Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

25.09.2017 15:28 Chop etish versiyasi

Xalqimiz ishonchini mustahkamlayotgan ezgu islohotlar

Xalqimiz ishonchini mustahkamlayotgan ezgu islohotlar Prezidentimiz tashabbusi bilan ishlab chiqilgan 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi mamlakatimiz va xalqimiz hayotida yangi taraqqiyot bosqichini boshlab berdi.

Harakatlar strategiyasida siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy sohalarni jadal rivojlantirish, davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarini yangilash, iqtisodiyotni erkinlashtirish, aholi uchun munosib turmush sharoiti yaratishdek ezgu maqsadlar mujassam bo‘lib, odamlarning ertangi kunga ishonchini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Jumladan, 2017-2021-yillarda umumiy qiymati 40 milliard AQSh dollari miqdoridagi 649 investitsiya loyihasining amalga oshirilishi natijasida keyingi 5-yilda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 1,5 barobar, uning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 33,6 foizdan 36 foizgacha, qayta ishlash tarmog‘i ulushi 80 foizdan 85 foizgacha oshadi. Bunday yuksak marralarga erishishga navoiylik konchilar ham munosib hissa qo‘shadi, albatta.

Prezidentimiz rahnamoligida Navoiy kon-metallurgiya kombinatini rivojlantirishning 2017-2026-yillarga mo‘ljallangan ikkita dasturi qabul qilindi. Unga ko‘ra, kombinatga keyingi 10-yilda 27 investitsiya loyihasi uchun 3 milliard 63 million dollar ajratildi. Bu loyihalarning amalga oshishi natijasida ulkan korxonada qimmatbaho metallar ishlab chiqarish hajmi 30 foizga oshadi va 31 mingga yaqin yangi ish o‘rni yaratiladi. Joriy yil mart oyida davlatimiz rahbari Navoiy viloyatiga tashrifi chog‘ida ana shu loyihalardan biri – Auminzo-Amantay koni negizida 5-gidrometallurgiya zavodi barpo etishga bag‘ishlangan marosimda ramziy tugmani bosib, qurilish boshlanishiga start bergani navoiylik konchilarni yanada ruhlantirib yubordi. Bunday yirik loyihalarning amalga oshirilishi davlatimiz iqtisodiy qudratini yanada oshirib, minglab oilalar, ayniqsa, yoshlarni ish bilan ta’minlash, ularning turmushini farovon qilishga zamin yaratadi.

Mahalliylashtirish – muhim yo‘nalish

Bugungi kunda iqtisodiyotimizda yetakchi o‘rin egallab kelayotgan kon-metallurgiya sanoati, neft va gaz kimyosi, temir yo‘l mashinasozligi, avtomobilsozlik sanoati qatorida keyingi yillarda zamonaviy qurilish materiallari, maishiy elektronika, farmatsevtika, yuqori texnologiyalarga asoslangan oziq-ovqat va to‘qimachilik sanoati kabi soha va tarmoqlar jadal rivojlanmoqda. Eksport tarkibida tayyor mahsulotlar ulushi 70 foizdan ortiqni tashkil etmoqda.

Xalqimiz ishonchini mustahkamlayotgan ezgu islohotlar

Mamlakatimizni iqtisodiy rivojlantirishning muhim shartlaridan biri sifatida mahalliylashtirish, mahalliy xomashyo va ishlab chiqarish zaxiralaridan keng foydalanish asosida zamonaviy raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu bois yurtimizda tayyor mahsulot, butlovchi qismlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni chuqurlashtirish, tarmoqlararo sanoat kooperatsiyasini kengaytirish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar izchil amalga oshirilmoqda. Bu borada davlatimiz rahbarining 2016-yil 26-dekabrdagi “2017-2019-yillarda tayyor mahsulot turlari, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirishning istiqbolli loyihalarini amalga oshirishni davom ettirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori muhim dasturilamal bo‘layotir.

Navoiy kon-metallurgiya kombinatida ham mahalliylashtirish dasturi doirasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Korxonada 2017-yilda amalga oshirilgan import mahsulotlarining deyarli yarmi kimyoviy reaktivlar va reagentlar, yuk avtomashinalari va karer samosvallari uchun shinalar hissasiga to‘g‘ri keladi. Bundan tashqari, yurtimizga portlatish vositalari, yuqori texnologik uskunalar uchun mineral moylar, ayrim turdagi metall mahsulotlari, burg‘ilash uskunalari kabi mahsulotlar keltirilmoqda.

