O‘zA O`zbek

17.09.2019 Chop etish versiyasi

Toshkent – Anqara: hamkorlikning yangi bosqichi

Toshkent – Anqara: hamkorlikning yangi bosqichi


Turkiyaning Anqara shahri hokimi Mansur Yavash boshchiligidagi delegatsiya yurtimizda bo‘lib turibdi. Tashrif doirasida Toshkent shahri hokimi Jahongir Ortiqxo‘jaev delegatsiya a’zolari bilan uchrashdi.

Muloqot davomida ikki tomonlama munosabatlarning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi.

Keyingi yillarda O‘zbekiston va Turkiya munosabatlari yuqori bosqichga ko‘tarildi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Turkiyaga tashrifi davomida 30 dan ortiq loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha 3,5 milliard dollarlik bitimlar imzolandi. Ikki tomonlama aloqalar izchil rivojlanmoqda.

Savdo-iqtisodiy va investitsiya aloqalari kengayib borayotgan ayni paytda O‘zbekistonda 500 ga yaqin turk firma va kompaniyalari faoliyat yuritmoqda, o‘zaro savdo aylanmasi 2 milliard dollarga yetgan.

Ikki davlat munosabatlarida Toshkent va Anqara shaharlari o‘rtasidagi hamkorlik muhim ahamiyatga ega. Ayni hamkorlikning yanada taraqqiy etishidan har ikki tomon manfaatdor.

16 sentabr Toshkent va Anqara shaharlari munosabatlari tarixida unutilmas kun bo‘lib qoladi. Shu kuni ikki shahar rahbarlari qardoshlik, o‘zaro hamjihatlik va hamkorlikni yangi pog‘onaga olib chiqishga xizmat qiluvchi muhim hujjat “Birodarlashuv aloqalarini o‘rnatganlik haqida”gi memorandumni imzoladi.

Toshkent shahri hokimi Jahongir Ortiqxo‘jaev azaldan do‘st, hamfikr bo‘lgan ikki davlat, ikki shahar o‘rtasidagi aloqalar istiqbolida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan mazkur hujjat iqtisodiyot, sanoat, shaharsozlik, san’at, madaniyat va turizm sohalaridagi hamkorlikni mustahkamlash va kengaytirishga xizmat qilishini ta’kidladi.

Mansur Yavash Anqara shahrida O‘zbekiston nomli 3 ta, Toshkent deb yuritiluvchi 12 ta, Samarqand nomli 8 ta va Buxoro deb ataluvchi 11 ta ko‘cha borligini aytib, o‘zaro do‘stlik va birodarlik timsoli sifatida Toshkentdagi ko‘chalardan birini Anqara deb nomlash taklifini bildirdi.

Anqara shahri hokimi Mansur Yavash boshchiligidagi delegatsiya a’zolari tashrif davomida shahrimizning diqqatga sazovor joylarida bo‘lib, poytaxtimiz tarixi, taraqqiyoti va bugungi kuni bilan yaqindan tanishdi.

4 348
G‘.XONNAZAROV, Farhod ABDURASULOV (surat), OʻzA