O‘zA O`zbek

22.08.2019 Chop etish versiyasi

Tashqi ishlar vazirligida AQSh Davlat kotibi o‘rinbosari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Tashqi ishlar vazirligida AQSh Davlat kotibi o‘rinbosari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov 22 avgust kuni mamlakatimizga amaliy tashrif bilan kelgan AQSh Davlat kotibining siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Devid Heylni qabul qildi.

Uchrashuvda ikki va ko‘p tomonlama hamkorlik, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Muloqot chog‘ida O‘zbekiston – AQSh o‘rtasidagi sheriklik munosabatlari yuqori sur’atda rivojlanib borayotgani, bunda turli darajada delegatsiyalar almashinuvi, xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning o‘tgan yil may oyida Vashingtonga rasmiy tashrifi, uning doirasida Prezident Donald Tramp va AQSh ma’muriyati yuqori martabali a’zolari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvlar muhim o‘rin tutayotgani alohida ta’kidlandi.

AQSh bilan investitsiya, mamlakatni iqtisodiy va texnologik modernizatsiya qilish, ilg‘or tajribani o‘rganish sohasida yaqin hamkorlik O‘zbekiston uchun ustuvor yo‘nalish ekani qayd etildi.
Muzokaralarda madaniy-gumanitar sohalarda konstruktiv aloqalarni yanada rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Tomonlar o‘zaro manfaatli sohalardagi aloqalarni mustahkamlash va kengaytirishga sodiq ekanliklarini yana bir bor tasdiqladi.
Devid Heyl O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarni yuksak baholadi va AQSh tomoni qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda, shu jumladan, ta’lim yo‘nalishidagi almashinuvlarni faollashtirishda yaqindan ko‘mak berishga tayyor ekanini bildirdi. 
Tadbirda, shuningdek, kun tartibidan o‘rin olgan boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi.

Muzokaralarda AQShning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Daniel Rozenblum ishtirok etdi.

7 292
O‘zA