Toshkent kuz-qish mavsumiga tayyormi?
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, Toshkent shahrida 9370 dan ziyod ko‘p qavatli uy, 2378 xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati, 39 oliy o‘quv yurti, 327 maktab, 546 maktabgacha ta’lim muassasasi, 80 oilaviy poliklinika, 32 shifoxona mavjud. Xo‘sh, ular kuz-qish mavsumiga tayyormi?
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, Toshkent shahrida 9370 dan ziyod ko‘p qavatli uy, 2378 xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati, 39 oliy o‘quv yurti, 327 maktab, 546 maktabgacha ta’lim muassasasi, 80 oilaviy poliklinika, 32 shifoxona mavjud. Xo‘sh, ular kuz-qish mavsumiga tayyormi?– Prezidentimizning 2017-yil 22-iyundagi "Respublika iqtisodiyoti tarmoqlari va ijtimoiy sohalarini 2017/2018 yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga kompleks tayyorlashni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda, – deydi Toshkent shahar uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish bosh boshqarmasi boshlig‘i Shavkat Azimjonov. – Bugungi kungacha 4 mingga yaqin ko‘p qavatli uyning tomi mukammal va joriy ta’mirlandi, 5 ming 200 dan ziyod yerto‘laning muhandislik tarmoqlari tartibga keltirildi.
Hozir Toshkent shahar hokimining tegishli qaroriga asosan, 9 mingga yaqin ko‘p qavatli uylar, deyarli barcha ta’lim va sog‘liqni saqlash muassasalari, boshqa ijtimoiy-iqtisodiy soha obyektlari issiqlik ta’minoti bilan ta’minlangan. Bu jarayon tunu kun izchil davom ettirilmoqda. Poytaxtimizning barcha tumanlarida 2017/2018-yillar kuz-qish davri bo‘yicha qabul qilingan dasturlarni amalga oshirish chora-tadbirlari kompleksi, tarmoq jadvallari ishlab chiqilgan. Ularga asosan belgilangan tartibda mas’ul ijrochilar mavsumga tayyorgarlik ishlarini nazorat qilib, mavjud kamchiliklarni bartaraf etmoqda.
Ta’kidlash joizki, Prezidentimizning yuqorida keltirilgan qarori asosida Toshkent shahrida ko‘p xonadonli uylar va ijtimoiy soha obyektlarini kuz-qish mavsumiga tayyorlash, issiqlik, elektr, gaz va suv ta’minotini, umumiy foydalanish joylarini, lift uskunalarini tartibga keltirish, hududlarda sanitariya holatini yaxshilash, obodonlashtirishni tashkil etish ishlari belgilangan reja asosida amalga oshirilmoqda.
Fikrimiz dalili sifatida bizga taqdim etilgan raqamlarga murojaat qilamiz. Bugunga qadar 1 ming 600 dan ziyod ko‘p qavatli uyning fasadi, 7 ming 400 dan ortiq kirish yo‘lagi ta’mirdan chiqarildi, 445 yangi bolalar maydonchasi qurildi. Shuningdek, ko‘p qavatli uylar oldi yo‘laklarini beton qorishmasi bilan ta’mirlash bo‘yicha jami 500 ming kvadrat metrga yaqin hajmdagi ish yakuniga yetkazildi. Buning uchun imtiyozli ravishda 11,3 ming tonna sement ajratildi.
Bu kabi ishlarni amalga oshirishda Xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari faoliyatini ham e’tirof etish zarur. Ularga tijorat banklari tomonidan imtiyozli kreditlar ajratilayotgani ish samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda. Masalan, poytaxt aholisi maishiy turmush sharoitini yaxshilash hamda tasdiqlangan dasturlar ijrosini ta’minlash yuzasidan XUJMSh xizmat ko‘rsatayotgan ko‘p qavatli uy-joylarga 318,5 milliard so‘m kredit mablag‘i ajratilgan.
– Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik jarayonida fuqarolar murojaatini ham e’tiborsiz qoldirmayapmiz. Buning uchun "1055" raqamli markaziy dispetcherlik xizmati orqali aholidan tushayotgan ariza va shikoyatlar qabul qilinib, ularni tezkor, sifatli hal etishga asosiy e’tibor qaratilmoqda, – deydi Toshkent shahar uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Aziz Xo‘janov. – Jumladan, ushbu murojaatlar asosida barcha kommunal tashkilotlarning shahar va tuman bo‘limlarida, boshqaruv servis kompaniyalarida avariya xizmatlari ishi qayta ko‘rib chiqilmoqda. Ular faoliyatini muvofiqlashtirish, zarur texnika vositalari bilan ta’minlash reja asosida amalga oshirilmoqda.
Toshkentda issiqlik ta’minoti sifatini yaxshilash maqsadida 23 issiqlik qozoni mukammal, 633 tasi joriy ta’mirlandi. Ichimlik suvi va oqova suv tarmoqlari holati yaxshilandi, 16,9 kilometr gaz uzatish tarmog‘i profilaktik, 305,6 kilometr elektr tarmog‘i mukammal, 801 kilometri esa joriy ta’mirdan chiqarildi.
Bu yil kuz fasli ezgu islohotlarimizga hamohang serfayz keldi. Ayniqsa, dehqonlarimiz mo‘l hosil yig‘ib oldi. Endigi vazifa qishga zaxira jamg‘arish, xalqimiz dasturxonini qishda ham yozdagidek noz-ne’matlar bilan ta’minlash. Shu maqsadda poytaxtimizda ham 2017/2018 yilgi qish-bahor davri uchun qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining asosiy turlarini g‘amlash chora-tadbirlari ko‘rilib, asosiy e’tibor kartoshka, piyoz, sabzi, karam, guruch va dukkakli ekinlarni g‘amlashga qaratilgan.
Toshkent shahar hokimining 2017-yil 7-noyabrdagi qarori asosida 10-noyabrdan e’tiboran ijtimoiy soha obyektlarida, 12-noyabrdan boshlab ko‘p qavatli uylarda issiqlik ta’minoti ishga tushirildi. Mutasaddi xodimlar fikricha, poytaxtimiz kuz-qish mavsumiga tayyor. Mavjud kamchiliklar esa bartaraf etilmoqda.