O‘zA O`zbek

16.05.2020 Chop etish versiyasi

UZBEKISTAN AIRPORTS: tanlov bitta boʻladi

UZBEKISTAN AIRPORTS: tanlov bitta boʻladi

Bugungi kunda dunyodagi eng zamonaviy xalqaro aeroportlar haqida gap ketganda Singapur, Buyuk Britaniya, Germaniya, Yaponiya, Turkiya, Xitoy, Birlashgan Arab Amirliklari kabi rivojlangan davlatlarning tajbirasi, yoʻlovchilarga qulayliklarni taqdim etadigan zamonaviy infratuzilmasi – uchish-qoʻnish yoʻlaklari, shinam terminallari, aerovokzallarini koʻz oldimizga keltiramiz.

Joʻgʻrofiy jihatdan muhim nuqtada, yuqori xizmat koʻrsatishga ega xalqaro aeroport borki, mamlakat iqtisodiyoti, savdo-investitsiyaviy, sayyohlik jozibadorligini dunyoga koʻz-koʻz qilishda muvaffaqiyat kaliti boʻlib xizmat qiladi.

Statistika qoʻmitasi hisobotida keltirilishicha, 2020-yilning birinchi choragida Oʻzbekistonga tashrif buyurgan xorijlik sayyohlar soni 1,2 million kishini tashkil etdi. Bu oʻtgan yilning tegishli davriga nisbatan 12 foizga kamdir.

Butunjahon turistik tashkiloti maʼlumotiga koʻra, koronavirus tufayli dunyoning 96 foiz mamlakatida sayohatlar uchun cheklovlar joriy qilingan, 56 mamlakat toʻliq yoki qisman xalqaro reyslarni toʻxtatgan.

Biroq, yaqin 3-5 yillar ichida Oʻzbekiston xalqaro aeroportlari fuqarolarimiz va yurtimizga tashrif buyurayotgan mehmonlar uchun barcha shart-sharoitlarni yaratib, xizmat koʻrsatish sifatlari boʻyicha jahonda yuqori oʻrinlarni egallasa ajab emas.

Davlatimiz rahbarining 2018-yil 27-noyabrda imzolagan “Oʻzbekiston Respublikasining fuqaro aviatsiyasini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoniga binoan “Oʻzbekiston havo yoʻllari” Milliy aviakompaniyasi tugatilib, “Uzbekistan Airports” hamda“Uzbekistan Airways” aksiyadorlik jamiyatlariga aylantirildi.

“Uzbekistan Airports” AJga respublikamizdagi 11 ta MCHJ maqomidagi aeroportlarni zamon talablari asosida rivojlantirish vazifasi yuklatildi.

Qimirlagan qir oshar

Qisqa muddatda Jahon banki, Germaniya va Rossiyaning yetakchi kompaniyalari bilan hamkorlikda Oʻzbekiston aeroportlari infratuzilmasini rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqilmoqda.

Bunda eng avvalo bozor talabi, aeroportlarning geografik joylashuvi, parvozlar xavfsizligi, yoʻlovchilar tanlovi asosida keng turdagi xizmatlar koʻrsatish imkoniyatlari hisobga olinmoqda.

Germaniyalik mutaxassislar ishtirokida “Toshkent” xalqaro aeroportini modernizatsiya qilish boʻyicha tayyorlangan qoʻshma kelishuvda ushbu inshootning terminaldagi oʻtkazish qobiliyatini oshirish, yoʻlovchilarning vaqtini tejash, tirbandlikning oldini olish hisobiga yiliga 4 million yoʻlovchiga xizmat koʻrsatilayotgan boʻlsa, loyiha toʻla ishga tushgach, bu raqam 7 million kishiga yetishi maqsad qilingan.

Sharq durdonasi – Samarqand shahrida 2022-yilda boʻlib oʻtadigan SHHT sammitiga tayyorgarlik ishlari ham boshlab yuborilgan. Jahon andozalariga mos holda barpo etilayotgan Samarqand xalqaro aeroportining yoʻlovchi terminali qiyofasiga oʻziga xos koʻrk va chiroy berilmoqda, hamma qulayliklar yaratilmoqda. Ayni vaqtda qurilish-montaj, taʼmirlash jarayonlari avjida.

Qayta taʼmirlash ishlariga yurtimiz va xorijning tajribali loyihachilari, dizaynerlik, arxitektorlik, shuningdek, qurilish kompaniyalari jalb etilgan. Betakror ansamblni oʻzida jamlagan aerovokzal majmuasidagi inshootlar foydalanishga topshirilsa, terminal imkoniyatlari yana-da kengayadi. 2021-yilda yakuniga yetkaziladigan loyihaga koʻra, aeroport bir vaqtning oʻzida 6 ta havo kemasi va 1,5 ming fuqaroga xizmat koʻrsatish mumkin boʻladi.

Yevroosiyo qitʼasining qoq markazida qad koʻtargan Navoiy aeroporti — “xalqaro havo darvozasi” nomini olgani bejiz emas. Uning parvozlar chorrahasida joylashgani 6 soatlik vaqt oraligʻida shaharlarni yagona nuqtada birlashtirishiga imkon beradi. Bu strategik inshootning Navoiy markazidan 25 km., Buxoro shahridan 105 km., Samarqand shahridan 170 km., Qarshi shahridan esa 250 km. masofa oraligʻida ekani mahalliy aviaqatnovlar, yoʻlovchilar va eksport qiluvchi tadbirkorlar uchun juda katta qulaylik yaratadi.

