O‘zA O`zbek

02.09.2018 10:00 Chop etish versiyasi

Xalqaro koʻrgazma istiqboldagi hamkorlikka poydevor boʻladi

Xalqaro koʻrgazma istiqboldagi hamkorlikka poydevor boʻladi
Davlatimiz rahbarining 2017-yil 14-dekabrdagi “Toʻqimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” gi farmoni kelajakda iqtisodiyot tarmoqlari, ayniqsa toʻqimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini modernizatsiyalash, diversifikatsiyalash va taraqqiy ettirishni taʼminlashga xizmat qilishi bilan ahamiyat kasb etadi.

Mahalliy va salohiyatli xorijiy investorlarni jalb etish uchun soha korxonalarini zamon talablariga mos ravishda rivojlantirish va tejamkor uskunalar bilan jihozlashga qaratilgan mazkur hujjat hamda boshqa qator qarorlarga muvofiq paxta tolasi, ipak xomashyosini chuqur qayta ishlash, raqobatbardosh, tashqi bozorda talab qilinadigan tayyor, eksportga yoʻnaltirilgan mahsulotlar ishlab chiqarish hajmlari va turlarini kengaytirish boʻyicha dasturlar ishlab chiqilib, amalga kiritildi. Natijada yurtimizda koʻplab yangi mahsulotlar tayyorlash oʻzlashtirildi.

Joriy yilning 4-7-sentyabr kunlari Toshkent shahrida Tekstil ishlab chiqaruvchilari xalqaro federatsiyasi bilan hamkorlikda “Uzbekistan Textile Conference” xalqaro konferensiyasi hamda “UzTextile Expo” xalqaro tekstil va moda sanoati koʻrgazmasi boʻlib oʻtadi. Unda tarmoqda faoliyat olib borayotgan mamlakatimizdagi hamda xorijiy qator korxonalarning yetuk mutaxassislari tajriba almashib, kelgusidagi rejalari bilan oʻrtoqlashadilar, oʻz mahsulotlarini namoyish etishadi.

– Koʻrgazmada Navoiy shahridagi “Ishonch gilam” qoʻshma korxonasi, “Baxt textil”, “Navoiy Tinch Tekstil” masʼuliyati cheklangan jamiyatlari, “Navbahor textile” chet el korxonasi, Zarafshon shahrining “ Velan” qoʻshma korxonasi, Karmana tumanidagi “Richard best silk” masʼuliyati cheklangan jamiyati, Konimex tumanining “Qizilqumwooltex”, “Konimextex” masʼuliyati cheklangan jamiyatlari, Qiziltepaning “New Textile Navoi”, shuningdek, “Nurota tikuvchilik”, “Xatirchi textile” jamiyatlari, “Xatirchi pilla xazinasi” xususiy korxonasi va boshqa tashkilotlarning ishtiroki kutilmoqda, – deydi viloyat iqtisodiyot va hududlarni kompleks rivojlantirish bosh boshqarmasi boʻlim mutaxassisi Sh.Ibrohimov. – Ular tomonidan gilam, kalava ip, paypoq, tuya juni mahsulotlari, presslangan jun, tayyor tikuvchilik materiallari taqdim etiladi. Ularni yetkazib berish, shuningdek, yangi investitsion loyihalarni hamkorlikda amalga oshirish, texnologiyalar xarid qilish boʻyicha mahalliy hamda xorijlik investorlar bilan shartnomalar tuzish rejalashtirilmoqda.

Nuriddin Rahimov, OʻzA
4 344