O‘zA O`zbek

01.09.2018 14:46 Chop etish versiyasi

Termizda yana bir yirik korxona ish boshladi

Termizda yana bir yirik korxona ish boshladi
Termiz shahrida “Amudar Teks” Oʻzbekiston – Angliya qoʻshma korxonasi foydalanishga topshirildi.

Mustaqilligimizning 27 yillik bayramiga tuhfa boʻlgan yirik korxonaning ochilish marosimida mamlakatimizda soʻnggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar barcha yoʻnalishlarda boʻlgani kabi agrar tarmoqni izchil rivojlantirib, yurtimizning sanoat salohiyatini yanada yuksaltirishga xizmat qilayotgani alohida taʼkidlandi.

Tabiiy iqlim sharoit va unumdor tuproqqa ega Surxondaryo viloyatining fidoyi mirishkorlari paxta parvarishlashda boy tajribaga ega. Vohada yetishtirilayotgan tola sifati va sanoatbopligi bilan tayyor mahsulot ishlab chiqarishda muhim oʻrin tutadi. Viloyatda yigʻib olinayotgan xom ashyoni hududning oʻzida qayta ishlashga qaratilayotgan eʼtibor iqtisodiyotni rivojlantirib, aholi daromadlarini oshirish va ularning bandlik masalasini hal etishda muhim omil boʻlmoqda.

434fe502-3971-4c33-8346-097fca5d236f.jpg

Xorijning 13 million 500 ming dollar qiymatidagi zamonaviy uskunalari bilan jihozlangan mazkur qoʻshma korxona mahalliy sharoitda yetishtirilgan paxta xom ashyosidan yiliga 7 ming tonna sifatli ip-kalava ishlab chiqaradi. 700 kishi mehnat qiladigan yangi korxona bir yilda 10 million dollardan ortiq qiymatdagi raqobatbardosh tayyor mahsulotni eksport qilishi koʻzda tutilgan.

Tadbir ishtirokchilari qoʻshma korxonaning ish jarayoni bilan yaqindan tanishdi.

Korxonaning ochilish marosimida Surxondaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi B.Poʻlatov soʻzga chiqdi.

X.Mamatrayimov, J.Qoʻzimurodov (surat), OʻzA
2 518