O‘zA O`zbek

27.07.2020 Chop etish versiyasi

Toshkentda bugundan “Folksvagen” avtomobillari savdosi boshlanadi

Toshkentda bugundan “Folksvagen” avtomobillari savdosi boshlanadi

Bugun Toshkentda “Folksvagen Keddi” avtomobillari onlayn taqdimoti oʻtkazildi.

Maʼlumki, Oʻzbekistonda “Folksvagen” avtomobillarini ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish tashabbusi Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2019-yil yanvar oyida Germaniyaga rasmiy tashrifi chogʻida ilgari surilgan edi.

Davlatimiz rahbarining joriy yil 25-iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasida “Folksvagen” yengil tijorat avtomobillari ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan esa “Jizzax avtomobil zavodi” MCHJ negizida “Folksvagen” kompaniyasi tomonidan taklif etilayotgan konsepsiya maʼqullandi. Konsepsiyada dastlab 2020-2021-yillarda bozorni oʻrganish hamda marketing tahlilini oʻtkazish maqsadida “Folksvagen” va “Shkoda” markalaridagi tayyor avtomobillarni yetkazib berishni tashkil qilish koʻzda tutilgan. Ikkinchi bosqichda esa 2022-yildan boshlab yengil tijorat avtomobillarining zamonaviy modellarini ishlab chiqarishning toʻliq siklini oʻzlashtirish belgilangan.

Taqdimotda “Oʻzavtosanoat” AJ boshqaruvi raisi Shavkat Umrzoqov nihoyat “Oʻzavtosanoat” va “Folksvagen” kompaniyalari oʻrtasida kelishuv imzolangani avtomobil bozorimizning katta salohiyati va mamlakatimizda qulay investitsion muhit yaratilayotganidan darak berishini taʼkidladi. Shuningdek, bu hamkorlik mamlakatimizda ishlab chiqarish madaniyatini oshirishga, sifat, sotuv va sotuvdan keyingi xizmat koʻrsatish tizimini yangi bosqichga koʻtarishga imkon berishini aytdi.

Taʼkidlanishicha, loyihaning ilk bosqichida avtomobil bozorida hali toʻliq oʻzlashtirilmagan yengil tijorat avtomobillari segmenti ajratib olingan. Ushbu model yoʻlovchi va yuk tashish uchun moʻljallangan modifikatsiyalarda taqdim qilinmoqda. Ular nafaqat biznes, balki oilaviy foydalanish uchun ham qulay. Mavjud talabni hisobga olgan holda, ushbu modellar orqali faqatgina oʻzlashtirilmagan segmentni egallabgina qolmay, balki xaridorlarga tez tibbiy yordam mashinalari, mobil muzlatgichlar, inkassatsiya va boshqa turdagi maxsus transport vositalarini yetkazib berish imkoniyati ham boʻladi.

Taqdimot doirasida Oʻzbekistondagi birinchi rasmiy dilerlik markazi – “TASHKENT AUTOCENTRE” haqida maʼlumot berildi.

– Ushbu dilerlik markazi “Folksvagen” kompaniyasining global standartlariga muvofiq qurilgan va jihozlangan, – dedi “Jizzax Avto” MCHJ bosh direktori Oybek Ayubov. – Mijozlarga yuqori darajadagi xizmat koʻrsatishni taʼminlash uchun bu yerda barcha qulayliklar mavjud. Tez orada yana uchta dilerlik markazlarini Toshkent, Qoʻqon va Jizzax shaharlarida ochish rejalashtirilgan.

Mutaxassisning fikricha, “Keddi” modelining turli koʻrinishlari kichik va oʻrta biznes vakillari, shuningdek, salon kengligi muhim boʻlgan avtohavaskorlar, masalan, katta oilalar orasida juda mashhur. Bu yuk tashish versiyasidagi mashina, ammo shunga qaramay, u qulay, amaliy ichki qismga ega.

Avtomobilning boshlangʻich narxi 172,1 million soʻmdan boshlanadi. Avtomobil uch koʻrinishda taklif qilinmoqda Cargo (yuk uchun) – 172,1 million soʻm, Kombi (aralash) – 190 million soʻm, Trendline (yoʻlovchi uchun) – 221,9 million soʻm.

Savdolar bugun kunning ikkinchi yarmidan boshlanadi. Hozircha avtomobillarni faqat Toshkent shahridagi “Volkswagen” avtosalonidan va kompaniya saytidan sotib olish mumkin.

Maʼlumot oʻrnida, “Keddi” 7 oʻrindiqli (5-oʻrindiqli koʻrinishi ham mavjud) yoʻlovchi va yuk miniveni. Avtomobil ham biznes yuritishga, ham oilaviy foydalanish uchun toʻgʻri keladi. Tejamkor va texnologik (MPI) dvigatel 1,6 litr quvvatga ega, benzinda ishlaydi. Yoqilgʻi sarfi – shaharda 100 kilometrga 9,3 litr, trassada 100 kilometrga 6,1 litr.

14 916
Xurshid QODIROV, OʻzA