O‘zbekiston Milliy axborot agentligi

01.09.2018 13:34 Chop etish versiyasi

Tomorqasidan samarali foydalanganlar taqdirlandi

Tomorqasidan samarali foydalanganlar taqdirlandi
Yerdan unumli foydalanish roʻzgʻorning butligi, bozorlarimizning toʻkin-sochinligiga asos boʻladi. Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha Respublika kengashi tashabbusi bilan joylarda oʻtkazilgan “Eng namunali tomorqa egasi” koʻrik tanlovi shu jihatdan muhim ahamiyat kasb etdi.

Tanlov Navoiy viloyatining Karmana, Qiziltepa, Nurota, Navbahor, Xatirchi hamda Konimex tumanlarida boʻlib oʻtdi. Tomorqa yerlaridan samarali foydalanish, ichki bozorni arzon, sifatli meva-sabzavot, poliz mahsulotlari bilan toʻldirish, eksport qilish, eng yuqori hosil va daromad olayotgan tomorqa egalarini aniqlash hamda ularning ilgʻor ish usullarini keng ommalashtirish maqsadidagi koʻrik har bir hududda koʻtarinki ruhda oʻtkazildi. Natijalarga koʻra, Karmana tumani Paxtaobod mahallasidan R. Saidova, Xatirchi tumani “Saroy” mahalla fuqarolar yigʻinidan Sh. Hakimov, Konimex tumani Doʻstlik mahallasidan R. Jumayev, Navbahor tumani Chorvoqguzar mahallasi vakili O. Aralova, Qiziltepa tumani Kulolon mahallasida yashovchi F. Rahimov, Nurota tumani Eshon Sudur mahallasida istiqomat qilayotgan D. Saidovalar xonadoni tomorqasining obodligi, maqsadli foydalanganligi va issiqxona tashkil etilganligi jihatlari eʼtiborga olinib, birinchi oʻringa loyiq topildi.

– 12 sotixdan iborat tomorqamizda ikkita issiqxonamiz bor, – deydi F. Rahimov. – Ularning birida pomidor, bodring yetishtirishni, ikkinchisida limonchilikni yoʻlga qoʻyganmiz. Tomorqa qancha obod boʻlsa, xonadonimiz ham shuncha fayzli boʻlib, baraka kirib boraveradi.

Shuningdek, koʻrik-tanlovning tuman bosqichlarida eng namunali sabzavotchi, bogʻbon, chorvador, parrandachi, issiqxonachi, asalarichi, koʻchat yetishtiruvchilar oʻrtasida ham gʻoliblar aniqlanib, diplom va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.

Nuriddin Rahimov, OʻzA