O‘zA O`zbek

26.08.2020 Chop etish versiyasi

Turk investorlarining Oʻzbekistondagi faoliyatiga oid masalalar muhokama qilindi

Turk investorlarining Oʻzbekistondagi faoliyatiga oid masalalar muhokama qilindi

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov Turkiya Respublikasi Buyuk millat majlisining rejalashtirish va byudjet komissiyasi Raisi Lutfi Elvan bilan uchrashdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati maʼlum qilgan.

Turk biznesining taniqli vakillari ham ishtirok etgan mazkur uchrashuv davomida turk va oʻzbek kompaniyalari ishtirokida bir qator investitsiya loyihalarini amalga oshirish, shuningdek qishloq xoʻjaligi, toʻqimachilik, charm-poyabzal va avtomobil sanoati hamda qurilish materiallari ishlab chiqarishga boʻlajak investorlarni jalb etish doirasidagi hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari koʻrib chiqildi.

Qishloq xoʻjaligi, elektroenergetika, qurilish va toʻqimachilik kabi ustuvor sohalarda boshqaruv tizimini takomillashtirish va tarkibiy islohotlarni amalga oshirish uchun turk ekspert-maslahatchilarini jalb qilish boʻyicha qoʻyilajak qadamlar muhokama qilindi.

Shu yoʻnalishda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni ragʻbatlantirish, investitsiya muhitini yaxshilash, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, xufiyona iqtisodiyotga va korrupsiyaga qarshi kurash borasidagi Turkiya tajribasini qoʻllash istiqbolli ekani taʼkidlandi. Turkiyalik ekspertlar tomonidan qonunchiligimizda davom etayotgan oʻzgarishlarning Respublika investitsiya muhitiga taʼsirini baholash, shuningdek, mamlakatning xalqaro reytinglardagi oʻrnini yaxshilashda amaliy yordam koʻrsatilishiga kelishib olindi.

Elektron hukumat tizimini joriy etish boʻyicha Turkiya tajribasini qoʻllashni nazarda tutib, davlat boshqaruvini raqamlashtirish doirasidagi hamkorlikka alohida eʼtibor qaratildi. Ushbu tashabbusni amalga oshirishning amaliy masalalarini hal qilish uchun ikki mamlakatning tegishli idora va vazirliklari rahbarlaridan iborat ishchi guruh tuzish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi.

Turkiya hududida istiqomat qilayotgan Oʻzbekiston fuqarolarining mehnat faoliyatini tizimlashtirish va yuzaga keladigan masalalarini hal etish maqsadida ikki mamlakatning tegishli davlat tuzilmalari oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlikni faollashtirish orqali mehnat migratsiyasi sohasida hukumatlararo hamkorlikni mustahkamlash boʻyicha ham aniq mexanizmlar ishlab chiqildi.

Uchrashuv yakunida belgilangan yoʻnalishlarda qoʻshma tashabbuslarni ilgari surish boʻyicha amaliy tadbirlar rejasi tuzildi.

17 224
OʻzA