Mazkur hududda bunyod etilgan xalqaro logistika markazi yurtimizni dunyo bilan havo yoʻli, temiryoʻl va avtomobil yoʻllari orqali chambarchas bogʻlab, import-eksport jarayonlari uzluksizligini taʼminlaydi.

Yuklarni qabul qilish, saqlash, qayta ishlash va manzilga joʻnatish masalalarida Navoiy xalqaro aeroporti bilan hamkorlik aloqalarini oʻrnatishni, logistika markazining sifatli xizmatlaridan foydalanishni maqsad qilgan xorijiy aviakompaniyalar, xalqaro eksport tashkilotlarining soni kun sayin ortib bormoqda.

Hozirda eng faol sheriklardan boʻlgan Turkiyaning “MNG Airlines” aviakompaniyasi Olmaota shahriga kelishuv asosida yuk reyslarini amalga oshirdi. “Turkish Airlines” aviakompaniyasi esa Istanbul shahri hamda Gonkong davlatiga haftada 3 tadan yuk tashish boʻyicha aviareyslarni yoʻlga qoʻygan. “SRX Transcontinental Inc” va “Vision Air” aviakompaniyasining yuklarni tashish yuzasidan tayyorlangan qoʻshma loyihasi amaliyotga tadbiq etishga tayyor. Karachi-Navoiy-Sharja va Bishkek-Navoiy-Pekin yoʻnalishlarida parvozlar qatnovi jadallashgan.“Barsell Enterprise” LTD Olympus Airlines aviakompaniyasi ham Barselona-Navoiy-Gonkong-Navoiy-Barselona yoʻnalishida har xafta 6 tadan texnik qoʻnish parvozlarini bajarib kelyapti. Shu kunlarda Navoiy-Pekin-Stokgolm-Navoiy yoʻnalishi boʻyicha parvozlar amalga oshirilmoqda.

Takliflar ham yetarli...

Xorijiy va mahalliy aviakompaniyalar uchun barcha qulayliklarning mavjudligi bilamizki, hamkorlar salmogʻining yana-da oshishiga xizmat qiladi. “Uzbekistan Airports” aksiyadorlik jamiyati AQSHning SITA kompaniyasi bilan xalqaro aeroportlarda raqamlashtirish tizimini joriy etish boʻyicha kelishuvlarga erishmoqda.

Shuningdek, jamiyat tasarrufidagi aeroportlar orqali parvozni amalga oshiruvchi aviakompaniyalarga yoʻlovchilarni roʻyxatga olish, parvozga tayyorlov jarayonida oʻz tizimlariga kirishi, vakolati doirasidagi vazifalarni muammosiz bajarishiga imkon beruvchi CUTE (Common Use Terminal Equipment) platformasini joriy qilish ishlari olib borilmoqda. Bu bilan yoʻlovchilar va ularning yuklarini SELF-CHECK-IN va SELF-DROP-BAG dasturi orqali online roʻyxatdan oʻtkazish imkoni yaratiladi.

Mamlakatimizdagi barcha xalqaro aeroportlarda davlat Dasturiga binoan “Ochiq osmon“ loyihasini bosqichma-bosqich joriy etish ishlari boshlangan. Avvaliga, “Andijon“, “Fargʻona“, “Namangan“, “Navoiy“ va “Nukus“, keyin esa barcha xalqaro aeroportlar uchinchi mamlakatlarga parvozlar uchun “beshinchi havo erkinligi“ni qoʻllash imkoniyati orqali “ochiq osmon“ tartibida ishlaydi.

Davlat-xususiy sheriklik asosida faoliyat

Sarmoyalar oqimini kuchaytirishda xalqaro aeroportlarni davlat-xususiy sheriklik asosida boshqarish tizimiga oʻtish katta rol oʻynaydi.

Mazkur masala Harakatlar strategiyasining “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat Dasturida ham oʻz ifodasini topgan.

Rejaga muvofiq, Urganch, Andijon, Qarshi, Nukus xalqaro aeroportlarida davlat-xususiy sheriklik asosida mahalliy va xorijiy investorlarni keng jalb etish, sayyohlarga zamonaviy xizmat koʻrsatish maqsad qilingan.

Niyati xolisning ishi xayrli

Islohotlardan kutilayotgan yakuniy natijalar shunday – tizimda avvalo monopoliyaga barham beriladi, iqtisodiyotning muhim tarmoqlaridan biri sanalgan xalqaro aeroportlarda davlat ishtirokining kamayishiga, sogʻlom raqobat vujudga kelishiga erishiladi.

Bundan tashqari, inshootlar modernizatsiya qilinadi, terminallar toʻliq yangilanadi, aholi talab va takliflari maksimal darajada hisobga olinadi.11 ta xalqaro aeroport aerovokzallariga tegishli bir kilometr radiusdagi atrof-hududlarida davlat-xususiy sheriklik asosida investorlar tomonidan zamonaviy mehmonxonalar, kafe-bar, kinoteatr, dyuti fri hamda brend doʻkonlari, ovqatlanish shohobchalari, restoranlar, sport va tibbiyot majmualari barpo etilib, keng rivojlantiriladi. Logistika, savdo, bank va boshqa xizmatlar koʻrsatuvchi zamonaviy obyektlar tarmogʻi ham yaratiladi.

Laʼlixon SOBIROVA,
jurnalist

7 368
OʻzA