.Bugungi fermer paxta va g‘alla yetishtirish bilan birga, ishlab chiqarish, qayta ishlash, xizmat ko‘rsatish va boshqa ijtimoiy-iqtisodiy faoliyat turlarida ham katta muvaffaqiyatlarga erishmoqda. Agrar sohaning serdaromad tarmoqlaridan bo‘lgan chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik, quyonchilik, asalarichilikni rivojlantirish maqsadida qator loyihalar amalga oshirilmoqda.
Navoiy viloyatida ham quyonchilikni rivojlantirish, naslchilik ishlarini takomillashtirish va ushbu yo‘nalishda ixtisoslashgan ko‘p tarmoqli agrofirmalar tashkil etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, Karmana tumanidagi “Qo‘rg‘on dala” agrofirmasida Italiyadan keltirilgan naslli oq velikan zotli quyonlar parvarishlanmoqda.
– O‘tgan yili may oyida tashkil etilgan xo‘jaligimizga dastlab 104 zotdor quyon keltirilgan edi, – deydi agrofirma rahbari Alisher Qobilov. – Shu qisqa vaqtda ular soni 2 mingga yetdi. Har bir quyon kamida 15 kilogrammgacha tosh bosadi.
Izlanuvchan fermer naslli quyonlarni parvarishlash sirini qisqa fursatda o‘zlashtirdi. Xona harorati mo‘tadilligini ta’minlab, vaqti-vaqti bilan havosini almashtirdi. Kichik laboratoriya tashkil etib, quyonlarni sun’iy urchitishni yo‘lga qo‘ydi. Agrofirma rahbarining ta’kidlashicha, quyonlar 28 kunda 15 tagacha bolalaydi.
Maxsus ozuqa bilan parvarishlanayotgan quyonlarni mahalliylashtirish ishlari ham olib borilmoqda. Tadbirkor yurtimizda quyonchilikni rivojlantirishga qiziqqan aholiga naslli quyonlar yetishtirib bermoqda.
Quyonlar olinadigan mahsulotga qarab ikki guruhga ajratiladi – go‘sht uchun, terisi uchun. Go‘shtining biologik qiymati, yumshoqligi, yog‘ va xolesterin moddasi kamligi hisobga olinib, tibbiyotda allergiya, gipertoniya, oshqozon-ichak, me’da, o‘t-pufak, jigar kasalliklarini davolashda foydalaniladi. Quyon momig‘idan tayyorlangan ashyolar davolovchi xususiyatga ega bo‘lib, nevrologiya, radikulit bilan og‘rigan bemorlarga tavsiya etiladi. Quyon momig‘i issiqni saqlash xususiyatiga ko‘ra qo‘y junidan 10 barobar afzaldir.
“Mikrokreditbank”ning viloyat filialidan olingan 250 million so‘m imtiyozli kredit hisobidan ish boshlagan tadbirkor endilikda quyonlar sonini 50 mingtaga yetkazib, xorijdan quyon go‘shtini qadoqlash texnologiyasi keltirishni mo‘ljallamoqda, terisini eksport qilishni rejalashtirayotir.