Transport xizmati sifati oshmoqda
Toshkent shahar hokimligida “Toshshahartransxizmat” aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan yo‘lovchi tashish jarayonini boshqarish, tartibga solish va tarmoqni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar hamda kelgusi rejalarga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Toshkent shahar hokimligida “Toshshahartransxizmat” aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan yo‘lovchi tashish jarayonini boshqarish, tartibga solish va tarmoqni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar hamda kelgusi rejalarga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Poytaxtimiz aholisiga har kuni 142 yo‘nalishda 1400 dan ziyod avtobus xizmat ko‘rsatadi. Yo‘lovchilarga transport xizmati ko‘rsatishni yaxshilash maqsadida o‘tgan yili “Isuzi” rusumli 80 ta avtobus xarid qilindi. Joriy yilda yana 90 ta shunday transport vositasi xarid qilish mo‘ljallanmoqda. Tarmoqni rivojlantirish borasidagi keng ko‘lamli ishlar samarasida 2014-yilda kompaniya tizimida 360 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi. Natijada 270 nafardan ziyod kollej bitiruvchisi ishga qabul qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 28-maydagi “Mintaqaviy ahamiyatdagi past rentabelli, zarar ko‘rib ishlayotgan va iqtisodiy nochor korxonalarni moliyaviy sog‘lomlashtirish – “yo‘l xaritasi” dasturlarini amalga oshirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori tarmoqdagi korxonalar quvvatidan samarali foydalanish, mavjud ish o‘rinlarini saqlash va yangilarini yaratishda dasturilamal bo‘layotir. Unga ko‘ra, 2014-yilda iqtisodiy nochor va past rentabelli korxonalarni moliyaviy sog‘lomlashtirish bo‘yicha tasdiqlangan dasturlar asosida 13 milliard 145 million so‘mdan ortiq iqtisodiy samaradorlikka erishildi. Zarar ko‘rib ishlayotgan oltita avtobus yo‘nalishi, 18 yo‘nalishdagi taksilar qatnovi, 13 yo‘nalish uzunligi qisqartirildi.
Tarmoqni rivojlantirish maqsadida kompaniya korxonalarida qo‘shimcha faoliyat turlari joriy qilinmoqda. 2014-yilda yo‘lovchilar tashish xavfsizligini oshirish, avtobuslardan oqilona va samarali foydalanish, korxonalarning moliyaviy-iqtisodiy holatini mustahkamlash, jamoat transporti qatnovi jadvallari va oraliq muddatlariga qat’iy rioya etishni ta’minlash maqsadida «onlayn» tartibida masofadan turib nazorat qilish tizimi – GPS-monitoring moslamalarini o‘rnatish ishlari yakunlandi.
Tizimda yangilik sifatida yo‘lkira to‘lovini elektron shaklda amalga oshirish bo‘yicha izlanishlar olib borilmoqda. Hozir sakkizta kompaniyaning bu boradagi takliflari o‘rganib chiqilmoqda. Natijada bir martalik chiptalar, yagona to‘lov kartalari, kredit kartochkasidan foydalanish, mobil telefon orqali to‘lovlarni amalga oshirish imkoniyati yaratiladi. Hozir yo‘lkirani elektron shaklda to‘lash, xususan, mobil telefon orqali amalga oshirish “Mustaqillik” metro bekatida sinovdan o‘tkazilmoqda.
Matbuot anjumanida haydovchi va chipta sotuvchilarning xizmat ko‘rsatish madaniyatini oshirish, “Ishonch telefoni” orqali tushayotgan murojaatlar ijrosi, yo‘lovchi transportida xavfsizlikni ta’minlash va boshqa masalalar xususida so‘z yuritildi. Jurnalistlar o‘z savollariga mutaxassislardan batafsil javob oldi.