Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

23.02.2018 18:13 Chop etish versiyasi

Termiz chinnilarining Tojikistonda ham xaridori ko‘p

O‘zbek va tojik azaldan ikki tilda so‘zlashuvchi bir xalq, yaqin qo‘shni sifatida ahil-inoq yashab kelmoqda.

Surxondaryo viloyatida ham tojik millati vakillarining tinch, farovon hayot kechirishi, vohada yuz berayotgan o‘zgarishlarda faol ishtirok etishi uchun barcha sharoit yaratilgan. Tojik milliy madaniy markazi faoliyat yuritmoqda. Boshqa millat vakillari bilan tinch-totuv turmush kechirayotgan tojik millati vakillari turli bayramlarda milliy urf-odatlari, san’ati, madaniyati va qadimiy hunarmandlik an’analarini keng tarannum etayotir.

Viloyatdagi ta’lim tojik tilida olib boriluvchi umumta’lim maktablarida navqiron avlod uchun barcha sharoit va imkoniyatlar mavjud. Termiz davlat universitetining tojik filologiyasi bo‘limida tojik millatiga mansub yigit-qizlar fan sirlarini puxta o‘rganib, O‘zbekistonga kerakli mutaxassislar bo‘lib yetishmoqda.

Ayni paytda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi azaliy do‘stlik va yaqin qo‘shnichilikka asoslangan hamkorlik savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda rivojlanib, ishbilarmonlarimiz o‘rtasida o‘zaro manfaatli aloqalar mustahkamlanishiga xizmat qilayotir. O‘tgan yili surxondaryolik tadbirkorlar tomonidan Tojikiston Respublikasiga tuxum, chinni buyumlar va boshqa tayyor mahsulotlar yetkazib berish yo‘lga qo‘yilgani buning yorqin dalilidir.

Viloyat markazidagi zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan “Surxon Termiz chinni” mas’uliyati cheklangan jamiyatida 45 turdagi nafis chinni buyumlari ishlab chiqarilmoqda. Bu yerda tayyorlanayotgan chinnilar nafaqat ichki bozor, balki qo‘shni Afg‘oniston va Tojikiston davlatlarida ham o‘z xaridorlariga ega.

– Tojikistonlik hamkorlar buyurtmasi asosida o‘tgan yil oxirida ushbu mamlakatga chinni eksport qilishni boshladik, – deydi “Surxon Termiz chinni” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari R.Ne’matullaev. – Mahsulotlarimiz xaridorlarga manzur bo‘lmoqda. 2018 yilning dastlabki oyida yana 150 ming dollarlik mahsulotga buyurtma oldik. Mahsulotlarning sifati va ularni tojikistonlik buyurtmachilarga o‘z vaqtida yetkazib berishga alohida e’tibor qaratmoqdamiz.

Tadbirkorlarimiz o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan bunday hamkorlik mamlakatlarimiz iqtisodiyotini rivojlantirish va xalqlarimiz farovonligiga munosib hissa bo‘lib qo‘shilayotir.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA
5 538