Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

10.08.2017 15:38 Chop etish versiyasi

Toshkent viloyatida joriy yilning 6 oyida 38 mingdan ortiq yangi ish o‘rni tashkil etildi

Mamlakatimizda tadbirkorlik subyektlari faoliyatini rivojlantirish orqali yangi ish o‘rinlari yaratish, uyushmagan yoshlar va kasb-hunar kolleji bitiruvchilari bandligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Prezidentimizning 2017-yil 6-maydagi “Aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar natijadorligi va samaradorligini oshirishda mahalliy ijro hokimiyati va iqtisodiy kompleksning hududiy organlari rahbarlarining shaxsiy mas’uliyatini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

Toshkent viloyati bandlik bosh boshqarmasi tomonidan ish bilan band bo‘lmagan fuqarolarga qulaylik yaratish, kasb-hunar kolleji bitiruvchilari bandligini ta’minlash maqsadida korxona-tashkilot va muassasalarda qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Bo‘sh ish o‘rinlari O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining www.mehnat.uz saytidagi "Milliy kadrlar portali" sahifasiga joylashtirilib, ma’lumotlar har oyda yangilab boriladi.

– Viloyatda tizimli va aniq maqsadga yo‘naltirilgan chora-tadbirlar amalga oshirilishi tufayli joriy yilning 6 oyida 38 mingdan ortiq yangi ish o‘rni tashkil etildi, – deydi viloyat bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari S.Boboqulov. – Birgina sanoat sohasini rivojlantirish bo‘yicha Chirchiq, Angren shaharlari, Yangiyo‘l, Zangiota, O‘rta Chirchiq, Qibray, Parkent tumanlarida 119 loyiha amalga oshirilib, 2 ming 600 dan ziyod aholi ish bilan ta’minlandi. Maishiy xizmat ko‘rsatish sohasida 171 loyiha amalga oshirilishi natijasida 891 yangi ish o‘rni yaratildi.

Bugungi kunda Toshkent viloyatida 30 yoshgacha bo‘lgan 637 nafar fermer muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Ular orasida yangiyo‘llik Abdusalom Eminov ham bor.

– Tumanimizning tuproq-iqlim sharoiti qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish uchun juda qulay, – deydi Yangiyo‘l tumanidagi “Rahmiddin Karomat agro” fermer xo‘jaligi rahbari A.Eminov. – Xo‘jaligimiz tasarrufidagi 10 gektar yerda g‘allachilik, sabzavotchilik va bog‘dorchilik bilan shug‘ullanamiz. O‘tgan yili 20 tonna sabzi, 12 tonna piyoz, sarimsoq piyoz, loviya hamda 6 tonna mosh yetishtirildi. Ayni paytda g‘alladan bo‘shagan maydonlarga kartoshka, sabzi, sholg‘om va karam ekdik. 2 gektarlik bog‘imizda g‘arq pishgan olma, olxo‘ri va shaftoli peshma-pesh terib olinmoqda.

Mamlakatimizda yakka tartibdagi tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan alohida e’tibor samarasida bu sohada ham salmoqli yutuqlarga erishayotgan yoshlar safi yildan-yilga kengaymoqda. Nodira Mannopova “Hunarmand” uyushmasi Qibray tumani bo‘limi ko‘magida tijorat bankidan 15 million so‘m kredit olib, “Nodirabegim” tikuvchilik sexini tashkil qildi. 15 nafar xotin-qiz tikayotgan zamonaviy kiyim-kechaklar bozorda xaridorgir.

– Asosan imkoniyati cheklangan va kam ta’minlangan oilalardan bo‘lgan xotin-qizlarni ishga jalb qilganmiz, – deydi korxona rahbari N.Mannopova. – Mijozlar talabi va buyurtmasi asosida yil boshidan buyon 45 million so‘mlik kiyim-kechak ishlab chiqarildi. Ayni paytda buyurtma asosida umumta’lim maktablari o‘quvchilari formasini tikmoqdamiz. Kelgusida korxona faoliyatini yanada kengaytirish hisobidan mahsulotlarimizni eksport qilishni rejalashtirganmiz.

Joriy yilda viloyatdagi 122 kasb-hunar kollejini bitirgan 35 ming 456 nafar yosh mutaxassisning aksariyati hududlardagi korxona va tashkilotlar bilan tuzilgan to‘rt tomonlama shartnoma asosida ishga joylashtirilmoqda.

Bularning barchasi yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, ularning jamiyatda munosib o‘rin topishiga ko‘maklashish, aholi farovonligini yuksaltirishga xizmat qiladi.

Abdulaziz Musayev, O‘zA
2 518






Все о погоде - Pogoda.uz