O‘zA O`zbek

25.06.2018 15:22 Chop etish versiyasi

Takroriy pilla yetishtirish muvaffaqiyatlari nimalarda namoyon bo‘lmoqda?

Takroriy pilla yetishtirish muvaffaqiyatlari nimalarda namoyon bo‘lmoqda?
2017-yilda o‘zbek pillachiligi tarixida yangi sahifa ochilgan edi. Ya’ni ko‘pchilikning tasavvuriga ham sig‘magan ish – takroriy pilla yetishtirish muvaffaqiyatli yo‘lga qo‘yildi. Mamlakatimiz bo‘yicha ikki marta, Surxondaryo va Buxoro viloyatlarida esa hatto uch marta ipak qurti parvarishlanib, sanoatbop pilla olindi.

Ana shunday yutuqdan ruhlangan pillakorlarimiz joriy yilda barcha hududlarda uch marta “kumush tola” yetishtirishga ahd qildilar. Shu bois aprel oyida 330 ming quti ipak qurti urug‘i jonlantirildi. Ayni vaqtda hosilning asosiy qismi yig‘ib olindi. Shartnoma rejasini bajarmaganlarga esa qo‘shimcha yana 12,5 ming quti urug‘ tarqatildi.

Birinchi mavsumni ikkinchi mavsumga ulab yuborgan pillakorlarimiz may oyining oxiri, iyun oyining boshi bilan 20 ming quti qurtni parvarishlashni boshlab yuborishdi. Albatta, bunda pilla ozuqa bazasi ham hisobga olindi.

Endigi navbat uchinchi hosilga. Avgustda boshlanadigan bu mavsumda 40 ming quti urug‘ tarqatish va hosilni sentyabrda yig‘ib olish rejalashtirilgan.

Demak, endilikda yurtimizda pilla yetishtirish jarayoni bir yilda olti oy davom etadi. Kuzning ikki oyida daraxt ekish va bahorning ikki oyini ko‘chat yetishtirish uchun sarflash mo‘ljallanmoqda. Ana shunday yumushlar hisobidan joriy yilda 410 mingta mavsumiy va qariyb 15 mingta doimiy ish o‘rinlari yaratildi. Tizimdagi pillani qayta ishlash fabrikalari to‘liq quvvatlarda ishlamoqda.

Sir emas, keyingi yillarda aholi orasida ipak qurti parvarishlashga ishtiyoq susaygan edi. Oqibatda pilla yetishtirish, uni chuqur qayta ishlash va eksport qilish ko‘rsatkichlari keskin tushib ketdi. Ana shunday vaziyatda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 29-martdagi qarori bilan “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi tashkil etilgach, sohada yuksalish, rivojlanish sezila boshladi.

Ayniqsa, qarorda pillachillarning moddiy manfaatdorligi oshirilib, har tomonlama g‘amxo‘rlik ko‘rsatilgani yo‘qotilgan ishonchni qayta tikladi. Gap shundaki, uy sharoitida pilla yetishtirgan fuqarolar daromad solig‘idan ozod qilinib, ularning bir mavsum ishlagan davrlari pensiya tayinlash uchun bir yil mehnat stajiga o‘tishi huquqiy jihatdan kafolatlangani pillachilik bilan shug‘ullanib kelayotgan opa-singillarimiz uchun juda katta rag‘bat bo‘ldi.

Shu bilan birga, xorij tajribasi chuqur o‘rganilib, innovatsion g‘oya va texnologiyalar keng joriy etila boshlandi. Xususan, pilla parvarishlash bilan band aholining bilimlarini yanada oshirish maqsadida joriy yilda yurtimizga 46 nafar xorijlik mutaxassis taklif etildi. Ular mavsum davomida o‘z tajribalarini pillakorlar bilan o‘rtoqlashdi. Bunda ipak qurti urug‘ini jonlantirish, ozuqa yetishtirishdan boshlab, soha uchun zarur uskuna hamda jihozlar yetkazib berish, qayta ishlash bosqichlariga ilg‘or ishlanmalarni tatbiq qilishgacha bo‘lgan yumushlar keng qamrab olingan.

Innovatsion pillaxonalar yangi jarayonda muhim ahamiyatga ega. Ushbu pillaxonalarning afzalliklari juda ko‘p bo‘lib, mavjud tutzorlar yaratish va uning atrofida pilla boqish maskanlari barpo etish orqali ish o‘rni yaratish, hosilning sifatini oshirish, aholining mehnatini yengillashtirishga xizmat qiladi. Ularda ipak qurti Xitoy texnologiyasi asosida plyonka ostida parvarishlanayotgani bois ozuqa sarfi 30 foizgacha kamayadi. Shuningdek, barg qotib qolib, behuda yo‘qotilishining oldi olinadi. Hududlar tabiiy-iqlim sharoiti inobatga olingan holda, imorati to‘liq mahalliy xomashyodan qurilgani tufayli esa iqtisodiy jihatdan tejamlidir. Yana bir muhim tomoni, bahorda issiq, yozda salqin bo‘lishi hisobiga energiya resurslari sarfi kamdir. Eng asosiysi, mazkur usulda sun’iy dastadan foydalanilishi tufayli jahon standartlariga mos, yuqori sifatli pilla olinadi.

Misol uchun, mavjud 477ta pillaxonaning har birida 50 qutidan ipak qurti boqilsa, 23 ming quti pilla boqish imkoniyati mavjud. Yil oxiriga qadar yana 256 innovatsion pillaxona qurib bitkazilishi esa samaradorlikni oshirish bilan bir qatorda, mehnat unumdorligini ham oshiradi.

O‘zA
6 500