Turkiyalik ishbilarmonlar Jizzaxda
Turkiya Respublikasining “Turk Pazarlama Danishmanlik” va “Arvena Dish Tic ve Danishmanlik” kompaniyalari vakillaridan iborat delegatsiya Jizzax viloyatida boʻldi.
Turkiya Respublikasining “Turk Pazarlama Danishmanlik” va “Arvena Dish Tic ve Danishmanlik” kompaniyalari vakillaridan iborat delegatsiya Jizzax viloyatida boʻldi.Delegatsiya aʼzolari viloyat hokimi E.Soliyev bilan uchrashdi. Unda “Arvena Dish Tic ve Danishmanlik” kompaniyasi rahbari Yunus Igʻdir, “Turk Pazarlama Danishmanlik” kompaniyasi bosh menejeri Tamer Oʻzturk kompaniyalari faoliyati haqida maʼlumot berdi. Ishbilarmonlar jizzaxlik tadbirkorlar bilan hamkorlikda ishlash niyatida ekanligini bildirdi.
Viloyat hokimi mehmonlarni hududning investitsion imkoniyatlari bilan tanishtirdi. Hokim eʼtiborni mehmonxonalar, meva-sabzavotni qayta ishlash va qadoqlash korxonalari, meva-sabzavot saqlaydigan katta hajmdagi muzlatgichlar qurish, baliqchilikni rivojlantirish istiqbollariga qaratdi. Viloyatda logistika markazlari tashkil etish taklifini ilgari surdi.
Uchrashuv davomida mehmonlarga viloyat iqtisodiy imkoniyatlari haqidagi videorolik namoyish etildi. Delegatsiya aʼzolarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob berildi.
Turkiyalik ishbilarmonlar tashrif davomida “Jizzax tekstil” masʼuliyati cheklangan jamiyati faoliyati hamda Jizzax shahrining diqqatga sazovor joylari bilan tanishdi.