O‘zA O`zbek

26.07.2020 Chop etish versiyasi

“Uzbekistan GTL” zavodida olib borilayotgan qurilish-montaj ishlari holati qanday?

“Uzbekistan GTL” zavodida olib borilayotgan qurilish-montaj ishlari holati qanday?

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan mintaqadagi eng yirik korxonaning qurilish ishlarini 2020-yilning soʻngiga qadar yakunlab, uni ishga tushirish borasida topshiriqlar berildi.

Mazkur topshiriqlarning amalda bajarilishini taʼminlash maqsadida “Oʻzbekneftgaz” AJ boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev “GTL” zavodida boʻldi va u yerdagi qurilish-montaj ishlari holatini oʻrgandi.

Unda tunu kun ish davom ettirilayotgan “GTL” zavodining asosiy texnologik qurilmalarining qurilish jarayoni hamda qurilish maydonida faoliyat olib borayotgan mutaxassis va ishchi-xodimlarning mehnat sharoiti bilan yaqindan tanishildi.

Oʻzbekistonda va butun dunyoda vujudga kelgan epidemiologik vaziyatga qaramasdan, sintetik suyuq yoqilgʻi ishlab chiqarish boʻyicha mintaqadagi eng yirik boʻlgan zavod qurilishi davom etmoqda.

Tanishuv chogʻida ushbu strategik muhim loyihani amalga oshirishda ishtirok etayotgan har bir xodimning hayoti va sogʻligʻini himoya qilish, uning sifatli va oʻz vaqtida bajarilishiga qaratilgan bir qator koʻrsatma va topshiriqlar berildi.

“GTL” zavodi rahbari Fahriddin Abdurasulovning maʼlum qilishicha, investitsiya loyihasini amalga oshirish ishlari yakuniy bosqichda. Bu yerda 10 ming nafarga yaqin ishchi-xodim mehnat qilmoqda. Jarayonda minglab texnikalardan unumli foydalanilmoqda.

Taʼkidlash kerakki, Qashqadaryo viloyati hududidagi ushbu “Shoʻrtan gaz kimyo kompleksining tozalangan metan negizida sintetik suyuq yoqilgʻi ishlab chiqarish” investitsiya loyihasi mamlakat iqtisodiyoti uchun oʻzining muhim strategik ahamiyatiga ega. “Uzbekistan GTL” toʻliq loyihalash quvvatiga erishgach, yiliga 3,6 milliard kub metr tabiiy gaz (metan) qayta ishlanadi va 1,5 million tonna yuqori sifatli sintetik suyuq yoqilgʻi, jumladan, 307 ming tonnadan ortiq aviakerosin, 724 ming tonna dizel yoqilgʻisi, 437 ming tonna nafta va 53 ming tonna suyultirilgan gaz ishlab chiqariladi.

Zavod dunyoning neft va gaz kimyosi sohasida yetakchi hisoblanadigan Sasol (Janubiy Afrika), Haldor Topsoe (Daniya) va Chevron (AQSH) kabi kompaniyalarning texnologiyalari asosida loyihalashtirilgan boʻlib, bu yerda 808 ta yangi ish oʻrni yaratiladi.

Eslatib oʻtamiz, loyiha doirasida qurilish-montaj ishlarini joriy yilning dekabr oyiga qadar tugatish boʻyicha barcha choralarni koʻrilmoqda.

“Oʻzbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati

15 197
OʻzA