Kombinatda yaqin istiqbolda importni qisqartirish yuzasidan aniq manzilli chora-tadbirlar ko‘zda tutilgan. 2015-yilda import hajmini 47,3 million AQSh dollari miqdorida qisqartirishga erishilgan bo‘lsa, 2019-yilda bu ko‘rsatkichni qariyb 1,7 barobar oshirish mo‘ljallangan. Bunda import hajmi ishlab chiqarishni mahalliylashtirish hisobidan 14,8 million, sanoat kooperatsiyasi, import hajmi va tarkibini optimallashtirish hisobidan 63,7 million dollar miqdorida qisqartirishga erishiladi. Mahalliylashtirish dasturi doirasida 2015-yilda 24,4 milliard so‘mlik loyihalar amalga oshirilgan bo‘lsa, 2021-yilga borib bu ko‘rsatkichni deyarli 3 barobar oshirish rejalashtirilgan.

2017-2019-yillarga mo‘ljallangan mahalliylashtirish dasturi doirasida 41 loyiha amalga oshiriladi. Bugungi kunda dasturga 12 milliard so‘mlik turli dastgohlar, kon-shaxta va texnologik uskunalar, ekskavatorlar uchun butlovchi buyumlar va berkitish armaturalarini ishlab chiqarish bilan bog‘liq qo‘shimcha 7 yangi loyiha kiritish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda. Joriy yilning birinchi choragida 10,8 milliard so‘mlik mahalliylashtirilgan mahsulot ishlab chiqarilib, prognoz ko‘rsatkichi 108,9 foizga bajarildi. Import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish borasida qator sanoat korxonalari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.

Kombinat tomonidan Surxondaryo viloyatida Termiz mexanika zavodi bunyod etilishi importni qisqartirish borasida amalga oshirilgan yirik loyihalardan biridir. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlashga mo‘ljallangan va oziq-ovqat sanoati uchun 6 turdagi uskuna va ehtiyot qismlar ishlab chiqariladigan mazkur korxona foydalanishga topshirilishi bilan 85 yangi ish o‘rni yaratildi.

Istiqbolda importni optimallashtirish va mahalliylashtirish doirasidagi ishlar ko‘lamini yanada kengaytirish rejalashtirilgani yangi ish o‘rinlari yaratish, ijtimoiy muammolarni hal etish imkonini beradi.

Ilm-fan yutuqlarining xalqaro e’tirofi

O‘zbekiston jahon ilm-fani taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk allomalar yurti. Oqqan daryo oqaveradi, deganlaridek, mustaqillik yillarida mamlakatimiz nafaqat ishlab chiqarish, balki ilm-fan sohasida ham katta yutuqlarga erishayotir. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan iqtisodiyotning innovatsion rivojlanishida ilm-fanning ahamiyati e’tiborga olinib, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi tashkil etilishi kombinat va Zarafshon vohasi hayotida muhim voqea bo‘ldi.

Bugungi kunda ishlab chiqarishni ilm-fanning so‘nggi yutuqlaridan ayri holda rivojlantirib bo‘lmaydi. Kombinat jamoasi erishayotgan yutuqlarda korxona muhandis-texniklari va olimlarining ham munosib hissasi bor. Ular tomonidan ishlab chiqarishga joriy etilayotgan ilmiy ishlanma va g‘oyalar kombinatning ishlab chiqarish quvvatini doimiy oshirib borish va har qanday murakkab vaziyatni o‘z vaqtida hal etishga imkon yaratmoqda. Kombinatda hozirgi kunda 4 nafar fan doktori va 30 dan ortiq fan nomzodi turli yo‘nalishlarda ilmiy izlanishlar olib bormoqda. Ularning ilmiy kashfiyotlarini jahondagi eng nufuzli ilmiy markazlar ham e’tirof etayotir. Joriy yil may oyida Jenevadan xushxabar keldi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan ta’sis etilgan Butunjahon intellektual mulk tashkilotining maxsus ekspertiza komissiyasi xulosasiga ko‘ra, kombinatning bir guruh olim va mutaxassislari murakkab tarkibli oltin rudalaridan oltinni ajratib olish texnologiyasini yaratgani uchun “Eng yaxshi ixtirochi” oltin medali bilan taqdirlangani, bu yurtimiz ilm-fani va metallurgiyasiga berilgan yuksak bahodir.

Inson manfaati har narsadan ustun

Mamlakatimizda har bir yilga alohida nom berish va shu asosda Davlat dasturi qabul qilish an’anaga aylangan. Bu ma’lum sohani modernizatsiya qilish, shu yo‘nalishdagi ishlarni yanada jadallashtirish borasida yuksak samaralar bermoqda. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2017-yilning yurtimizda Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili, deb e’lon qilingani ana shu ezgu an’analarni yangi bosqichga ko‘tardi.

