Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

20.09.2017 16:44 Chop etish versiyasi

Tibbiyot va farmatsevtika sohasidagi ilg‘or yutuqlar namoyishi

Tibbiyot va farmatsevtika sohasidagi ilg‘or yutuqlar namoyishi
“O‘zekspomarkaz”da X xalqaro ixtisoslashgan “UzMedExpo – 2017” tibbiyot ko‘rgazmasi ish boshladi. Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va qator tashkilotlar ko‘magida “IEG Uzbekistan” xalqaro ko‘rgazma kompaniyasi tomonidan tashkil etildi.

Ko‘rgazmaning ochilishida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida tibbiyot sohasini isloh qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar natijasida aholiga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati va samaradorligi ortayotgani ta’kidlandi. Bu kabi ko‘rgazmalar tibbiyot sohasini takomillashtirish va aholining barcha qatlamini sifatli tibbiy xizmat bilan qamrab olish darajasini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

8.JPG

Davlatimiz rahbarining 2017-yil 3-maydagi “Nukus-farm”, “Zomin-farm”, “Kosonsoy-farm”, “Sirdaryo-farm”, “Boysun-farm”, “Bo‘stonliq-farm” va “Parkent-farm” erkin iqtisodiy zonalarini tashkil etish to‘g‘risida”gi farmoni mamlakatimizda farmatsevtika sanoatini yanada rivojlantirish, dori-darmon vositalari hamda tibbiyot buyumlari ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash orqali aholini arzon va sifatli dori-darmon bilan ta’minlashda keng imkoniyat yaratadi. Natijada o‘tgan qisqa vaqtda mahalliy xomashyo resurslarini bosqichma-bosqich chuqur qayta ishlash va tayyor iste’mol mahsulotlari nomenklaturasini kengaytirish tarmoqlari evaziga farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish 123,9 foizga o‘sdi.

Sog‘liqni saqlash sohasida xususiy sektorning roli oshirilayotgani tadbirkorlik subyektlari tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmat turlarini yanada kengaytirishda muhim omil bo‘lmoqda. Prezidentimizning 2017-yil 1-apreldagi "Sog‘liqni saqlash sohasida xususiy sektorni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori asosida xususiy tibbiyot muassasalari 2022-yil 1-yanvargacha barcha turdagi soliqlar va davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy ajratmalar to‘lashdan ozod etildi. Jamg‘arilgan mablag‘lar xususiy tibbiy muassasalari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ish jarayoniga yuqori texnologik uskunalarni joriy etish va tibbiy xizmat sifatini yanada yaxshilashga zamin yaratadi.

9.JPG

“UzMedExpo – 2017” xalqaro tibbiyot ko‘rgazmasi soha xodimlari o‘rtasida tajriba almashish, yangilik va ilmiy ishlanmalar haqida ma’lumotga ega bo‘lish, tarmoqqa elektron axborot-nazorat qilish tizimlarini joriy etish, soha istiqbollarini belgilash va xorijiy investitsiyalarni jalb qilish uchun qulay sharoit yaratadi.

– O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash sohasida amalga oshirilayotgan tub o‘zgarishlar o‘z samaralarini bermoqda, – deydi Koreya Respublikasining “LKSH INC” kompaniyasi menejeri In Shil Jong. – Kompaniyamiz O‘zbekistondagi uch yillik faoliyati davomida tibbiyot turizmini yo‘lga qo‘yish orqali mamlakatingizda shifoxonalar bunyod etishni qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Kompaniyamiz ko‘magida o‘zbekistonlik bir guruh shifokorlar zamonaviy tibbiy texnologiyalarni boshqarish bo‘yicha Janubiy Koreyada malaka oshirib qaytdi.

Ko‘rgazmada mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilari bilan birga Xitoy, Janubiy Koreya, Rossiya, Qozog‘iston, Hindiston, Italiya, Shveytsariya, Chexiya, Ukraina singari mamlakatlardan 50 dan ziyod yetakchi kompaniya va firma ishtirok etmoqda. Ko‘rgazma stendlarida tibbiy laboratoriya, diagnostika, reabilitatsiya uskunalari va texnologiyalari, dori-darmonlar, maxsus mebellar, stomatologiya, fizioterapiya, kardiologiya, jarrohlik va boshqa sohalarda qo‘llaniladigan yangi preparatlar, vitaminlar, sanitariya-gigiyena vositalari namoyish etilmoqda.

– Mamlakatingizda tibbiyot sohasiga xorijiy sarmoyadorlarni jalb qilish maqsadida qulay investitsiya muhiti yaratilgan, – deydi Rossiyaning “Vektor-BiAlgam” aksiyadorlik jamiyati ish boshqaruvchisi Yevgeniya Kudryashova. – Kompaniyamiz vaksinalar, immunobiologik pribiotiklar ishlab chiqarish va yetkazib berish bilan shug‘ullanadi. Ushbu ko‘rgazmadan foydalanib, mahsulotlarimizni iste’molchilarga kengroq tanishtirish, O‘zbekistondagi ishlab chiqaruvchilar bilan hamkorlik o‘rnatish niyatidamiz.

13.JPG

Bugun barcha sohada bo‘lgani kabi sog‘liqni saqlash sohasida ham axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va rivojlantirishda qator yutuqlarga erishilmoqda. O‘zbekistonning “Fom Group” va Ukrainaning “Proxima Research” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari farmatsevtika sohasidagi kompaniyalar uchun hamkorlikda dasturiy ta’minot vositalari ishlab chiqaradi. Ular tomonidan taqdim etilayotgan ishlanmalar biznes jarayonini optimallashtirish va xizmat ko‘rsatish jarayonida tezkor, aniq ma’lumotlar olish imkonini beradi.

O‘zbekistonda stomatologik xizmat ko‘rsatish sifati va turi tobora kengaymoqda. “Intermed Innovation”, “AB Form Sistem”, “Shifo Nur Servis”, “Sun Gate International” kompaniya va firmalari tomonidan taqdim etilayotgan stomatologik uskunalar va materiallar, tishni davolash va protezlashning eng yangi texnologiyalari soha mutaxassislarida katta qiziqish uyg‘otmoqda.

– Forumda stomatologiya sohasidagi asbob-uskuna va mahsulotlarimiz bilan qatnashmoqdamiz, – deydi “Intermed Innovation” O‘zbekiston – Slovakiya qo‘shma korxonasi bosh direktori o‘rinbosari Shavkat Saidg‘aniyev. – Ular zamonaviy, qulay va ixchamligi, tashqi dizayni bilan ajralib turadi. Bunday ko‘rgazmalar salomatlik sohasini modernizatsiya qilish va yuqori texnologik tibbiy xizmat ko‘rsatishni takomillashtirishda muhim ahamiyatga ega.

Ko‘rgazma ishtirokchilari “Go‘zallik va salomatlik” bo‘limida kosmetologiya, estetik tibbiyot va plastik jarrohlik sanoatidagi yetakchi ishlab chiqaruvchilar tomonidan taqdim etilayotgan mahsulotlar, xizmatlar bilan tanishishi mumkin.

Ulug‘bek Shonazarov, A’lo Abdullayev (surat), O‘zA
1 261






Все о погоде - Pogoda.uz