Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

15.02.2017 17:29 Chop etish versiyasi

Toshkentda O‘zbekiston – Rossiya hukumatlararo komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi

Toshkentdagi Xalqaro hamkorlik markazida Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston – Rossiya hukumatlararo komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda ikki mamlakatning tashqi iqtisodiy aloqalar, savdo-sanoat, sarmoya, energetika, neft-gaz, bojxona, transport va transport kommunikatsiyalari, temir yo‘l, aviatashuv, mashinasozlik, elektr texnikasi, qurilish, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati, farmatsevtika sohalarida faoliyat ko‘rsatayotgan vazirlik va idoralari vakillari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, komissiya hamraisi R.Azimov mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo, iqtisodiyot, transport va energetika sohalaridagi hamkorlik izchil rivojlanib borayotganini, bunda ikki davlat rahbarlarining uchrashuvida erishilgan kelishuv huquqiy asos bo‘layotganini ta’kidladi. Kelgusida investitsiyaviy loyihalarni kengaytirish, turizm, ta’lim, mehnat migratsiyasiga doir hamkorlikni yanada mustahkamlash lozimligi qayd etildi.

O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi hamkorlik 2004-yil 16-iyunda imzolangan Strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnoma hamda 2005-yil 14-noyabrda imzolangan Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnoma asosida izchil rivojlanmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimovning 2013-yil 14-15-aprel kunlari Rossiya Federatsiyasiga rasmiy tashrifi doirasida qabul qilingan 2013-2017-yillarga mo‘ljallangan iqtisodiy hamkorlik to‘g‘risidagi hukumatlararo Dastur ikki davlat o‘rtasidagi samarali iqtisodiy sheriklikni ta’minlashda muhim asos bo‘lmoqda.

O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlar jadal sur’at bilan rivojlanmoqda. Rossiya Federatsiyasi mamlakatimizning tashqi savdo hamkorlari orasida yetakchi mavqega ega. 2016-yilda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 4,2 milliard AQSh dollaridan ziyodni tashkil etgan.

– O‘zbekistonda iqtisodiyotni diversifikatsiyalash va sanoatni modernizatsiyalash bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar e’tiborga molik, – dedi Rossiya Federatsiyasi Hukumati raisining o‘rinbosari, komissiya hamraisi D.Kozak. – Mazkur komissiya majlisi ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni yanada faollashtirish, istiqbolli qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalarini muhokama etish uchun qulay imkoniyat bo‘ldi. O‘zbekiston bilan savdo, energetika, qishloq xo‘jaligi, transport va transport kommunikatsiyalari, atrof-muhit, ilmiy-texnikaviy sohalardagi aloqalarni yanada rivojlantirishdan manfaatdormiz.

Rossiya delegatsiyasi O‘zbekistonda olib borilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar samaralari, mamlakatimiz iqtisodiyotiga xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilish uchun yaratilayotgan qulay sharoitlar, yurtimizning eksport salohiyati, erkin industrial zonalardagi imkoniyatlar bilan tanishtirildi. O‘zaro hamkorlikni yanada faollashtirish uchun mavjud imkoniyatlarni to‘liq ishga solish lozimligi ta’kidlandi.

Majlisda o‘zaro savdo hajmini yanada oshirish va nomenklaturasini kengaytirish masalalari haqida so‘z yuritildi. Savdo, energetika, transport va transport kommunikatsiyalari, tranzit, qishloq xo‘jaligi, mashinasozlik va boshqa sohalardagi aloqalarni rivojlantirish, o‘zaro manfatli loyihalarni birgalikda ishlab chiqish va amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Sevara Alijonova, O‘zA
2 903






Все о погоде - Pogoda.uz