Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

20.09.2017 11:50 Chop etish versiyasi

Tovarlarni almashtirish va hujjatlarni soxtalashtirish yo‘li bilan bojxona to‘lovlaridan qochmoqchi bo‘lganlarning firibi ish bermadi

Qozog‘iston Respublikasi fuqarosi R.Niyazbakiyev boshqaruvidagi “Iveco Magirus” rusumli avtoulovda hujjatlar bo‘yicha Xitoy davlatidan “Dorul Birr-Ltd” MChJ nomiga yuborilgan, 1466 o‘riniga, og‘irligi 26.148 kg, qiymati 99.900 AQSh dollariga teng bo‘lgan xalq ehtiyoji mollari (poyafzal va kiyim-kechaklar) “Samarqand” TIF bojxona postiga keltirilgan, deya xabar beradi O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi rasmiy sayti.

Biroq, “Dorul Birr-Ltd” MChJning vakili bojxona organiga murojaat qilib, mazkur avtotransport vositasiga yuklangan tovar “poyafzal va kiyim-kechaklar” emas, balki jut (jutdan tayyorlangan kalava ip) ekanligi, guyoki ushbu tovarni Xitoy davlatida yuklash vaqtida xatolikka yo‘l qo‘yilganini ta’kidlagan va jut uchun hujjatlarni taqdim etib, bojxona xodimlarini chalg‘itmoqchi bo‘lgan.

Shundan so‘ng, tashkilot ishonchli vakili, avtotransport vositasi haydovchisi va xolislar ishtirokida avtotransport vositasi bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda unda haqiqatdan ham poyafzal va kiyim-kechaklar emas, balki 26.203 kg jut borligi aniqlandi.
Ushbu holat bojxona xodimlarida shubha uyg‘otgani bois taqdim etilgan hujjatlar o‘rganilganida, ularda chalkashliklar mavjudligi, ya’ni, avtotransport vositasi boshqa davlatlar bojxona chegaralaridan o‘tganda yuk “Poyafzal va kiyim-kechaklar” sifatida ro‘yxatga olinganligi ma’lum bo‘ldi.

Shundan so‘ng mazkur avtotransport vositasi Xadicha Sulaymonova nomidagi sud ekspertiza markazining Samarqand viloyati bo‘limi ekspertlari tomonidan ekspertizadan o‘tkazildi. Ekspertiza xulosasiga ko‘ra avtotransport yukxonasining trosslari shikastlanganligi, buning oqibatida bojxona plombasini buzmagan holda yukxonani to‘liq ochish va yuklarni tushirish imkoni bo‘lgani ma’lum qilingan.

Bundan ko‘rinib turibdiki, yuk egalari tomonidan avtotransport vositasining yukxonasi uddaburonlik bilan ochilib, unga haqiqatda yuklangan “poyafzal va kiyim-kechaklar” tushirib olingan va uning o‘rniga bojxona to‘lovlari kam bo‘lgan jut yuklab qo‘yilgan.
Olib borilgan hisob-kitoblardan ma’lum bo‘ldiki, avtotransport yukxonasida mavjud bo‘lgan jut uchun bojxona to‘lovlari 34.2 million so‘mni tashkil etdi. Agar, shuncha miqdordagi poyafzal va kiyim-kechak uchun bojxona to‘lovlari hisoblanganida bu 748,4 million so‘mni tashkil etar edi. O‘rtadagi farq – 714,2 million so‘m. Ya’ni, tovarlarni almashtirish va hujjatlarni soxtalashtirish yo‘li bilan katta miqdordagi bojxona to‘lovlaridan qochishga harakat qilingani ko‘rinib turibdi.

Mazkur holat yuzasidan Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 182-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.


1 767






Все о погоде - Pogoda.uz