Tutzorlardan yiliga to‘rt marta hosil olish... Innovatsion pilla yetishtirish maskani qanday tartibda ishlaydi?
«O‘zbekipaksanoat» uyushmasida mamlakatimizda pilla yetishtirishni ko‘paytirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi» ishlab chiqildi.
«O‘zbekipaksanoat» uyushmasida mamlakatimizda pilla yetishtirishni ko‘paytirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi» ishlab chiqildi.Unga ko‘ra kelgusida yilda ipak qurtini 3-4 marta parvarishlab, mo‘l hosil olish mumkin. Tutzorlarda parrandachilik va asalarichilik, chorvachilik va quyonchilikni rivojlantirish, ikkilamchi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish imkoniyati bo‘ladi. Buning uchun har 5 gektar tutzorda bittadan innovatsion pilla yetishtirish maskani barpo etiladi.
Ayni vaqtda «O‘zbekipaksanoat» uyushmasida innovatsion pillaxonalar qurish ishlari qizg‘in bormoqda. Bizga ma’lum qilishlaricha, har bir yangi ishlanma, innovatsion g‘oya balandparvoz gaplar va turli (bir necha yillar ilgari ishlab chiqilib, amaliy natija bermagan) "indeks"lar asosida faqatgina qog‘ozlarda qolib ketmasdan, balki oddiy va puxta hisob-kitoblar asosida real hayotga tadbiq etilmoqda.
2017-yilda Surxondaryo, Qashqadaryo, Buxoro, Andijon va Farg‘onada 150 dan ortiq ana shunday pillaxonalar qurilib, foydalanishga topshirildi. Ularda yiliga ikki marta, hattoki Surxondaryo va Buxoro viloyatlarida uch marta ipak qurti boqilib, mo‘l hosil yetishtirildi.
Joriy yilda yana mingta, 2023-yilgacha 10 mingta ana shunday innovatsion pillaxonalar qurilib, tayyor mahsulotlar eksporti bir milliard dollarga yetkaziladi.
Eng muhimi esa eksport hajmi oshib, valyuta tushumi ko‘payishi qishloq aholisining turmush farovonligini yanada yaxshilanishini ta’minlaydi. Aslida innovatsion loyihalarning asosiy maqsadi ham shu emasmi?!