O‘zA O`zbek

19.10.2019 Chop etish versiyasi

TIF Milliy banki: moliyaviy koʻmak va amaldagi samara

TIF Milliy banki: moliyaviy koʻmak va amaldagi samara
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillari uchun Andijon viloyatiga press-tur tashkil etildi.

Press-tur qatnashchilari dastlab Milliy bankning Andijon viloyati boʻlimida boʻlib, bank xodimlarining samarali faoliyat yuritishi, mijozlarga tez va sifatli bank xizmati koʻrsatish boʻyicha yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi.

- Jamiyatimiz bir necha yildan buyon bankning mijozi hisoblanadi, - deydi Andijon shahridagi “Foreve CUELITI” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari Feruza Mamadaliyeva. – Korxonamiz mebel ishlab chiqarish bilan shugʻullanadi. Ushbu bank faoliyatimizni doimiy ravishda qoʻllab-quvvatlaydi, ishlab chiqarishni kengaytirish maqsadida bir necha bor kredit olganmiz. Kredit olishda muammolar boʻlmagan, umuman, biz bank xizmatidan mamnunmiz.

Taʼkidlash kerakki, Ayni kunda 101 mingdan ziyod mijozga ega Milliy bank Andijon viloyati boʻlimi tomonidan nafaqat jismoniy shaxslar va aholiga bank xizmatlari koʻrsatish, balki kichik va xususiy biznes, tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, yangi korxonalar tashkil etish, tadbirkorlarning faoliyatini kengaytirish va aylanma mablagʻlarini koʻpaytirish uchun kreditlar ajratish, yangi ish oʻrinlari yaratish borasida ham salmoqli ishlar olib borilmoqda.

- Filialimiz tomonidan tadbirkorlik, ishlab chiqarish, chakana savdo va xizmat koʻrsatish yoʻnalishlarini rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratilmoqda, - deydi Oʻzbekiston Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki Andijon viloyati boʻlimi boshqaruvchisi Oybek Orifjonov. – Joriy yilning oʻtgan davrida bankimiz tomonidan barcha manbalar hisobidan turli yoʻnalishlar uchun 262 milliard 930 million soʻm miqdorida kreditlar ajratildi. Shu jumladan, mijozlarimizga Xitoyning “Taraqqiyot“ hamda Germaniyaning “Aka” banklari kredit liniyalari hisobidan 587 million 200 ming AQSH dollari, 4,9 million Yevro miqdorida valyuta kreditlari taqdim etildi.

Shundan soʻng press-tur qatnashchilari bank tomonidan kredit taqdim etilgan Xoʻjaobod tumanidagi “Nil Granit”, Qoʻrgʻontepa tumanidagi “KHANTEX-GROUP” masʼuliyati cheklangan jamiyatlarida boʻldi.

Milliy bank Andijon viloyati boʻlimi Xoʻjaobod tumanidagi “Nil Granit” korxonasi 2012-yilda tashkil etilgan. Ayni kunda 300 dan ortiq turdagi trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarilayotgan ushbu korxonada 1 ming 500 nafarga yaqin ishchi-xodim mehnat qiladi.

Korxonada mahsulot dizaynini tayyorlashdan tortib, boʻyash, bichish, tikish, dazmollash, qadoqlash ishlarida vaqtni tejash, sifat va samaradorlikni taʼminlash nuqtayi nazaridan namunali tarzda yoʻlga qoʻyilgan. Ishchi-xizmatchilarning samarali ish olib borishlari uchun zarur barcha sharoitlar yaratilgan.

– Korxona tashkil etilgan paytdan buyon ishlab kelaman, – deydi tikuv sexi ustasi Zulfiyaxon Baratova. – Korxonamiz rivojlangan sari ish sharoitlarimiz yaxshilanib, oylik ish haqlarimiz ortib bormoqda. Samarali ishlashimiz uchun barcha sharoit yaratilgan. Ishchilar maxsus kiyim-bosh bilan taʼminlangan, tushlikka bepul issiq ovqat, ishga borib-kelish uchun transport tashkil etilgan.

Korxonada ishlab chiqarilgan mahsulotlarning 90 foizi Rossiya, Ukraina, Belarus, Moldaviya, Ruminiya singari oʻndan ortiq davlatlarga eksport qilinadi. Oʻtgan 2018-yilda eksport 5,2 million dollarni tashkil etgan boʻlsa, joriy yilning oʻtgan 9 oyida bu koʻrsatkich 6,8 million dollarga yetdi.

Milliy bank Andijon viloyati boʻlimi umumiy loyiha qiymati 10 million AQSH dollari boʻlgan loyihani amalga oshirish uchun korxonaga 6,1 million AQSH dollari miqdorida kredit ajratgan. Kredit hisobiga Turkiya, Italiya, Avstriya va Yevropaning boshqa qator davlatlaridan zamonaviy, eng ilgʻor matoni boʻyash, toʻqish uskuna va liniyalari olib kelib ishga tushirildi, qoʻshimcha 300 ta yangi ish oʻrni yaratildi. Bu bilan korxona yiliga 4500 tonna matoni boʻyash, mahsulot ishlab chiqarish xajmi va sifatini oshirdi. Ishlab chiqarishga yangi texnologiyalarning joriy etilishi korxonaning yillik eksport hajmini 7 million dollarga yetkazilish imkonini beradi.

Kunning ikkinchi yarmida press-tur ishtirokchilari Qoʻrgʻontepa tumanidagi “KHANTEX-GROUP” MCHJ faoliyati bilan tanishdi. Bank tomonidan ushbu klaster korxona faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, uchun 37 million Yevro miqdorida kredit ajratilgan.

Korxona faoliyati, loyiha doirasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida keng maʼlumotlar berildi.

Loyiha 4 bosqichda 2019-2020-yillarda amalga oshirilishi, 1 ming 500 ta yangi ish oʻrni yaratilishi koʻzda tutilgan.

- Korxonamizda chigit ekishdan tortib, paxta yetishtirish, uni qayta ishlash va mahsulot ishlab chiqarish toʻla yoʻlga qoʻyiladi, - deydi “KHANTEX-GROUP” MCHJ paxta-toʻqimachilik klaster korxonasi rahbari Zokirjon Nabijonov. – Joriy yilning oʻzida tumandagi fermer xoʻjaliklari bilan kontraktatsiya shartnomalari tuzdik. Mutaxassislarimiz tomonidan tumandagi 8 ming 136 gektar paxta maydonida chigit ekishdan tortib, paxta hosili yigʻib-terib olingunga qadar boʻlgan davrda agrotexnik tadbirlar amalga oshirish boʻyicha belgilangan ishlar tizimli, sifatli tashkil etildi. Paxtani qayta ishlash boʻyicha ham belgilangan ishlar amalga oshirilmoqda. Hozirda ip-kalava ishlab chiqarish sexi ishga tushirildi.

Bir soʻz bilan aytganda, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki tomonidan korxonalarni qoʻllab-quvvatlash borasida olib borilayotgan ishlar mamlakatimiz iqtisodiy salohiyatini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

1 547
Faxriddin UBAYDULLAYEV, OʻzA