2016-yilda Farg‘ona viloyatida yengil sanoat yo‘nalishida 130 dan ortiq loyiha ishga tushdi
“Made in Uzbekistan” yorlig‘i tushirilgan mahsulotlar bugun jahon bozoridan mustahkam o‘rin egallamoqda. Farg‘ona viloyatidagi yengil sanoat korxonalari tomonidan ishlab chiqarilayotgan sifatli mahsulotlar ham xorijlik xaridorlarga manzur bo‘lmoqda.
“Made in Uzbekistan” yorlig‘i tushirilgan mahsulotlar bugun jahon bozoridan mustahkam o‘rin egallamoqda. Farg‘ona viloyatidagi yengil sanoat korxonalari tomonidan ishlab chiqarilayotgan sifatli mahsulotlar ham xorijlik xaridorlarga manzur bo‘lmoqda.Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar jarayonida xorijiy sarmoyalarni jalb etgan holda ishlab chiqarishni kengaytirish, korxonalar eksport salohiyatini yuksaltirishga qaratilayotgan alohida e’tibor iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, aholi farovonligini yuksaltirishda muhim omil bo‘layotir.
O‘tgan yili viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi doirasida yengil sanoatda 130 dan ortiq loyiha ishga tushirildi. Qo‘qon shahridagi “Indorama Kokand Tekstayl” qo‘shma korxonasi, Beshariq tumanidagi “Beshariq to‘qimachi”, Uchko‘prik tumanidagi “Xumo to‘qimachi” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari, Bag‘dod tumanidagi “Fergana spinning” qo‘shma korxonasi kabi ko‘plab korxonalarda istiqbolli loyihalar amalga oshirilib, yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarish o‘zlashtirildi. Farg‘ona shahrida ish boshlagan “Fergana oseana textile” O‘zbekiston – Tailand qo‘shma korxonasi yiliga 3 ming 600 tonna paxta xomashyosidan sifatli ip-kalava ishlab chiqarish quvvatiga ega. Korxona mahsulotlari Yevropa davlatlari, Rossiya va Xitoyga eksport qilinmoqda.
Marg‘ilon shahridagi “Teksajen” mas’uliyati cheklangan jamiyatida keyingi uch yilda keng ko‘lamli modernizatsiya ishlari amalga oshirilib, zamonaviy texnologiyalar o‘rnatildi. Ishlab chiqarish quvvati va mahsulot sifati yanada oshgan korxonada ayni paytda 100 dan ziyod ishchi mehnat qilmoqda. Ishlab chiqarilayotgan ip-kalava mahsulotlari raqobatbardoshligi va yuqori sifati bilan xaridorlarga manzur bo‘layotir. Mazkur jamiyatda kuniga 8 tonnaga yaqin ip-kalava ishlab chiqarilib, tayyor mahsulotlar Rossiya, Xitoy, Eron va Turkiya davlatlariga eksport qilinmoqda.
Marg‘ilon yengil sanoat va turizm kasb-hunar kollejining bir guruh o‘quvchilari har yili bu yerda amaliyot o‘tab, o‘zlarining muqim ish joyiga ega bo‘lmoqda. Gulmira Mamadaliyeva, Nigora Usmonova, Feruza Qo‘chqorova, Muborak Saidova, O‘g‘ilxon Mashrapova, Zamira Erkaboyeva kabi yosh mutaxassislar mehnatsevarligi bilan qisqa vaqtda jamoada hurmat-e’tibor qozondi.
Raqobat tobora kuchayib borayotgan xalqaro bozordagi o‘zgarishlar sifatli, eksportbop mahsulot turini ko‘paytirishni taqozo etmoqda. Mamlakatimizda eksportchi korxonalarning har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotgani ishlab chiqarishni rivojlantirish va eksport hajmini oshirish imkoniyatini kengaytirmoqda. Joriy yilda korxonada yangi loyiha asosida choyshablar, bolalar futbolkalari va paypoqlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.