Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

10.08.2017 17:49 Chop etish versiyasi

Lazer uskunasi yordamida yerni tekislashning afzalligi

Qoraqalpog‘iston Respublikasining Chimboy tumanida “Lazer yordamida yerlarni tekislash va sho‘rlanishning oldini olish hamda suvni tejash texnologiyasi asoslari” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturining Adaptatsiya fondi va O‘zbekiston Respublikasi hukumati tomonidan amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonning qurg‘oqchil hududlarida joylashgan fermer va dehqon xo‘jaliklarida iqlim barqarorligini ta’minlash” loyihasiga muvofiq tashkil etilgan tadbirda Mo‘ynoq, Kegeyli va Chimboy tumanlari fermerlari, qishloq xo‘jaligi mutaxassislari ishtirok etdi.

Mo‘ynoq, Taxtako‘pir, Chimboy, Kegeyli va Qanliko‘l tumanlarida amalga oshirilayotgan mazkur loyihaga ko‘ra, iqlim o‘zgarishiga mos qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishning barqarorligini ta’minlash, yaylovlarni kengaytirish, landshaft darajada tuproqni degradatsiyadan muhofaza qilish, namlikni saqlash, Orol dengizi tubida ko‘chma qumlarni to‘sish bo‘yicha amaliy ishlar qilinmoqda.

Ishtirokchilar lazer uskunasi yordamida yerni tekislashning afzalliklari, buning natijasida suvni tejash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar samaralari bilan tanishdi.

– Ushbu usulda tekislangan ekin maydonlarini sug‘orishda 25 foizgacha suvni tejash va hosildorlikni 10 foiz oshirishga erishilmoqda, – deydi loyiha mutaxassisi Ozod Tleumuratov. – Bizning sharoitimizda bu juda yaxshi ko‘rsatkich. Boisi, ekin maydonlaridagi baland-pastlik ayrim dalalarda 50 santimetrgacha farq qiladi. Bunday sharoitda ekin bir tekis qonib suv ichmaydi, hosildorlik kutilganidan ancha kam va suv sarfi juda yuqori bo‘ladi.

Loyihaga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha yerlarni lazer usulida tekislash uchun 7 zamonaviy uskuna keltirilib, Chimboy tumanidagi “Juzbasi” hamda “Alimbet ko‘l” fermer xo‘jaliklariga, Qanliko‘l tumanidagi “Agrotexservis” mas’uliyati cheklangan jamiyati va “Shomurat mexanik” fermer xo‘jaligiga, Mo‘ynoq tumanidagi “Qozoqdaryo” ovul fuqarolar yig‘ini hududidagi “Mo‘ynoq hosildor” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga, Taxtako‘pir tumanidagi “Adilet taxta” mashina-traktor parki va Kegeyli tumanidagi “Agrotexservis” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga berildi. Bu xo‘jaliklarda ekin maydonlari ana shu usulda tekislanib, dehqonchilik qilinmoqda.

– Lazer uskunasi yordamida tekislangan yerda dehqonchilik qilish har tomonlama samarali, – deydi Chimboy tumanidagi “Juzbasi” fermer xo‘jaligi rahbari Jetkergen Abdurasulev. – Xo‘jaligimiz tasarrufidagi 90 gektar yerning 35 gektariga bug‘doy, 40 gektariga paxta ekdik. 7 gektar bog‘ va 2 gektar tokzor ham zamonaviy texnologiya asosida tekislangani yaxshi samara bermoqda. Bu yil gektaridan 60 sentnerdan g‘alla olishga erishdik. Gektariga 1 ming 400 kubometr suv tejab qolindi, rentabellik 18 foizni tashkil etdi.

Ushbu yangi texnologiya qo‘llanilishi samarasida suvdan oqilona foydalanish, hosildorlikni sezilarli darajada oshirish bilan birga, tuproq sho‘rlanishining oldini olishga ham erishilmoqda.

Aminboy Ortiqboyev, O‘zA
1 865






Все о погоде - Pogoda.uz