Tadbirkorlarning tashabbuskorlik salohiyati namoyishi
Poytaxtimizda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun “Tashabbus – 2016” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichi yakunlandi.
Poytaxtimizda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun “Tashabbus – 2016” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichi yakunlandi.Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan tashkil etilgan an’anaviy «Tashabbus» ko‘rik-tanlovi 20-yildan buyon o‘tkazib kelinmoqda. Tadbir O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi, Fermerlar kengashi va “Hunarmand” uyushmasi tomonidan vazirlik va idoralar ko‘magida tashkil etildi.
Tadbirkorlarning har yili o‘tkazilayotgan ushbu tashabbus marafoni xalqimizning har bir oila, butun yurtimiz farovonligi uchun intilayotganidan dalolat beradi. «Tashabbus – 2016» ko‘rik-tanlovi ham buni yorqin tasdiqladi. Tanlovda mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy hayotida, ichki bozorni sifatli tovar va xizmatlar bilan to‘ldirish, aholi farovonligini yuksaltirish hamda bandligini ta’minlashda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik nechog‘li muhim o‘rin tutishi namoyon bo‘ldi.
Ushbu forumda ishtirok etish istagida bo‘lganlar soni yildan-yilga ortib borayotgani uning ahamiyati va ko‘lami kengayib borayotganidan dalolat beradi. Masalan, joriy yilda ushbu tanlovning tuman va shahar bosqichlarida 7 ming 700 dan ziyod tadbirkor, fermer va hunarmand qatnashdi. Ularning 540 nafardan ortig‘i hududiy bosqichlarda ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi. Hakamlarning yuqori baholariga sazovor bo‘lgan 41 ishtirokchi “Tashabbus – 2016” ko‘rik-tanlovining mamlakat bosqichiga yo‘llanma oldi.
«Turkiston» saroyida tashkil etilgan ekspozitsiyada oziq-ovqat mahsulotlari, tibbiyot preparatlari, maishiy texnika, liboslar, mebel mahsulotlari, zargarlik bezaklari, gilamlar, qurilish materiallari va boshqa ko‘plab mahsulotlar taqdim etildi. Har bir eksponent stendida tadbirkorlik faoliyatining yutuqlari va imkoniyatlari namoyish qilindi.
Qoraqalpog‘istonlik tadbirkor Murotbek Tanirbergenov ulardan biri. Uning 2009-yilda faoliyat boshlagan «Muratbek Mebel» korxonasida uy va ofis uchun yuqori sifatli va zamonaviy dizayndagi mebel ishlab chiqarilmoqda. 2015-yilda mahsulot turini ko‘paytirish maqsadida Italiya va Germaniyadan maxsus uskunalar keltirib o‘rnatdi. Bu esa ISO 9001-2015 xalqaro sifat standartiga ega bo‘lish imkonini berdi.
– 2014-yilda qiymati 2,4 milliard so‘mlik mebel ishlab chiqardik, – deydi M.Tanirbergenov. – O‘tgan yili bu ko‘rsatkich 3,4 milliard so‘mdan oshdi va bu yil sayin rivojlanib borayotganimizdan dalolat beradi. Bunday samaradorlikka Prezidentimizning tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlayotgani, mamlakatimizda biznes yuritish uchun yanada qulay sharoitlar yaratilayotgani, imtiyoz va preferensiyalar berilayotgani tufayli erishmoqdamiz.
Darhaqiqat, mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga samarali faoliyat ko‘rsatishi uchun keng imkoniyatlar yaratilgan. Bu borada amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida mamlakatimiz yalpi ichki mahsuloti tarkibida xususiy sektor ulushi 2000-yildagi 31 foizdan o‘tgan yili 56,7 foizga yetdi. Ayni paytda sanoat mahsulotlarining uchdan bir qismi va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining 98 foizi iqtisodiyotimizning ushbu sektorida ishlab chiqarilayotir. Davlatimiz rahbarining 2015-yil 15-maydagi «Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni bu boradagi imkoniyatlarni yanada kengaytirdi.
Surxondaryolik Xushboq Eshnazarov ham mamlakatimizda yaratilgan sharoitlardan unumli foydalanib kelayotgan fermerlardan. Uning ko‘p tarmoqli «Nurmat Xo‘jaqulov» fermer xo‘jaligida paxta, g‘alla yetishtishtirish bilan birga, qoramol, parranda parvarishlanmoqda. Intensiv olma bog‘i, bodring, pomidor va limon yetishtiriladigan issiqxonalar barpo etilgan. Bundan tashqari, sutni qayta ishlash va sut mahsulotlari ishlab chiqarish sexi ham faoliyat ko‘rsatmoqda.
Fermer o‘z mahsulotlarini «Turkiston» saroyida keng namoyish qildi. Xo‘jalik yutuqlari bilan qiziqqan ishtirokchilar biznes yuritish borasida tajriba almashdi. Bunday salmoqli yutuqlarga qanday erishdingiz, degan savolga fermer shunday javob berdi:
– Saxovatli zaminimiz farovonligimiz manbaidir. Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida yerdan unumli foydalanish uchun barcha huquqiy va iqtisodiy sharoitlar yaratilgan. Aynan shu bois bugun biz nafaqat qishloq xo‘jaligi mahsulotlari tayyorlash, balki peshona terimiz bilan yetishtirilgan hosilni qayta ishlash, tayyor mahsulotni eksport qilish imkoniyatiga ham egamiz. Ilgari bular haqida hatto orzu ham qilolmas edik.