Xalqimiz ishonchini mustahkamlayotgan ezgu islohotlar

Xalq manfaatini ko‘zlab, amaliy faoliyat kuchaytirildi. Bu jihatdan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari va Virtual qabulxonasi yuksak samaralar bermoqda. Xalq qabulxonalari o‘tgan qisqa davrda fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlashda muhim rol o‘ynaydigan o‘ziga xos institutga aylandi.

“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” davlat korxonasiga joriy yil boshidan buyon yuridik va jismoniy shaxslardan 3 mingdan ortiq og‘zaki va yozma murojaat kelib tushdi. Murojaatlarda asosan aholi bandligini ta’minlash, ijtimoiy sohadagi kamchiliklar, xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash kabi masalalar ko‘tarilgan. Shuni hisobga olib, bu boradagi ishlarni yanada faollashtirish maqsadida chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilib, kombinat bo‘linmalarida seminarlar, ochiq muloqot va uchrashuvlar tashkil etilmoqda.

Jumladan, Shimoliy, Markaziy va Janubiy kon boshqarmalarida o‘tkazilgan tadbirlarda ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy va boshqa sohalarda yuzaga kelgan muammolar yechimiga alohida e’tibor qaratildi.

Xalq bilan muloqot va murojaatlar bilan ishlashda Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan «Insonlarning dardu tashvishlarini o‘ylab yashash – odamiylikning eng oliy mezonidir» degan ezgu g‘oya kundalik shiorimizga aylangan. Bugun xalqimiz his qilayotgan haqiqat shuki, davlat idoralari odamlar bilan ochiq muloqot qilishga kirishgan. Maqsad – xalqimizni hayotdan rozi qilish, uning farovon yashashi uchun barcha sharoitlarni yaratishdan iboratdir.

Darvoqe, “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturi doirasida Qizilqum sahrosida qator bunyodkorlik va manzilli islohotlar amalga oshirilmoqda. Prezidentimizning Navoiy viloyatiga tashrifi chog‘ida yoshlarning qiziqishi va orzu-istaklarini inobatga olib, Uchquduqda yoshlar markazi qurish topshirig‘i berilgan edi. Navro‘z ayyomi arafasida bu shaharda muhtasham “Kelajak” yoshlar markazi foydalanishga topshirildi. Zamonaviy arxitektura talablari darajasida bunyod etilgan markazda 11 to‘garak tashkil etilib, ularda 400 dan ortiq yoshlar bilim va kasb mahoratini oshirayotir. 50 mingga yaqin kitob fondiga ega, elektron asarlar bazasi mavjud kutubxona yosh avlodning kitobga qiziqishini oshirishga xizmat qilmoqda.

Mustaqilligimizning 26-yilligi bayrami arafasida Zafarobod qo‘rg‘onida 5 milliard so‘m mablag‘ evaziga “Yangi hayot” sog‘lomlashtirish majmuasi foydalanishga topshirildi. Majmuada kombinat 5-kon boshqarmasi ishchi-xodimlari va ularning farzandlari uchun madaniyat va sport to‘garaklari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Quvonarlisi, majmuadagi yopiq suv havzasi yil davomida uzluksiz faoliyat ko‘rsatadi. Navoiy shahri markazidagi “So‘g‘diyona” stadioni qayta ta’mirlanishi natijasida yoshlarimiz uchun sportning futbol, og‘ir atletika, kurash, stol tennisi, shaxmat kabi turlari bilan muntazam shug‘ullanish imoniyati yaratildi.

Bugun zamon o‘zgarmoqda. Shu yurt ravnaqiga hissa qo‘shaman, degan har bir rahbar shiddatli zamonga mos ish olib borishi, bor kuch- g‘ayratini aholining davlatdan, o‘z hayotidan rozi bo‘lib yashashi uchun safarbar etishi, joylardagi mavjud kamchilik va muammolarni bartaraf etish payida bo‘lishi lozim.

Muxtasar aytganda, xalqimiz manfaatini ko‘zlab amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va yangilanishlar fuqarolarimizda shukronalik tuyg‘usini yuksaltirib, ertangi kunga ishonchini mustahkamlamoqda.

Quvondiq Sanaqulov,

O‘zbekiston Qahramoni, Oliy Majlis Senati a’zosi,
Navoiy kon-metallurgiya kombinati bosh direktori.

Siroj Aslanov (surat), O‘zA
2 098






Все о погоде - Pogoda.uz