O‘zA O`zbek

13.10.2019 Chop etish versiyasi

Xalqaro toʻlov kartalaridagi mablagʻlarni soʻmda naqdlashtirishda komissiya olinayotgani yuzasidan izoh berildi

Xalqaro toʻlov kartalaridagi mablagʻlarni soʻmda naqdlashtirishda komissiya olinayotgani yuzasidan izoh berildi

Xalqaro toʻlov kartalaridagi mablagʻlarni bankomatlar orqali naqdlashtirilishi yuzasidan Oʻzbekiston respublikasi Markaziy banki axborot berdi.

Unda qayd etilganidek, joriy yilning 1-oktyabridan boshlab xalqaro tajribaga asosan xalqaro toʻlov kartalaridagi mablagʻlarni mamlakat hududidagi bankomatlar orqali faqat milliy valyuta – “soʻm”da naqdlashtirish amaliyoti joriy qilindi.

Jismoniy shaxs – rezidentlar (Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari) bevosita bank kassalarida shaxsni tasdiqlovchi hujjat (fuqarolik pasporti yoki harbiy guvohnoma) taqdim etgan holda xalqaro toʻlov kartalaridagi xorijiy valyutani cheklanmagan miqdorda naqdlashtirishlari mumkin.

Soʻnggi paytlarda ayrim ommaviy axborot vositalarida naqdlashtirish jarayonida komissiya olinayotganligi toʻgʻrisida chop etilgan maqolalar yuzasidan Markaziy bank quyidagilarni maʼlum qiladi.

Oʻzbekiston Respublikasining “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonuniga asosan, bank tijorat tashkiloti boʻlib, bank operatsiyalarini amalga oshirishga doir qarorlar qabul qilishda mustaqildir.

Maʼlumki, xalqaro toʻlov kartalari orqali amalga oshiriladigan tranzaksiyalar xalqaro toʻlov tizimlari (Visa, Master Card, China Union Pay va hokazo) vositasida bajarilib, ushbu tizimlar tomonidan har bir tranzaksiya uchun tijorat banklaridan muayyan komissiya toʻlovi undiriladi.

Bundan tashqari, tijorat banklarining naqd chet el valyutasi bilan bogʻliq operatsion xarajatlari ham mavjud boʻlib, ular naqd xorijiy valyutani respublikaga olib kirish, olib chiqish, qayta sanash, transport va boshqa xarajatlarni oʻz ichiga oladi.

Oʻz navbatida, banklar xoʻjalik yurituvchi subyekt sifatida hamda daromad olish maqsadida mijozlardan undiriladigan xizmat haqini mazkur xarajatlarni inobatga olgan holda tasdiqlaydilar.

Qayd etish joizki, soʻnggi yillarda bank tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida banklar oʻrtasida raqobat muhiti shakllanmoqda. Bu oʻz navbatida, bank xizmatlariga oʻrnatilgan tariflarning ommabop boʻlishiga va pasayishiga xizmat qilmoqda.

Xususan, bugungi kunda bank kassalari orqali xalqaro toʻlov kartalaridagi xorijiy valyutani naqdlashtirish uchun oʻrnatilgan komissiya 0,5 – 1 foiz oraligʻida (ayrim banklarda bepul) boʻlib, boshqa MDH mamlakatlaridagi ushbu turdagi xizmat uchun oʻrnatilgan tariflardan (oʻrtacha 2%) sezilarli darajada pastdir.

Aholiga qulaylik yaratish maqsadida mamlakatdagi barcha valyuta ayirboshlash shoxobchalari tegishli terminallar bilan jihozlangan. Bundan tashqari, mamlakat boʻylab 633 ta avtomatlashtirilgan valyuta ayirboshlash shoxobchalari “24/7” rejimida faoliyat koʻrsatmoqda, deyiladi xabarda.

1 668
O'zA