Mustaqillik yillarida qishloq xo‘jaligida keng ko‘lamli tarkibiy o‘zgarishlar ro‘y berdi. Hozirgi kunda fermer xo‘jaliklari haqli ravishda qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishining yetakchi bo‘g‘ini va uni tashkil etishning asosiy shakliga aylandi. Fermerlarimizning fidokorona mehnati tufayli har yili mo‘l hosil yetishtirilmoqda. Masalan, 2015-yilda 7,5 million tonnadan ziyod g‘alla, 3,5 million tonnadan ortiq paxta, 12,5 million tonnadan ortiq sabzavot, 1,8 million tonna poliz mahsulotlari va 2,7 million tonnadan ziyod meva yig‘ishtirib olindi.
Hunarmandlarning rang-barang stendlari “Tashabbus – 2016” ko‘rik-tanloviga kelganlarning alohida e’tiborini tortdi. Xalq ustalari tomonidan yaratilgan noyob byumlarni ko‘rib, ularning badiiy fantaziyasi va mahoratiga qoyil qolasiz. Bu yerda Sharq miniatyurasi asarlari, yog‘ochdan yasalgan, sopol buyumlar, zargarlik bezaklari, bolalar krovati va beshiklar, boshqa ko‘plab turli mahsulotlarni ko‘rish mumkin.
– Ilgari hunarmandlar turli taqiqlar sababli uyida yashirincha ishlashga majbur edilar, – deydi Toshkent viloyatidan Murodjon O‘rmonov. – Boshqacha aytganda, erkin faoliyat yuritish, iste’dod va ijodiy salohiyatni namoyish qilish uchun sharoit yo‘q edi. Mustaqillik tufayli mahsulotlarimizni erkin ishlab chiqarish, sotish, hatto xalqaro ko‘rgazmalarda qatnashish imkoniyatiga ega bo‘ldik. O‘tgan yili 45 million so‘m sof daromad oldim va bu ko‘rsatkich yanada oshishiga ishonaman. Negaki, katta rejalar tuzganman.
Ha, bugun tadbirkoru hunarmandlarimiz shunday istiqbolli rejalarga ega. Zero, O‘zbekistonda madaniy an’analarimizni asrab-avaylash va yanada rivojlantirish, xalq ustalarini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayni Navro‘z kunlari tadbirkorlar o‘zining xilma-xil sifatli mahsulotlari, bejirim va nodir buyumlarini namoyish etgani ham fikrimizni tasdiqlaydi. Bu esa kichik biznes va xususiy tadbirkorlik izchil rivojlanib borayotganidan dalolat beradi va boshqa yurtdoshlarimizni ham o‘z ishini yo‘lga qo‘yishga undaydi.
An’anaga ko‘ra, «Turkiston» saroyida «Tashabbus – 2016» ko‘rik-tanlovi g‘oliblarining nomi tantanali ravishda e’lon qilindi.
G‘oliblar uchta asosiy – «Yilning eng yaxshi tadbirkori», «Yilning eng yaxshi fermeri» va «Yilning eng yaxshi hunarmandi» yo‘nalishlari, shuningdek, «Yilning eng yosh tadbirkori», «Yilning eng yaxshi tadbirkor ayoli», «Eng yaxshi innovatsion loyiha», «Yoshlar uchun eng ko‘p ish o‘rinlari tashkil qilgan tadbirkor», «Mening Vatanim – mening faxrim», «Eng yaxshi oilaviy biznes sohibi», «Oziq-ovqat sanoatida yilning eng yaxshi tadbirkori», «Yilning eng yaxshi mahsuloti», «Yilning eng yaxshi eksportchisi» va «Eng yaxshi mas’uliyatli ijtimoiy sherik» kabi qo‘shimcha nominatsiyalar bo‘yicha aniqlandi.
«Yilning eng yaxshi tadbirkori» nominatsiyasida Namangan viloyatidan «Aisha Home Textile» qo‘shma korxonasi rahbari Jobir Kamoliddinov g‘olib bo‘ldi. Mazkur korxona to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.
Toshkent viloyatidan Ismatilla Dadaboyev «Yilning eng yaxshi fermeri» deb topildi. Uning rahbarligidagi xo‘jalikda paxta va g‘alla yetishtiriladi, qoramol va parranda parvarish qilinadi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari qayta ishlanadi.
Toshkent shahridan Madina Qosimboyeva «Yilning eng yaxshi hunarmandi», deb e’lon qilindi. U kashtachilik va so‘zana mahsulotlari ishlab chiqaradi.
– Bunday nufuzli tanlovda g‘olib bo‘lish katta sharaf, – deydi 2016-yilning eng yaxshi tadbirkori Jobir Kamoliddinov. – Raqobat juda kuchli bo‘ldi. Chunki, ko‘rik-tanlovda eng muvaffaqiyatli va istiqbolli tadbirkorlar qatnashdi. Yurtimizda bunday uddaburon va tashabbuskorlar ko‘p va ular turli sohalarda faoliyat yuritmoqda. Istiqbolga belgilagan rejalarimiz talaygina, jumladan, xalqaro bozorga chiqishni mo‘ljallayapmiz. Shu bois yanada ko‘proq mehnat qilib, menga ko‘rsatilgan ishonchni oqlashga harakat qilaman.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari U.Rozuqulov ishtirok etdi.